date

Fransiya Luvri o‘z xazinasini o‘g‘rilikdan so‘ng bankka joylashtirdi

Fransiya Luvri o‘z xazinasini o‘g‘rilikdan so‘ng bankka joylashtirdi

Fransiyadagi dunyoda mashhur Luvr muzeyi xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Reuters agentligi yozishicha, o‘tgan haftadagi jinoyat voqeasidan so‘ng muzey o‘zining eng qimmatbaho javohirlaridan bir qismini Fransiya bankiga ko‘chirdi.

Ma’lum qilinishicha, Apollon galereyasi — ya’ni qirollik tojiga oid noyob durdonalar saqlanadigan bo‘limdan ayrim eksponatlar 24-oktyabr kuni politsiya kuzatuvi ostida Fransiya bankining maxsus omboriga yetkazilgan.

Bank mamlakatning oltin zaxiralarini yer ostidagi 27 metr chuqurlikda joylashgan ulkan omborxonada saqlaydi. U Sena daryosining o‘ng sohilida, Luvrdan bor-yo‘g‘i 500 metr uzoqlikda joylashgan. Shu bilan birga, na Luvr, na Fransiya banki rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Eslatib o‘tish joiz, 19-oktyabr kuni muzey kolleksiyasidan taxminan 102 million dollarlik sakkizta qimmatbaho buyum o‘g‘irlab ketilgandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar ish vaqtida kran yordamida muzeyning yuqori qavatiga kirib, oynasi orqali ichkariga tushishgan va javohirlarni olib, mototsikllarda qochib ketishgan.

Barcha jarayon atigi 4 daqiqa davom etgani aytilmoqda. O‘g‘irlikni amalga oshirganlar xodim libosida bo‘lgani ham aniqlangan. Bu holat nafaqat Fransiyada, balki butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari yozishicha, ko‘plab fransuz fuqarolari va madaniyat arboblari bu voqeani milliy sharmandalik sifatida baholagan. Hukumat esa madaniy boyliklarni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rishni boshlagan.

Ta’kidlanishicha, Luvr muzeyining tarixida bu kabi yirik o‘g‘irlik holatlari juda kam kuzatilgan. Ammo so‘nggi voqea Fransiyaning madaniy merosi va javohirlar xavfsizligi masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiya Luvri o‘z xazinasini o‘g‘rilikdan so‘ng bankka joylashtirdi