
Yevropada narkobiznes yana yangi qiyofa kasb etdi. Uyushgan jinoiy guruhlar endi kokainni tashishning ilgari eshitilmagan usullaridan foydalanmoqda. Ular bu moddani meva sharbati, ziravor va hatto plastmassa mahsulotlari ichiga yashirishni o‘rganib olgan. Bu haqda Germaniya Federal jinoiy idorasi rahbari Holger Myunx ma’lum qildi, deb xabar berdi DW.com.
Holger Myunxning so‘zlariga ko‘ra, narkotik kontrabandasi endilikda oddiy port orqali yuk yetkazish bilan cheklanmayapti. Endi savdogarlar mini suvosti kemalari, tezkor shishirilgan qayiqlar va maxsus kapsulalardan ham foydalanmoqda. Bu usullar kokainni dengiz orqali Yevropaga yashirincha yetkazish imkonini berayotgani aytiladi.
Tahlillarga ko‘ra, narkokartellar Janubiy Amerikadan kelayotgan ziravorlar va meva sharbatlariga kokainni maxsus kimyoviy jarayon orqali qo‘shishni o‘rgangan. U natijada mahsulot bilan shunday aralashadiki, port va aeroportlardagi standart tekshiruvlarda uni aniqlash deyarli mumkin emas.
Keyin esa bu aralashmalar Yevropaning ayrim sanoat hududlarida joylashgan yashirin laboratoriyalarda qayta ishlanib, kokain tozalangan holda tayyor mahsulot sifatida tarqatiladi.
Myunx ta’kidlaganidek, bu tendensiya nafaqat Germaniya, balki butun Yevropa xavfsizlik tizimini jiddiy tashvishga solmoqda. “So‘nggi yillarda kontrabandaning asosiy markazi Belgiya va Niderlandiyadan Ispaniya va Fransiyaga ko‘chdi. Bu Yevropa yuk yo‘nalishlarida yangi ‘narkologistika’ tarmog‘i paydo bo‘lganini anglatadi”, — dedi u.
Yevropa huquq-tartibot organlari narkokartellar faoliyatini cheklash uchun qo‘shma reydlar va raqamli kuzatuv tizimlarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Ammo ekspertlar fikricha, savdogarlar har gal yangi usullarni o‘ylab topayotgani uchun kurash uzoq va og‘ir kechishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!