
Buyuk Britaniyada jazo tizimida yirik xato aniqlandi — 2024-yilning martidan 2025-yilning martigacha bo‘lgan bir yil ichida 260 dan ortiq mahkum noto‘g‘ri qaror ortidan erkinlikka chiqib ketgan. Bu haqda hukumat statistikasiga asoslanib, “Sky News” telekanali ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 233 nafar mahkum qamoqxonalardan, yana 29 kishi sud zallaridan xatolik tufayli ozod etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 128 foizga ko‘p. Masala ayniqsa, efiopiyalik noqonuniy muhojir Xadush Kebatu bilan bog‘liq voqeadan so‘ng jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Kebatu jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan bo‘lib, uning ozod qilinishi butun mamlakat bo‘ylab qattiq noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 14 yoshli qiz va bir ayolga tegajog‘lik qilgani uchun Chelmsford magistrlar sudi tomonidan bir yilga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik uni deportatsiya qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligi xodimlariga topshirish uchun ozod etilgan, ammo bu jarayonda u qochib ketgan.
Esseks politsiyasi Kebatunun Londonga yo‘l olganini ma’lum qildi. Uning ilgari ham bir necha marta tegajog‘lik qilgani aniqlangan va bu holatlar sud tomonidan isbotlangan. Bu voqea ortidan Britaniyaning turli shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.
Norozilikchilar hukumatdan noqonuniy muhojirlarni mehmonxonalarda joylashtirish amaliyotini bekor qilishni talab qilishgan. Aslida, boshpana so‘rovchilar maxsus markazlarda joylashtirilishi kerak, ammo mamlakatda bunday markazlar soni yetarli emasligi ma’lum bo‘ldi.
Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil mart holatida mamlakat bo‘ylab 210 ta mehmonxonada 32 mingdan ortiq noqonuniy muhojir yashamoqda. “The Times” gazetasi yozishicha, ularni joylashtirish va ta’minlash Britaniya soliq to‘lovchilariga yiliga taxminan 4 milliard funt sterling xarajat keltiradi.
Hukumat bu tizimni isloh qilish niyatida. Rejaga ko‘ra, 2029-yilgacha muhojirlarni mehmonxonalarga joylashtirish amaliyoti butunlay tugatiladi. Shu bilan birga, qamoq tizimidagi xatoliklar bo‘yicha ham ichki tekshiruv boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda AQSHda ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan — 64 yoshli erkak 43-yil davomida nohaq qamoqda o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqqan, ammo ortidan yana hibsga olingan edi. Bu voqealar jahon bo‘ylab adliya tizimlaridagi kamchilik va inson xatosi oqibatlariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!