
Xitoyning Venchjou shahri va O‘zbekiston poytaxti Toshkent o‘rtasida yangi yuk aviayo‘li ishga tushirildi. Ushbu yo‘nalish global savdo mavsumiga, xususan, "Qora juma" xaridlar davriga moslashtirilib ochildi.
Bu haqda "Sinxua" agentligi xabar berdi. Yangilangan yo‘nalish Chjetszyan provinsiyasi va unga qo‘shni hududlardagi eksportchilar uchun logistika tarmog‘ini yanada kuchaytiradi.
Centrum Air aviakompaniyasiga tegishli ilk B767 samolyoti Venchjoudagi Lunvan aeroportidan 50 tonna mahsulot bilan Markaziy Osiyoga uchdi. Bu shahardan mintaqaga yo‘naltirilgan ilk yuk reysi sifatida qayd etildi.
Mazkur yo‘nalish ochilishi bilan Venchjou aeroporti endilikda Janubi-Sharqiy Osiyo, Shimoliy-Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyoni qamrab oluvchi 11 xalqaro yuk yo‘nalishiga ega bo‘ldi. Bu yo‘nalishlar Xitoy mahsulotlarini transchegaraviy elektron tijorat asosida Yevropa bozorlariga yetkazishda qo‘shimcha tranzit platforma yaratadi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.