date

Koreyada nolegal mehnat qiluvchi o‘zbekistonliklar ko‘paymoqda

Koreyada nolegal mehnat qiluvchi o‘zbekistonliklar ko‘paymoqda

Janubiy Koreyada faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari orasida noqonuniy maqomga o‘tayotganlar soni so‘nggi paytlarda keskin oshmoqda. Hozirda bu ko‘rsatkich qariyb 9 foizni tashkil etmoqda. Agar u 10 foiz chegarasidan oshsa, Koreya Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni to‘liq to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Bu haqda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov 17 yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan elchilar va tadbirkorlar ishtirokidagi uchrashuvda ma’lum qildi.

Elchining ta’kidlashicha, Koreyaga rasmiy tartibda borib, keyinchalik ish joyini tark etib, noqonuniy mehnat faoliyatiga o‘tayotgan fuqarolar soni ortib bormoqda. Ayni paytda Janubiy Koreyada taxminan 100 ming nafar o‘zbekistonlik istiqomat qiladi va ularning deyarli 9 foizi nolegal holatda ishlamoqda. Diplomat bu holat O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va imijiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini alohida ta’kidladi.

Muammo faqat mehnat migratsiyasi bilan cheklanib qolmayapti. U ta’lim sohasida ham kuzatilmoqda. Elchining so‘zlariga ko‘ra, Koreyaga til kurslari yoki oliy ta’lim muassasalariga o‘qish maqsadida kelgan ayrim yoshlar o‘qishni tashlab, ishlashga o‘tib, viza talablarini buzmoqda. Bu holat tartibli migratsiyaga jiddiy to‘sqinlik qilib, koreys ish beruvchilari orasida o‘zbekistonlik ishchilarga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, Alisher Abdusalomov Janubiy Koreya har yili O‘zbekistonga E-8 turdagi mavsumiy ish vizasi bo‘yicha 5 mingta kvota ajratishini, biroq amalda ushbu imkoniyatdan atigi 600 ga yaqin fuqaro foydalanayotganini ma’lum qildi. Ayni vaqtda O‘zbekistondan Koreyaga ishchilar faqat Migratsiya agentligi orqali rasmiy ravishda yuborilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyada tahsil olayotgan xorijiy talabalar orasida viza qoidalarini eng ko‘p buzuvchilar qatorida o‘zbekistonliklar ham bor. Xususan, 2024 yilda D-2 talabalik vizasi bilan kelib qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan talabalarning 13 foizi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri kelgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Koreyada nolegal mehnat qiluvchi o‘zbekistonliklar ko‘paymoqda