Ozon bank o‘zbekistonliklar uchun kartalar taqdim etmoqda

Rossiyaning Ozon banki O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlar fuqarolari uchun debit kartalar rasmiylashtirishni boshladi. Ushbu xizmatdan 90 dan ortiq mamlakat aholisi foydalanishi mumkin.
Xorijiy fuqarolar kartani olish uchun pasport va Rossiyada bo‘lish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak. Karta orqali oyiga 3 million rublgacha (462,5 million so‘m) naqd pul yechish, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, Ozon platformasida chegirmalar bilan xarid qilish va keshbek olish mumkin bo‘ladi.
Bank kelgusida kartalar ochish mumkin bo‘lgan davlatlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda. Ozon bank 2022 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u 2013—2021 yillar davomida Rossiya bozorida faoliyat yuritgan «Oney bank» bazasida yaratilgan.
Shu yilning iyul oyidan boshlab Ozon bank Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ostida qoldi. Biroq moliyaviy tashkilot SWIFT tizimidan uzib qo‘yilmagan, ammo tranzaksiyalarga cheklovlar joriy etilgan.