Oltin narxi keskin burilishdan so‘ng unsiyasi 5 ming dollardan pastga tushdi

Jahon bozorida oltin narxlari so‘nggi oylar ichidagi eng keskin pasayishni boshdan kechirdi. Tarixiy maksimum yangilangach, kotirovkalar keskin pastga burildi va ikki kun ichida qariyb 12% yo‘qotib, unsiyasi 5 ming dollardan ham pastga tushdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Pasayish 29 yanvar, payshanba kuni boshlangan: CME birjasida aprel f’yucherslari unsiyasi 5 626,8 dollargacha ko‘tarilib, savdo yakuniga borib 5 126 dollargacha tushib ketdi. Bu tebranish yil boshidan buyon eng katta kunlik harakat sifatida qayd etildi.
30 yanvar, juma kuni ham tushish davom etdi: shartnomalar narxi yana 7%dan ko‘proqqa pasaydi va ilk bor 4 959 dollar darajasigacha yetdi. Reuters tahlilchilariga ko‘ra, bunday qulashga rekord cho‘qqidan keyin investorlarning ommaviy ravishda foydani “qog‘ozda” mustahkamlashi — ya’ni pozitsiyalarni yopishi sabab bo‘lgan.
Oltin qiymatiga dollar kursining mustahkamlanishi hamda AQSH Federal zaxira tizimi rahbariyati bo‘yicha noaniqliklar ham bosim o‘tkazdi. KCM’ning bosh savdo tahlilchisi Tim Uoterer fikricha, bozor Fed’ning navbatdagi rahbari nomzodi bo‘yicha kutilayotgan xabarlar fonida “xavfsiz aktivlar”dagi ayrim pozitsiyalarni qayta ko‘rib chiqdi.
Material e’lon qilingan paytda aprel f’yuchersi unsiyasi 5 128,5 dollarni tashkil etib, avvalgi savdo yopilishiga nisbatan 4,76% past bo‘lib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!