Tojikiston–Afg'oniston chegarasida uch nafar qurollangan kontrabandachi yo'q qilindi

Tojikiston chegara qo'shinlari Afg'onistondan noqonuniy tarzda davlat chegarasini kesib o'tgan va qurolli qarshilik ko'rsatgan uch nafar kontrabandachi yo'q qilinganini ma'lum qildi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Davlat milliy xavfsizlik qo'mitasi Chegara qo'shinlari matbuot xizmati xabariga ko'ra, hodisa 29 yanvar kuni kechqurun Shamsiddin Shohin hududida joylashgan 0341-harbiy qismning “Bahorak” chegara zastavasi yaqinida sodir bo'lgan.
Badahshon viloyati tomondan besh nafar afg'on fuqarosi chegarani buzib o'tgan. Ular ortga qaytishga uringan paytda chegara naryadiga qarata o'q uzgan. Javob otishmasi davomida uch nafar huquqbuzar zararsizlantirilgan, yana ikki nafari Afg'oniston tomonga qochib ketgan.
Voqea joyidan halok bo'lganlarning jasadlari, uchta Kalashnikov avtomati, to'rtta magazin, 150 dona o'q-dori, qayiq, shuningdek gashish va opiy solingan yirik o'ramlar topilgan.
Chegara qo'shinlari davlat chegarasini himoya qilish va kontrabandaga chek qo'yish bo'yicha choralarni davom ettirayotgani, vaziyat nazoratda ekani bildirildi. Holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Mazkur hodisa bo'yicha bir qator jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Ular orasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi, kontrabanda, chegarani noqonuniy kesib o'tish hamda qurol saqlash bilan bog'liq bandlar bor.
Avvalroq ham Tojikiston–Afg'oniston chegarasida qurolli hujumga urinishning oldi olingani haqida xabar berilgandi. O'shanda terrorchi guruhning uch a'zosi Tojikiston hududiga kirishga uringan va maxsus amaliyot chog'ida yo'q qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!