Istanbulda o‘zbekistonlik ayolning boshi va kesib olingan oyoqlari chiqindi yonidan topildi

24 yanvar kuni Istanbulning Shishli tumanidagi Quyuulibog‘ ko‘chasida joylashgan chiqindi konteynerlaridan birida choyshabga o‘ralgan ayol jasadi aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, topilmani mahallada chiqindilarni saralab yuruvchi shaxs ko‘rib qolgan va darhol politsiyaga xabar bergan. Shundan so‘ng hudud o‘rab olinib, dalillarni yig‘ish ishlari olib borilgan.
Xabarlarga ko‘ra, ayolning boshi va kesib olingan oyoqlari solingan jomadon keyinchalik yaqin atrofdagi boshqa chiqindi joyidan topilgan. Huquq-tartibot idoralari voqea bo‘yicha kriminalistika guruhlarini jalb etib, jasadni sud-tibbiy ekspertizaga yuborgan. Ish yuzasidan Istanbul prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgani bildirildi.
Tergov davomida marhumaning shaxsi aniqlanib, u 37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekani ma’lum bo‘lgan. Rasmiylar barcha ehtimoliy versiyalar ko‘rib chiqilayotganini, ish jamoatchilik nazoratida ekanini ta’kidladi. Shuningdek, aeroport orqali Gruziyaga chiqib ketishga urinayotgan o‘zbekistonlik ikki gumondor ushlangani haqida ham xabar berilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!