date

Isroil nega Somalilandni tan oldi va bundan yana kim yutishi mumkin?

Isroil nega Somalilandni tan oldi va bundan yana kim yutishi mumkin?

26 dekabr kuni Isroil Somalining 1991 yildan beri amalda Mogadishodagi markaziy hokimiyatga bo'ysunmay kelayotgan qismi — Somaliland mustaqilligini tan oldi. Ushbu qaror nimaga tayanayotgani, Somaliland va xalqaro hamjamiyat buni qanday qabul qilgani hamda bu qadam Afrika shoxi mintaqasidagi katta siyosatga qanday ta'sir ko'rsatishi masalasi ekspertlar muhokamasiga sabab bo'ldi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.

Rossiya Fanlar akademiyasi tizimidagi Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Lyudmila Samarskaya fikricha, Tel-Avivning bu qadami “Ibrohim kelishuvlari”ni kengaytirish mantiqiga mos keladi. Uning aytishicha, jarayon biroz sustlashgan bir paytda, hamkorlar doirasiga qo'shimcha aktorni — hatto kvazidavlat bo'lsa ham — kiritish Isroil uchun hech bo'lmaganda ramziy jihatdan muhim muvaffaqiyat sifatida ko'rsatilishi mumkin.

Samarskaya Somalilandning geografik o'rni ham Isroil uchun ahamiyatli ekanini ta'kidlaydi. Respublika Afrika shoxida, Adan qo'ltig'i sohilida, husiylar (“Ansor Alloh”) faol bo'lgan Yamanga nisbatan yaqin hududda joylashgan. Bu omil logistika, razvedka yoki xavfsizlik nuqtayi nazaridan Tel-Avivni qiziqtirishi mumkin.

Shu bilan birga, ekspert Isroil uchun chet elda harbiy bazalar ochish odatiy amaliyot emasligini qayd etadi. Biroq Somaliland hududida allaqachon Isroilning muhim hamkorlaridan biri bo'lgan BAA bazasi mavjudligi e'tiborni tortadi.

Yana bir izohga ko'ra, Somalilandni tan olish Turkiya bilan strategik raqobat kontekstida ham ko'rilishi mumkin. Anqara mintaqadagi ta'sirini kuchaytirib bormoqda va Somalining janubida harbiy bazaga ega. Samarskaya buni bevosita harbiy qarama-qarshilikdan ko'ra, strategik raqobat sifatida baholaydi.

Isroil qarori xalqaro miqyosda kam uchraydigan darajada keng va turli geografiyadagi norozilik to'lqinini keltirib chiqardi. Somali hukumati Somalilandni mamlakatning “ajralmas, bo'linmas va begonalashtirib bo'lmaydigan” qismi deb atadi. TIV esa xorijiy harbiy bazalar yoki mamlakatni bilvosita mojarolarga tortishi, mintaqadagi kuchlar muvozanatini o'zgartirishi mumkin bo'lgan mexanizmlar paydo bo'lishiga yo'l qo'ymasligini bildirdi.

Mintaqadagi boshqa o'yinchilar ham keskin munosabat bildirdi: Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni va Jibuti Somalilandni tan olish Afrika shoxidan tashqarida ham separatistik kayfiyatlarni rag'batlantirishi mumkin bo'lgan “xavfli presedent” ekanini ta'kidladi.

Hatto Isroilning asosiy ittifoqchilari ham bu masalada Tel-Avivdan masofa saqlashni afzal ko'rdi. Donald Tramp, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan yaqin shaxsiy va ishbilarmonlik aloqalariga qaramay, AQSh tomonidan Somalilandni tan olish ehtimolini qisqa “yo'q” javobi bilan rad etdi.

Taxminan 50 ga yaqin davlatni birlashtirgan Afrika ittifoqi komissiyasi rahbari dekolonizatsiyadan keyin shakllangan chegaralar daxlsizligi tamoyiliga sodiqligini tasdiqladi. BMT ham xuddi shunday pozitsiyani egallab, Somalilandni tan olishni xalqaro huquq va Somalining suverenitetini mustahkamlovchi rezolyutsiyalarga zid, deb baholadi.

Isroil qarorini ochiq qo'llab-quvvatlagan kam sonli tomonlardan biri Tayvan bo'ldi. Uning TIV bayonotida Tayvan, Isroil va Somaliland “demokratiya, erkinlik va qonun ustuvorligi” kabi umumiy qadriyatlarni bo'lishuvchi, hamfikr demokratik hamkorlar ekani qayd etildi.

Somalilandning o'zida esa munosabat bir xil bo'lmadi, deydi London universitet kolleji professori, Afrika shoxi mamlakatlaridagi siyosiy rivojlanish hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar bo'yicha mutaxassis Maykl Uolls. Uning fikricha, bu tan olishning amaliy samarasi katta emas, biroq ramziy ta'siri kuchli bo'ldi.

Uollsga ko'ra, ko'plar buni 34 yillik sa'y-harakatlarning mantiqiy cho'qqisi sifatida ko'rmoqda va Isroil ortidan boshqalar ham tan oladi, degan umid bor. Ichki siyosatda esa bu qaror hech bo'lmaganda ma'lum muddat turli siyosiy kuchlarni birlashtirdi. Biroq ekspert bu birlashuv uzoq davom etmasligi mumkinligini ham eslatadi.

Mutaxassis Somaliland jamiyatining sezilarli qismi Isroilga ehtiyotkor, hatto shubha bilan qarashini, bu kayfiyat G'azodagi urush va vayronagarchiliklar fonida yanada kuchayganini ta'kidlaydi. Xususan, rasmiylar Hargeysadagi markaziy binolardan biriga Isroil bayrog'ini proyeksiya qilgan bo'lsa-da, bayram tadbirlari deyarli Isroil ramzlarisiz o'tgani e'tiborni tortgan.

Uolls fikricha, keyingi voqealar hal qiluvchi ahamiyatga ega: agar boshqa davlatlar Isroil yo'lidan bormasa, dastlabki ko'tarinkilik pasayib, Somaliland ichki siyosiy hayoti avvalgi holatiga qaytishi mumkin.

Mintaqaviy darajada tan olishdan potensial yutuvchi tomonlardan biri Efiopiya bo'lishi ehtimoli tilga olinmoqda. Eritreya 1993 yilda ajralib chiqqach, Efiopiya Qizil dengizga yagona chiqishidan ayrildi va tashqi savdosining qariyb 90 foizini Jibuti orqali yuritishga majbur bo'ldi. Shu bois Addis-Abeba Somaliland nazoratidagi Berbera portiga qiziqish bildiradi.

O'tgan yil yanvarida Efiopiya va Somaliland o'rtasida anglashuv memorandumi imzolangan: unga ko'ra, Efiopiya Berberaga kirish imkoniyati evaziga Somaliland mustaqilligini tan olishi mumkin edi. Ammo keyinroq Addis-Abeba tashqi siyosiy bosimlar sabab bu masalada orqaga chekingani aytildi.

Uollsning baholashicha, Isroilning Somalilandni tan olishi Efiopiya uchun Hargeysa bilan aloqalarni chuqurlashtirishni osonlashtirishi mumkin. Avvalroq Efiopiya Somalilandni tan olgan ikkinchi davlat bo'lishi ehtimolini bildirgan, hozir bu pozitsiya unchalik aniq ko'rinmayapti. Shunga qaramay, vaziyat Berbera portidan Jibutiga muqobil sifatida foydalanish bo'yicha rasmiy tranzit kelishuvini ilgari surish uchun sabab bo'lib xizmat qilishi mumkin.

Ekspert bu ssenariy BAA uchun ham manfaatli bo'lishini qo'shimcha qiladi. “Ibrohim kelishuvlari” ishtirokchisi bo'lgan Amirliklar Somaliland ushbu kelishuvlarga qo'shilish niyatini ochiq bildirganini inobatga olib, ayni vaziyatdan o'z qo'llab-quvvatlovini yana bir bor tasdiqlash uchun foydalanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Isroil nega Somalilandni tan oldi va bundan yana kim yutishi mumkin?