Yordam yo'lda: Donald Tramp Eron namoyishchilariga murojaat qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron ko'chalaridagi namoyishlarda qatnashayotgan fuqarolarni aksiyalarni davom ettirishga chaqirdi. U Truth Social sahifasida e'lon qilgan bayonotida norozilarni davlat muassasalarini nazoratga olishga undar ekan, ularga yordam ko'rsatilishini va'da qildi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Tramp postida “eronlik vatanparvarlar”ni qat'iyatli bo'lishga, zo'ravonlikda aybdorlar va “azob beruvchilar”ning ismlarini yodda saqlashga chaqirdi hamda ular “qimmat baho to'lashini” ta'kidladi. Shuningdek, u namoyishchilar o'limi bilan bog'liq “ma'nosiz qotilliklar” to'xtamaguncha Eron rasmiylari bilan barcha uchrashuvlarni bekor qilganini bildirib, “yordam allaqachon yo'lda” ekanini yozdi.
Bundan bir kun avval Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakat AQSHning istalgan qadami, jumladan harbiy ssenariyga ham tayyor ekanini ma'lum qilgandi.
Eron bo'ylab norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabr kuni Tehrondagi “Grand-bazar”da milliy valyutaning qadrsizlanishi va iqtisodiy qiyinchiliklar fonida boshlangan. Oradan ko'p o'tmay aksiyalar boshqa shaharlarga ham tarqalib, politsiya va “Basij” otryadlari orasida yuzlab jarohatlanganlar qayd etilgani aytilmoqda.
8 yanvar kuni vaziyat yanada keskinlashib, namoyishchilar avtobuslar, tez yordam mashinalari, uylar, masjidlar, shifoxonalar hamda banklarga o't qo'ygani haqida xabarlar tarqaldi. Hukumat bunga javoban mamlakat bo'ylab internetga kirishni chekladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!