Ignatev Rossiyaga Ispaniya futbol tajribasidan o‘rnak olishni tavsiya qildi

Rossiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Boris Ignatev Ispaniya futbolida o‘yinchilarni tayyorlash va rivojlantirish tizimini yuqori baholadi. Mutaxassis fikricha, Rossiya bu yo‘nalishda ispanlar tajribasini jiddiyroq o‘rganishi kerak. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ignatevning ta’kidlashicha, Ispaniyada murabbiylar aniq metodika va amaliy ishlanmalarni shakllantirgan, bu esa natija bermoqda. U rus futboli uchun ham shu tajribadan real sharoitga mos keladigan jihatlarni topish muhimligini qayd etdi.
So‘nggi 20 yilda Ispaniya terma jamoasi uch bor Yevropa chempioni bo‘ldi, bir marta jahon chempionligini qo‘lga kiritdi va Millatlar ligasida ham g‘olib chiqdi. Shuningdek, ispanlar yoshlar va o‘smirlar futbolida ham qator yutuqlarga erishdi.
Xuddi shu davrda Rossiya Yevropa chempionatida bronza medallarini qo‘lga kiritdi, U17 o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida oltin va bronzaga ega chiqdi, U19 musobaqasida esa kumush medal bilan kifoyalandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!