Xabibdan keskin bayonot: «Alonsoga erkatoylar to‘sqinlik qildi»

UFC’ning sobiq chempioni Xabib Nurmagomedov futbol olamidagi katta voqeaga befarq qolmadi. U «Real Madrid»da Xabi Alonsoning bosh murabbiylikdan ketishi haqida qat’iy va keskin fikr bildirdi. Xabibning yozishicha, muammo murabbiyda emas — muhitda va “erkatoy” o‘yinchilarda.
Nurmagomedov ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan murojaatida sadoqat va hurmat mavzusini birinchi o‘ringa chiqardi. Uning ta’kidlashicha, bir yil oldin Alonsoni «yalinib-yolvorib» taklif qilishgan, endilikda esa undan osongina voz kechishgan.
— Sadoqatga teng keladigan narsa yo‘q. Bir yil oldin uni yalinib-yolvorib chaqirishgandi, endi esa ishdan xaydashdi. Hammasi taltayib ketgan bolalar tufayli. Xabi, sen eng zo‘risan, — degan mazmunda Xabib Alonsoni qo‘llab-quvvatladi.
“Zal bo‘ladimi, maydon bo‘ladimi — prinsip bir xil”
Xabib bu holatni sportning boshqa turi — jang san’ati misolida ham tushuntirdi. Uningcha, murabbiy o‘z jamoasidagi ijrochilarga so‘zini o‘tkaza olmasa, u yerda uzoqqa borib bo‘lmaydi.
— Zalmi yoki futbol maydoni – farqi yo‘q. Agar sen murabbiy sifatida o‘z zalingdagi jangchilarga gapingni o‘tkaza olmayotgan bo‘lsang, sizlar aniq birga davom ettira olmaysiz, — deya fikr bildirdi u.
Shu bilan birga, Nurmagomedov Alonsoni juda baland baholadi: uningcha, Xabi Alonso dunyodagi eng kuchli uch murabbiydan biri. Va agar ish yurishmayotgan bo‘lsa, birinchi navbatda murabbiy emas, futbolchilar o‘zgarishi kerak.
— Jamoaning ishi yurishmayotgan bo‘lsa, murabbiyni emas, futbolchilarni almashtirish kerak… Injiq futbolchilardan voz kechish kerak, — degan xulosani ham qat’iy aytdi.
Rasmiy fon: shartnoma bekor qilingan
Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Xabi Alonso va «Real Madrid» o‘rtasidagi shartnoma tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida bekor qilingani ma’lum qilingandi.
Xulosa bitta: Xabibning bu chiqishi futbol muxlislari orasida yana bir bahsni qizitdi — haqiqatdan ham “aybdor kim”: murabbiymi yoki “yozda kelishib, qishda noz qilgan” yulduzlarmi? Bir narsa aniq: bu mavzuda hali ancha gap aytiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!