Suv tanqisligi endi dunyo bo‘yiicha kuchaymoqda

Dunyo bo‘ylab suv resurslari keskin kamayib bormoqda. Bu haqda 20 yanvar kuni BMT huzuridagi Suv, atrof-muhit va sog‘liqni saqlash universiteti instituti (UNU-INWEH) yangi hisobot e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, so‘nggi 50 yilda 410 million gektar botqoqlik yo‘qolgan. Yirik ko‘llar qisqarmoqda, ayrim daryolar esa yilning ma’lum davrlarida dengizga yetib bormayapti. Eng xavotirlisi — yerosti suv zaxiralarining qariyb 70 foizi barqaror pasayish holatida.
Iqlim o‘zgarishi ham vaziyatni og‘irlashtiryapti: 1970 yildan buyon muzliklarning 30 foizdan ortig‘i yo‘qolgan. Bu yuz millionlab odamlar foydalanadigan suv manbalari qisqarishiga olib kelmoqda. Suvdan haddan tashqari foydalanish, ifloslanish va ekologik muvozanatning buzilishi ko‘plab suv tizimlarini tiklab bo‘lmas darajaga yetkazgan.
Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib:
— taxminan 2 milliard kishi xavfsiz boshqariladigan ichimlik suvisiz yashashda davom etadi;
— 700 million kishi suv tanqisligi sabab ko‘chib ketishga majbur bo‘lishi mumkin;
— chuchuk suvga global talab mavjud imkoniyatdan 40 foizga oshadi.
Shuningdek, hisobotda 2030 yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 7 milliard kub metrga yetishi va mamlakat suv taqchil bo‘lgan 33 davlat qatoriga kirishi mumkinligi ham qayd etilgan.
Mualliflar “suv inqirozi” o‘rniga vaziyatni aniqroq ifodalovchi “suv bankrotligi” atamasini qo‘llashni taklif qilgan. Ya’ni muammo vaqtinchalik emas — ayrim hududlarda suv tizimlari o‘zini tiklay olmaydigan chegaraga kelib qolyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!