Grok endi Apple CarPlay orqali avtomobillarda mavjud

Grok dasturchilari sunʼiy intellektga asoslangan chat-bot Apple CarPlay tizimini qoʻllab-quvvatlaydigan transport vositalarida ishga tushirilganini eʼlon qildi. Endilikda haydovchilar smartfonga qoʻl tekkizmasdan, ovozli buyruqlar yordamida yoʻl davomida Grok bilan muloqot qilishlari mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
2026-yil holatiga koʻra, Apple CarPlay 800 dan ortiq avtomobil va mototsikl modellarida mavjud. Ushbu texnologiya zamonaviy avtomobil sanoatida standartga aylangan boʻlib, 2017–2026-yillar oraligʻidagi koʻplab rusumlar ushbu funksiyani oʻz ichiga oladi. Xizmat aynan yoʻl sharoitlariga moslashtirilgan boʻlib, foydalanuvchilarga maʼlumotlarni qisqa shaklda olish va turli vazifalarni bajarish imkonini beradi.
Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida tizim toʻliq «hands free» rejimida ishlaydi. Bu integratsiya Grok auditoriyasini sezilarli darajada kengaytirishi kutilmoqda. Shuningdek, SpaceXAI kompaniyasi Grok Computer yangilanishini taqdim etdi, u fayl tizimi va buyruqlar qatori bilan bevosita ishlash qobiliyatiga ega.
Yaqinda Elon Musk xAI va SpaceX kompaniyalari toʻliq birlashganini maʼlum qildi. Endilikda xAI mustaqil tuzilma sifatida faoliyatini toʻxtatib, SpaceX tarkibidagi SpaceXAI boʻlinmasiga aylandi. Bundan tashqari, platforma API orqali tasvirlar yaratish uchun yangi Grok Imagine Quality Mode rejimini ishga tushirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!