NASA Oy tuni uchun yangi energiya tizimini sinovdan o‘tkazmoqda

NASAning Klivlenddagi Glenn tadqiqot markazi mutaxassislari Oy bazalarini energiya bilan ta’minlashga mo‘ljallangan qayta tiklanuvchi yonilg‘i elementlari (RFC) tizimini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Yengil avtomobil kattaligidagi ushbu qurilma uzluksiz sikl asosida ishlaydi: u vodorod va kislorodni elektr energiyasi, issiqlik hamda suvga aylantiradi. Ortiqcha energiya mavjud bo‘lganda esa, tizim suvni qayta parchalab, gazlarni zaxiralaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu texnologiya Artemis dasturi uchun juda muhim hisoblanadi. U Oyda 14 sutkagacha davom etadigan qorong‘u va sovuq tunlarda bazalarning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Loyiha bosh muhandisi Kerrigan Keynning ta’kidlashicha, tizim an’anaviy akkumulyatorlarga qaraganda yengilroq va energiya sig‘imi bo‘yicha ancha samaraliroqdir.
Tizimning asosiy afzalligi uning to‘liq avtonomligidir. Bu Yer bilan logistika xarajatlarini keskin kamaytiradi, chunki vodorod va kislorod zaxiralari qayta-qayta ishlatiladi. 270 dan ortiq datchik va mingdan ziyod komponentdan iborat qurilma inson aralashuvisiz masofadan turib boshqarilishi mumkin.
Hozirgi sinovlar besh yillik mehnatning natijasidir. Agar avvalgi bosqichlarda faqat alohida qismlar tekshirilgan bo‘lsa, endilikda tizim to‘liq siklda, jumladan, yuqori bosim ostida gaz saqlash jarayonida sinovdan o‘tkazilmoqda. Kelgusida ushbu qurilma vakuum kameralarida Oyning ekstremal sharoitlariga moslashtiriladi.
Ushbu energiya tizimi nafaqat turar joy modullarini yoritish va isitish, balki Oy roverlarini quvvatlantirish uchun ham xizmat qiladi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur texnologiya kelajakda Marsga uyushtiriladigan uzoq muddatli ekspeditsiyalar uchun ham mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!