10:32 / 19.01.2018
3 684

Futboldan chiqqan siyosatchi

Futboldan chiqqan siyosatchi
Yashil maydonlardagi yorqin o‘yinlari, samarali faoliyati bilan Yevropa, xususan, Fransiya futboli rivojiga katta hissa qo‘shgan Lilian Tyuram keyinchalik ijtimoiy hayotdagi faolligi tufayli munosib hurmat topdi.

Ayniqsa, yoshlarda Tyuram haqida kengroq tasavvur uyg‘otish uchun avvalo, uning statistikasini birrov esga olish kerak. Lilian Fransiya milliy jamoasi libosida 142 marta maydonga tushdi. Eng ideal o‘yinlaridan biri sifatida JCh-98 yarim finalini tilga olish mumkin.

O‘shanda baquvvat qanot himoyachisi Xorvatiya termasi darvozasiga 2ta gol urib, fransuzlar uchun final yo‘lini ochgandi. Eng qizig‘i, futbolchi terma jamoadagi gollari hisobini shu muhim «dubl» bilan ochgandi va keyinchalik ham raqiblar darvozasini boshqa ishg‘ol qilgani yo‘q.

Muhimi, Tyuram yakunda JCh-98 oltin medalini bo‘yniga taqdi, yana 2 yil o‘tib, Yevro-2000da ham zafar quchdi. Shuningdek, 1998 va 2006 yillarda FIFA ramziy terma jamoasidan joy oldi, 2003 yili Konfederatsiyalar kubogi g‘olibiga aylandi.

Tyuramning klublar darajasidagi muvaffaqiyati ham ancha salmoqli: 1991 yili «Monako»ning Fransiya kubogini yutishiga hissa qo‘shdi, 1999 yili «Parma» tarkibida avvaliga Italiya kubogini boshi uzra baland ko‘tardi va keyin UYeFA kubogi turnirida g‘olib chiqdi.

2002 va 2003 yillarda esa «Yuventus» bilan «A» seriyasi chempionligini tantana qildi. Faqat Kuboklar egalari kubogi-92 hamda ChL-2003 finallaridagi mag‘lubiyatlar qahramonimizning klublar va terma jamoalar miqyosidagi barcha sovrinlar sohibiga aylanishiga imkon bermadi.

Mashhur «Kolchapoli» mojarosidan keyin «Yuventus» «V» seriyasiga tushirib yuborilgach, Lilian «Barselona» safiga qo‘shildi. Kataloniyada 2 yil to‘p surgach esa, yurak tizimiga bog‘liq xastalik tufayli 36 yoshi-da futbol bilan xayrlashdi.

Futboldan tashqarida
Tyuram millionlar o‘yinidan chetga chiqqach ham, keng jamoatchilik e’tiborini yo‘qotmadi. Ya’ni ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsata boshladi. Xususan, o‘sha payt Fransiya Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Nikolya Sarkozini oshkora tanqid qilishga jur’at topdi.

Sobiq himoyachi keyinchalik yaqin do‘sti Patrik Viyeyra bilan hamkorlikda Parijdagi boshpanalardan quvilgan 70 nafar afrikalik qochoqni Yevro-2008 saralash bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan Fransiya - Italiya o‘yiniga taklif etish asnosida ularni ruhan qo‘llab-quvvatladi.

Natijada yirik siyosat arbobi Filipp de Vile uni inson huquqlarini himoya qilishda saboq beruvchi millioner sifatida e’tirof etdi. Lilian shuningdek, mamlakatning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jak Shirakka to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etib, hujjatlarsiz qolgan migrantlar huquqlarini isloh qilishni so‘radi.

E’tiborlisi, Tyuramning siyosiy faoliyati biror partiya bilan bog‘liq emasdi. U asosan nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda ishladi. To‘g‘ri, ma’lum muddat Fransiya parlamentida irqchilik masalalari bilan shug‘ullanadigan qo‘mitaning boshqaruv kengashi a’zosi bo‘ldi. Qolaversa, UYeFA tomonidan yo‘lga qo‘yilgan irqchilikka qarshi kurash loyihalari ustida faol ish olib bordi.

Bundan tash-qari, futbol yulduzi Fransiyaning sobiq koloniyalari vakillarining ijtimoiy hayotini yoritishga katta e’tibor qaratdi. Ta’kidlash joiz, Lilian futbolchilar uchun g‘ayritabiiy sanalgan yo‘nalishlarda ham sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi.

Jumladan, «Mening qora yulduzlarim» nomli kitobi 2010 yili chop etildi. Yosh avlod vakillariga quldorlik davri tugaganidan keyingi hayot mohiyatini anglatish maqsadida yozilgan bu asar yaqin kelajakda maktab dasturiga kiritilishi ham mumkin.

Tyuramning Jan-Kristof Kamyu bilan hammualliflikda yaratgan ikkinchi asari - «Bizning tariximiz» esa shaxsiy hayotini qamrab olgan. Sobiq futbolchi unda Gvadelupaning shakarqamish plantatsiyalaridan Parijga yo‘l olgan onasi - Marianna haqida alohida hikoya qilgan.

Intervyu
- Janob, Lilian, Gvadelupaning Ans-Bertran shahrida dunyoga kelgansiz. 1981 yili onangiz va besh nafar aka-ukangiz bilan Parijga ko‘chib kelgansizlar. O‘shanda 9 yoshda bo‘lgan ekansiz. Bunday keskin o‘zgarish sizga qanday ta’sir ko‘rsatgandi?
- Fransiyaga kelishimiz bilan bu yerda mutlaqo boshqacha hayot tarziga duch keldik. Ochig‘i, ilk davrlarda faqat onam va boshqa-boshqa otadan tug‘ilgan 5 nafar aka-ukamni ko‘rardim, xolos. Ularga oilamiz va Gvadelupa tarixi haqida tinmay savol berardim. Shu asnoda umumiy dunyoqarashim shakllandi.

- Futbol yoki boshqa soha bo‘yicha kimlarga kumir o‘rnida qarardingiz?
- Jan Tiganaga. Doimo aynan uning darajasiga chiqishni o‘ylagan, shunga intilganman. Lekin men uchun asosiy ilhom manbai onam edi, baribir. Aynan u chinakam hayot yo‘lini tanlashimga turtki berdi, bolaligimdan miyamga jasurlikni, qiyinchiliklardan cho‘chimaslikni singdirdi.

- Professional futbolga qay yo‘sinda kirib kelgansiz?
- To‘g‘risi, yoshligimda futbol asosiy kasbimga aylanishi mumkinligi xayolimga ham kelmagandi. Deylik, Gvadelupada yashaganimizda, uyimizda hattoki, televizor ham yo‘q edi. Shunday ekan, 9 yoshimgacha biror marta futbol tomosha qilmaganman. Shunchaki, ko‘chada o‘rtoqlarim bilan to‘p ortidan yugurardim.

Muhimi, bu o‘yin juda yoqardi. Fransiyaga ko‘chib kelganimizdan keyin jiddiy shug‘ullana boshladim. 15 yoshga to‘lganimda «Nitssa» vakillari ko‘rikka chaqirishdi. Keyin «Monako»dan taklif oldim. Biroq tibbiy ko‘rik yakunida shifokorlar professional darajada o‘ynay olmasligimni ta’kidlashdi.

Lekin chekinmadim va mashg‘ulotlarni davom ettirib, safga qaytish uchun bor kuchimni sarfladim. Dastlabki rasmiy shartnoma ostiga imzo chekkanimdan so‘ng esa o‘zimni butunlay futbolga bag‘ishladim.

- Aytishlaricha, «Monako»da ajdodlari gvadelupalik bo‘lgan himoyachi Lyuk Sonor sizni o‘z himoyasiga olgan ekan. Undan nimalarni o‘rgangansiz?
- Ha, Lyuk g‘oyat mehribon edi, doimo yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, jamoada o‘zimni qanday tutishim kerakligini uqtirardi. Shuningdek, tirish-qoqlik muvaffaqiyat kaliti ekanligini tushuntirishdan charchamasdi.

Mashg‘ulotlar jarayonida doimo birga ishlardik. Qisqasi, vaqtni asosan u bilan birga o‘tkazardim, misol uchun, uyiga ham ko‘p borganman.

- Terma jamoada esa gvadelupalik yana bir futbolchi Joslen Angloma o‘rnini egallagansiz - o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasini. U qanday o‘gitlar bergandi?

- 1996 yili terma jamoa safida Angliyada o‘tkazilgan Yevropa chempionatiga yo‘l oldim. Bosh murabbiy Eme Jake shu pozitsiyada o‘ynashimni aytgach, Joslen samimiylik bilan avvalo, o‘z kuchimga ishonishim zarurligini ta’kidladi. Nazarimda, aynan Gvadelupadan kelganim o‘zaro inoqlashishimizda muhim rol o‘ynagan.

Butun faoliyatim davomida Joslenning siymosi doimo ko‘z oldimda gavdalandi va o‘zgacha tetiklikni his etdim. Xullas, keyinchalik Anglomadan ibrat olib, yosh futbolchilarga maslahat berishda, avvalo, o‘z kuchlariga shubha bilan qaramasliklarini ta’kidlashni odat qildim.

- Xo‘sh, o‘sha yoshlardan qaysi birini alohida tilga olasiz?

- «Yuventus»da Jorjo Kellini xotiramdan mustahkam o‘rin olgan. Ko‘pincha faxriylar navqiron va baquvvat o‘yinchi g‘azabini qo‘zg‘atishga urinishadi. Lekin Jorjo bunday yondashuvga xotirjam qarab, hech kimga imkon bermas, to‘xtashni sira xayoliga keltirmasdi.
Fransiya termasida mamlakat koloniyalari vakillari ko‘payib ketishgach, Jan Mari Lyo Pen bunga keskin qarshi chiqdi: «Milliy jamoamiz fransuzlarniki bo‘lmay qoldi...».

- Uning e’tirozi JCh-98 uchun tarkib tanlash jarayoniga nechog‘li ta’sir o‘tkazdi?
- Futbolda bu kabi «tosh otuvchilar» xurujiga doim shay turish lozim. Lyo Pen kinoyalaridan keyin shaxsan menda mundialda g‘alaba qozonish ishtiyoqi yanada kuchaygandi. Chunki jahon kubogini yutish millionlab odamlar taqdiriga ijobiy ta’sir etardi.

- 2002 yilning may oyida Marsel Desayi irqchilik va shu orqali Lyo Penga qarshi keskin fikrlar bildirgandi. Aytingchi, o‘shanda buni jamoa ichida muhokama qilganmisizlar?
- Doimo irqchilik borasida shaxsiy fikrlarimni oshkora bayon etganman. Lekin butun jamoa bilan qandaydir chiqish yoki tadbir uyushtirish xususida hech qachon gap-so‘z bo‘lgan emas.

- JCh-2002 va Yevro-2004dan keyin jamoada haq ekanligini isbotlash imkoniyati tug‘ildi, go‘yo. JCh-2006 doirasida Ispaniya termasiga qarshi kechgan bahs arafasida Lyo Pen yana tiliga erk berdi. Uning navbatdagi sharhi ta’siri ham sezildimi?
- Jamoa quvvatbaxsh impulsga ehtiyoj sezayotgandi. 2002 va 2004 yillarda turtki olganimiz rost. To‘g‘ri, terma jamoa bo‘yicha hamon shubhalar mavjud edi.

Muhimi, Zidan, Makelele qatori meni ham safga qaytarishdi. O‘zi shunday: ba’zan shubha-gumonlar va xavotir ham taraqqiyotga yo‘l ochadi.

- 2006 yilgi tarkibni olsak, yaxshigina ijrochilar to‘planishgandi. Aytingchi, muvaffaqiyatda Domenekning ulushi ko‘proq bo‘lganmi yoki siz tilga olgan futbolchilar, shuningdek, Anri, Bartez va Trezegening hissalari?
- Muvaffaqiyatga eltadigan yo‘lni aniqlab beradigan muayyan formula mavjud emas. Shunisi ma’lumki, jamoa buyuk futbolchilar va malakali murabbiy yordamisiz hech narsaga erisholmaydi.

Domenek xizmatiga munosib baho berilmadi va buni sira tushunmayman. Axir tarkibni murabbiy belgilaydi-ku. Qolaversa, JCh finaliga yetib borish sanoqli murabbiylarga nasib etgan. Ochig‘i, o‘shanda penaltilar seriyasi bo‘yicha yengilgan bo‘lsakda, Italiya termasidan kuchliroq edik.

- Finaldan so‘ng Zidanga nimalar deganingiz esingizdami?
- Doping-nazorat hududiga chaqirishgani sabab, o‘sha pallada Zayniddin bilan gaplasholmadim. Lekin keyinchalik hamma ham qandaydir xatoga yo‘l qo‘yishi mumkinligini aytib, ko‘nglini ko‘tardim.

Fransiyada hattoki, mamlakat prezidenti ham Zizu aybdor emasligini ta’kidladi. Lekin shaxsiy fikrimcha, xatolarni joyida tan olish kerak. Shuningdek, bolalarni shu kabi xatolarni takrorlamaslikka o‘rgatish yanada muhim.

- Zidanning xatti-harakati mohiyatini tushunganmisiz?
- Yo‘q. Bilganim shuki, Zizu chempionlik taqdiriga oydinlik kirituvchi muhim uchrashuvda bunday yo‘l tutmasligi kerak edi.

- 2005 yili ko‘plab futbolchilar Lyo Penga qarshi chiqishdi. Siz esa tahlikali holatni vujudga kelishida Ichki ishlar vazirini aybladingiz...
- Sarkoziga shunchaki, vazir sifatida aholini kamsitishga haqqi yo‘qligini eslatdim, xolos. Axir u qashshoqlarni haqoratlagandi.

- Sarkozi qanday javob qaytardi?
- Tabiiyki, o‘zini oqlashga urindi. Men esa o‘tmishimni hech qachon unutmayman. O‘sha voqeadan keyin siyosatchilar boshi berk ko‘chaga kirib qolishsa, hamma aybni kambag‘allar, ayniqsa, muhojirlarga ag‘darishlariga amin bo‘lgandim...

Futbol olamidan chiqqan taniqli siyosatchilar
Jorj Vea (Liberiyaning amaldagi prezidenti)
Albert Sigurdur Gudmundsson (Islandiya hukumatining sobiq vaziri, sobiq elchi)
Janni Rivera (Italiya Mudofaa vizirligining sobiq bosh kotibi, Yevroparlament a’zosi)
Kaxa Kaladze (Gruziya Energetika vaziri, Tbilisi meri)
Romario (Braziliya Milliy kongressi sobiq a’zosi, senator)
Valeriy Gazzayev (Rossiya Dumasi deputati)
Oleg Bloxin (Ukraina Oliy Radasi sobiq a’zosi)

Shuningdek, Andrey Shevchenko (Ukraina), Dmitriy Alenichev va Roman Pavlyuchenko (Rossiya), Diyego Maradona (Argentina), Xose Luis Chilavert (Paragvay), Karlos Valderrama (Kolumbiya) ham o‘zlarini siyosatga urishgan.
S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Futboldan chiqqan siyosatchi