date

Samarqandda Mirziyoyev va OTB hamkorlik istiqbolini muhokama qildi

Samarqandda Mirziyoyev va OTB hamkorlik istiqbolini muhokama qildi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga amaliy tashrifi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi nufuzli delegatsiyani qabul qildi. Mazkur uchrashuv mamlakatimiz va xalqaro moliyaviy institut oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi.

Suhbat avvalida OTB rahbari Oʻzbekiston yetakchisiga Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishini aynan Samarqandda oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani hamda tashkilotchilikda koʻrsatilgan amaliy yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasidagi koʻp qirrali, oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishning muhim yoʻnalishlari muhokama qilindi. Soʻnggi yillardagi hamkorlik yuqori bosqichga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi. Qayd etilishicha, oʻtgan 30 yil mobaynida OTB Oʻzbekiston uchun ishonchli va uzoq muddatli strategik hamkorga aylangan.

Hozirgi kunda amalga oshirilayotgan loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, amaliyotlar hajmi boʻyicha Oʻzbekiston bankning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkorlaridan biriga aylandi.

Hamkorlik doirasida transport infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, temir va avtomobil yoʻllarini modernizatsiya qilish, energetika tarmogʻini yangilash, ijtimoiy sohani takomillashtirish, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash, qishloq xoʻjaligi hamda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash kabi qator muhim yoʻnalishlarda keng koʻlamli loyihalar amalga oshirildi va hozir ham izchil davom etmoqda.

Tomonlar 2030 yilgacha moʻljallangan yangi sheriklik dasturi doirasida umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik loyihalarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini alohida taʼkidladilar. Shuningdek, ipoteka bozorini rivojlantirish, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar va ayollar tadbirkorligini ragʻbatlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, inklyuziv taʼlimni kengaytirish hamda inson kapitalini rivojlantirish kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olindi.

Raqamli innovatsiyalarni joriy etish, maxsus iqtisodiy zonalar infratuzilmasini zamonaviylashtirish hamda Markaziy Osiyoda yirik mintaqaviy infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishda OTBning yetakchilik rolini kuchaytirish masalalari ham muzokara markazida boʻldi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Osiyo taraqqiyot banki rahbariyati va jamoasiga Samarqandda oʻtayotgan Boshqaruvchilar kengashi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi. Shuningdek, tomonlar oʻrtasida 2030 yilgacha boʻlgan sheriklik dasturini almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida, Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishi 3–6 may kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Samarqandda Mirziyoyev va OTB hamkorlik istiqbolini muhokama qildi