Joriy yilning 18 martida Rossiyada prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Dunyoning ko‘plab davlatlari singari Rossiyada ham prezident birinchi raqamli shaxs hisoblanadi, u nafaqat boshqaruvda to‘liq vakolatlarga ega, balki qurolli kuchlarning oliy bosh qo‘mondoni, konstitutsiya kafolati hamdir. Atom bombalari va mukammal qurollar arsenali, dunyodagi eng ulkan hudud, katta tabiiy boyliklar hamda dunyo hamjamiyatida zalvarli ovozga ega bo‘lgan bu davlatning rahbarligiga kim kelishi qiziq albatta. Lekin jiddiy qaralsa, bu o‘ylab ko‘riladigan savolmi?
2000 yil eshik qoqib turganda sog‘lig‘i, ko‘pchilikka noma’qul qarorlari va yana qator muammolar tufayli amalda davlat boshqaruvini yo‘qotgan prezident Boris Yelsin davlat tizginini bosh vazir Vladimir Putinga topshirdi va o‘zi iste’foga chiqdi. Rossiyaliklarning aksariyati Yelsinni “u ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi, lekin Putinni topgani uchun ham bu kamchiliklarga ko‘z yumish mumkin” deya eslashadi.
Ammo Putinga juda og‘ir meros qolgandi. Kavkaz olov ichida, jinoyatchilik butkul jilovdan chiqqan, ishsizlik keskin oshgan, davlat iqtisodi ichki va tashqi qarzlar sirtmog‘ida qolgan, bir to‘da oligarxlar jamiki daromadli sohalarni egallab olishgandi.
Shunga qaramay Vladimir Putin shitob bilan ishga kirishdi va bu muammolarni birin-ketin bartaraf qila boshladi. Keksa va deyarli harakatdan qolgan Yelsindan keyin uning urinishlari ko‘pchilikda umid uyg‘otdi va hamisha davlat rahbariga suyanib yashashga o‘rgangan xalq yangi yetakchiga ergashdi.
Avvaliga prezident vazifasini bajaruvchi lavozimida ish boshlagan Putin oradan uch oy o‘tmay, 2000 yilning 26 martida bo‘lib o‘tgan prezident saylovining birinchi turidayoq 53 foiz ovoz to‘plab, prezidentlikka kirishdi.
To‘rt yillik boshqaruv va qator muvaffaqiyatlardan so‘ng 2004 yilning 14 martida bo‘lib o‘tgan navbatdagi prezident saylovida Vladimir Putin 73,3 foiz ovoz oldi va shu yilning 7 mayidan boshlab ikkinchi muddatga prezidentlik lavozimiga kirishdi.
Rossiya konstitutsiyasiga ko‘ra bir kishi qatorasiga ikki martadan ortiq prezident lavozimini egallashi mumkin emasligi bois Putinning tavsiyasi va bevosita qo‘llab-quvvatlashi ortidan bu lavozimni Dmitriy Medvedev egalladi. Ammo hamma amalda hokimiyat tizgini o‘zi Medvedevning o‘rniga bosh vazir kursisiga o‘tirgan Putinning qo‘lida ekanligini bilib turardi.
2012 yilda yana kutilgan voqea yuz berdi. 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Vladimir Putin 63,6 foiz ovoz oldi va 7 may kuni rasman uchinchi bor prezidentlikka kirishdi. Bu saylovning o‘ziga xos jihati shunda ediki, konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘yicha bu safar prezident 6 yillik muddatga saylangandi.
6 yil ham o‘tdi... 2018 yilning boshida Vladimir Putin bu safar ham prezident saylovida o‘z nomzodini qo‘ymoqchiligini bildirdi va bu xabar davradagilarning olqishlariga sabab bo‘ldi.
Saylovoldi kampaniyasi ham boshlandi. Hozir prezidentlik uchun rosa 8 nafar nomzod kurashmoqda. Bular Putindan tashqari Pavel Grudinin, Vladimir Jirinovskiy, Sergey Baburin, Kseniya Sobchak, Maksim Suraykin, Boris Titov, Grigoriy Yavlinskiydir. Ammo so‘rovlarga qaraganda ularning hammasi oladigan ovoz jamlanganda ham asosiy nomzodga yaqin kela olmaydi. Xususan hamma yaxshi taniydigan Vladimir Jirinovskiy “yiqilgan kurashga to‘ymas” qabilida bu safar oltinchi bor (rekord) prezidentlik sari ot qo‘ygan bo‘lsa-da, biror marta 10 foiz ham ovoz ololmagan. 2018 yilgi natijasi ham 5-6 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Suraykin, Kseniya Sobchak kabi nomzodlar undan ham kam ovoz olishi kutilmoqda.
Natijasi oldindan ma’lum bu saylov ortida qator ijobiy jihatlar yotadi. Aynan Putin Rossiyani parchalanishdan saqlab qolgani, iqtisodini tiklagani, dunyodagi obro‘sini oshirgani, davlat boshqaruvida boshboshdoqlikka yo‘l qo‘ymagani e’tirof etiladi.
Abror Zohidov
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi