
Rossiyaning Nijniy Novgorod shahri markazida arxeologlar tomonidan mamontga tegishli qadimiy tish topildi. Bu haqda Nijegorod viloyati gubernatori Gleb Nikitin o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tish — yosh sherstistiy (junli) mamontga tegishli bo‘lib, u shahrining tarixiy qismida joylashgan Pochainsk ovragida, zamonaviy yuzadan ikki metr chuqurlikda aniqlangan. Qazilma hududi Rojdestvenskaya ko‘chasiga yaqin joylashgan.
Gubernator Nikitin ta’kidlaganidek, bu joydan ilgari ham mamont qoldiqlari topilgan. Xususan, 1930 yillarda Nijegorod kreml yonidagi hududda mamont kalla suyagi va ikki dona yuqori molyar tishlar qazib olingan.
“Mamontlar ilgari O‘rta Volga hududlarida yashagan. Ammo taxminan 11 ming yil oldin iqlimdagi keskin o‘zgarishlar natijasida yo‘qolib ketishni boshlagan”, — deydi Gleb Nikitin.
Mamontlar — tarixdagi eng yirik yo‘qolgan jonzotlardan biri bo‘lib, ularning qoldiqlari turli hududlarda topilib kelinmoqda. Ular muzlik davrida Yevroosiyo va Shimoliy Amerikada keng tarqalgan. Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamontlar sovuq iqlimga moslashgan bo‘lib, ularning qo‘ng‘ir yunglari va yirik tanasi ushbu sharoitda yashashga imkon bergan.
Nijniy Novgorodda topilgan tish — ushbu hududdagi tarixiy tabiiy muhitni o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Bu kabi arxeologik topilmalar nafaqat Rossiya, balki butun dunyo olimlari uchun qimmatli ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!