16:36 / 17.10.2018
28 118

«Usmoniylar imperiyasi tarixi» turkumidan: «Nurbonu. Muhabbatmi yo qasos?..» (foto)

«Usmoniylar imperiyasi tarixi» turkumidan: «Nurbonu. Muhabbatmi yo qasos?..» (foto)
QUL BOZORINING ENG QIMMAT QULI

Usmoniylar imperiyasi tarixi bilan qiziquvchilar yaxshi biladi. Bu sulolaning har bir sultoni va shahzodasi o‘z haramiga ega bo‘lgan. Haramga esa qizlar qul bozoridan olib kelingan. Qul bozoriga qizlarni qaroqchilar olis o‘lkalardan olib kelib sotuvga qo‘yishardi. Bu qizlar vahshiyona tarzda kaltaklanar, qarshilik ko‘rsatsa o‘ldirib yuborilardi. Qullikka mahkum qizlar bozorda sotuvga qo‘yilar, xaridor qizning tishlarigacha tekshiruvdan o‘tkazardi. Usmoniylar imperiyasi saroyiga esa o‘ta sinchkovlik bilan tanlangan qizlar olib kelinardi. Ammo shuni ham aytib o‘tish kerakki, qaroqchilar ba’zan o‘zga davlatlarning malikalari, badavlat xonadonlar qizlarini ham tasodif tufayli qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishardi. Shubhasiz bu qizlar qul bozorida oddiylariga nisbatan o‘n barobar qimmatga sotilardi. Lekin badavlat xonadondan qul qilib saroyga olib kelingan qizlarning aksariyati alamiga chiday olmay, qullik qismatiga ko‘nika olmay o‘z joniga qasd qilardi. Ayrim miyasini ishlata olganlari esa kelgusida imperiyaning eng boobro‘, hurmatli ayoliga aylangan.

USMONIYLARNING VENETsIYaLIK MALIKASI

1537 yili usmoniylar saroyiga Venetsiya gubernatorining qizi Sisiliya Baffo qul qilib olib kelindi. O‘shanda Sisiliya 12 yoshda edi. Biroq bu qizaloq ham qul bo‘lishga sira rozi emasdi. Gubernatorning qizi, malikalarga xos hayot tarzini kechirgan qiz uchun bu sharmandalikdan bo‘lak narsa emasdi. Shu sababli haramda hech kimga bo‘ysuna qolmadi. Natijada uni o‘sha vaqtda haramni o‘z boshqaruvi ostiga olgan, sulton Sulaymonning suyukli rafiqasi Xurram sultonning huzuriga olib kirishdi. Xurram sulton ham o‘tmishda xuddi shu qizday paytida qaroqchilar tarafidan o‘g‘irlab ketilgan va boshidan ko‘plab qiyinchiliklarni o‘tkazgan. Achchiq o‘tmishi hanuz yodidan chiqmasdi. Ayniqsa, 12 yoshli venetsiyalik qizga ko‘zi tushgach, uning timsolida o‘zini ko‘rgandek bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, Sisiliya Xurram sultonga juda yoqib tushdi. Shuning uchun bu qizni umumiy haramdan olib shahzoda Salim haramiga o‘tkazishlarini buyurdi. Unga yangi nom ham berdi. Nurbonu. Xurram sultonning qo‘llab-quvvatlashlaridan quvonib ketgan Nurbonu anglab yetdiki, agar harakat qilsa, bu sulolaning xuddi Xurram sulton kabi hurmatli, suyukli ayoliga, malikasiga aylana olarkan. Faqat bardosh qilsa, astoydil intilsa bas. Shahzoda Salim ham Nurbonuni ko‘rgandayoq alohida nazar bilan boqa boshlagandi. Ayniqsa, Nurbonuning kechalari ko‘kka boqib yulduzlar bilan tillashishi, o‘zicha turli bashorat qilishi yoqib tushgandi. Qiz ahmoq emasdi. Salimning ahvolini allaqachon payqagandi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Nurbonu Salimning yotog‘iga o‘zidan boshqa kanizaklarni yaqin yo‘latmay qo‘ydi. U shahzodaning muhabbatini qozona oldi. Uni o‘z xohishlariga bo‘ysundira oldi.

NURBONU XURRAM SULTONGA O‘XShAShNI XOHLAYDI

Haqiqatan, Salim Nurbonuning husni va fe’l-atvoriga mahliyo bo‘lib qolgandi. Ular ko‘p vaqtlarini birgalikda o‘tkazishardi. Shahzoda unga qimmatbaho taqinchoqlar sovg‘a etishdan tiyila olmas, she’rlar to‘qib o‘ziga o‘qib berardi. Nurbonu shahzodaning holatini juda to‘g‘ri baholar, endi bunday imkoniyatni qo‘ldan bermaslik zarurligini soniya sayin anglab borardi. U ham xuddi Xurram sulton darajasiga yetishni orzulay boshlagandi. Bu ayolga juda havasi kelardi. Xurram sultonning shoh Sulaymonga munosabatlarini ipidan ignasigacha o‘rganib, shu tajribani Salim misolida qo‘llardi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, Nurbonu shahzoda Salimga uch qiz, bir o‘g‘il tug‘ib berdi. Bu narsa Salim bilan o‘zaro munosabatlari yanada mustahkamlanishini ta’minlabgina qolmay, shahzoda endi usiz yashay olmasligini tushundi va Nurbonu bilan sha’riy nikohdan o‘tishga qaror qildi…

IMPERIYaNING ENG QATTIQQO‘L VOLIDASI

Shoh Sulaymon olamdan o‘tgach, shahzoda Salim imperiya taxtini egalladi. Shuning bilan Nurbonu haramdagi eng yuqori o‘ringa ega bo‘ldi. Boshqaruv to‘liq uning zimmasiga yuklandi. O‘sha kundan e’tiboran Salimga davlatni boshqarishda yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsata boshladi. Ayniqsa, u ichkilikka berilib, usmoniylar sulolasining piyonista podshosi sifatida nom qozongan bo‘lsa-da, Nurbonuga zarracha ta’sir etmasdi. Aksincha, Salimning kayf-safolari bu ayolga davlatni o‘z yetagida ushlash imkonini berib qo‘ygandi. Oradan yillar o‘tib Salimning o‘rnini yolg‘iz o‘g‘li Murod egallagach, Nurbonu sulolaning volidasiga aylandi. Murod ham onasini azbaroyi hurmat qilgani, sevganidan bo‘lsa kerak, davlatni boshqarishiga qarshilik qilmasdi. U asosan sevimli kanizaklari bilan ishrat qilar, davlatni esa Nurbonu boshqarardi.

QASOS QIYoMATGA QOLMAYDI

Keyinchalik ochiqchasiga boshqaruvni o‘z qo‘liga olishga ahd qilganini bayon etib, bu haqda onasini ogohlantirgan bo‘lsa-da, Nurbonu baribir imi-jimida imperiyani boshqarishda davom etdi. Murod esa baribir ko‘z yumishga majbur edi. Onasini, imperiyaning yagona volidasini ranjitib qo‘yishdan cho‘chirdi. Shu bahonada Nurbonu sulton vatani bo‘lmish Venetsiya bilan usmoniylar imperiyasi o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga erishdi.

Endi bir savol tug‘iladi. Haramga tushib qolgach, Nurbonu Salimni haqiqatan sevib qolganmidi yo qasd olish uchun shu yo‘lni tanlaganmidi? Tarixchilar bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tishgan. Ular yozishganki, Nurbonu Salimni rostdan ham sevgan. Garchi qasd olish niyati bo‘lsa-da, muhabbati ustun kelgan. Agar sevmasa, undan to‘rt farzandni dunyoga keltirmagan bo‘lardi. Ammo qasos ham qiyomatga qolib ketmadi. U o‘zini qul qilib olgan bosqinchilikdan boplab qasos oldi. Bu butun boshli imperiyani xohishlariga bo‘ysundira olishida o‘z aksini topgan.
Olimjon HAYIT

Manba: Hordiq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)