00:22 / 05.02.2025
0

AZAL samolyoti halokati yuzasidan dastlabki tergov natijalari e'lon qilindi

AZAL samolyoti halokati yuzasidan dastlabki tergov natijalari e'lon qilindi
Foto: Qozogʻiston Transport vazirligi
Qozogʻiston Transport vazirligi 25 dekabr kuni Oqtov yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyoti halokatini tekshirishning dastlabki natijalarini oʻz ichiga olgan hisobotni e'lon qildi.

Ushbu hisobotda keltirilgan ma'lumotlar dastlabki boʻlib, barcha materiallarni oʻrganish va tadqiq qilish natijalariga koʻra toʻldirilishi mumkin. Ishlar yakunlangandan soʻng, aviatsiya hodisasi boʻyicha tekshiruv natijalari asosida yakuniy hisobot tayyorlanadi, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, hisobotda ta'kidlanishicha, komissiya havo kemasi tuzilmalarining shikastlanishlarini batafsil tekshirishni davom ettirmoqda.

Ekipajda dastlabki muammolar 05:13:31 da yuzaga kelgan, havo kemasiga zarba berilgan, shundan soʻng avtopilotning oʻchirilganligini bildiruvchi ovozli signal ishga tushgan.

3-gidravlik tizimida bosim qisqa vaqt ichida keskin tushib ketgan. 3-gidravlik tizimidagi suyuqlik darajasi 0 foizga qadar pasaygan. Boshqaruv rullarining (ELEVATOR, AILERON, RUDDER) holati nol nuqtasida qotib qolgan va parvoz oxirigacha shu holatda saqlangan.

Soat 05:13:56 da ikkinchi zarba qayd etilgan. Komandir ekipaj bilan aloqaga chiqadi:
- Allo, nima boʻldi?

- Ikkita oʻrindiq portladi, yaqinlasha olmayapman, chunki yoʻlovchilar oʻrinlaridan turib ketishdi, ularni joylariga oʻtqazyapman.


Uchuvchilar ikkinchi zarbani qushlar bilan toʻqnashuv deb oʻylaydi.

Ekipaj Grozniy bilan muloqot paytida boshqaruvni yoʻqotayotganini ma'lum qiladi. Minvodi, keyin Maxachqal'adan ob-havoni soʻraydi, shundan soʻng Bokuga qaytishga qaror qiladi.

Soat 05:26:58 da Grozniy bilan muloqot toʻxtatiladi. 05:29:24 da Rostov minorasi bilan aloqa boshlanadi.

Ob-havo yaxshi boʻlgani uchun 05:42:40 da Oqtovga uchishga qaror qilindi. Soat 06:02:47 da samolyot ekipaji Oqtov aeroporti minorasi bilan bogʻlanib, ilk marta xalqaro ofat signali yuboriladi.

06:22:24 da ekipaj shassini tushirishni boshladi. Undan soʻng mexanizatsiya ishga tushirildi, keyin esa ovozli ogohlantirish signali yangradi.

Soat 06:27:58 da samolyotning oʻngga 35 gradus qiyalik bilan erga urilgani qayd etildi.

Saqlanib qolgan qismlarning dastlabki koʻzdan kechirilishi natijasida fyuzelyajning dum qismida, vertikal va gorizontal stabilizatorlarda, balandlik va yoʻnalish rullarida turli oʻlcham va shakldagi koʻplab teshilgan va teshilmagan shikastlanishlar aniqlandi. Shunga oʻxshash shikastlanishlar havo kemasining chap dvigateli va chap qanotida, shuningdek, havo kemasining agregatlar va qismlarida ham kuzatildi. Ba'zi joylarda shikastlanishlar toʻgʻri toʻrtburchak shaklga ega.

Foto:

Foto:
Oqtovdagi samolyot halokati

2024 yil 25 dekabr kuni Oqtov aeroportidan uch kilometr uzoqlikda Ozarbayjonning Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli Embraer samolyoti bilan aviahalokat yuz berdi. Boku—Grozniy reysida parvoz qilayotgan samolyot favqulodda qoʻnishga urinish paytida halokatga uchradi. Samolyot bortida 62 yoʻlovchi va 5 nafar ekipaj a'zosi boʻlgan.

Tergov va taxminlar

Halokatni IKAO (Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti) konventsiyasiga muvofiq tergov qilishga Qozogʻiston rahbarlik qilmoqda. Tekshiruv ishlarida Ozarbayjon, Rossiya mutaxassislari, xalqaro ekspertlar va Embraer vakillari ishtirok etmoqda. Qora qutilar olinib, xalqaro ekspertlar ishtirokida rasshifrovka qilinmoqda.

Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari, shuningdek Euronews va Reuters halokat sabablaridan biri sifatida Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalarining ishlashi haqidagi taxminni muhokama qiluvchi materiallarni e'lon qildi.

28 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya havo hududida fojiali hodisa sodir boʻlgani munosabati bilan uzr soʻradi va halok boʻlganlarning oilalariga yana bir bor hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tezroq sogʻayib ketishini tiladi.

29 dekabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Ozarbayjon fuqaro samolyoti Rossiya hududida, Grozniy yaqinida tashqi hujumga uchraganini va deyarli boshqaruvni yoʻqotganini ma'lum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, samolyot radioelektron kurash vositalari bilan boshqarib boʻlmaydigan holatga keltirilgan.

Qozogʻiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga koʻra, bortda 62 yoʻlovchi va 5 ekipaj a'zosi boʻlgan:

- 42 nafar Ozarbayjon fuqarosi;
- 16 nafar Rossiya fuqarosi;
- 6 nafar Qozogʻiston fuqarosi;
- 3 nafar Qirgʻiziston fuqarosi.

Omon qolganlar orasida Ozarbayjon, Rossiya va Qirgʻiziston fuqarolari bor. Qozogʻistonliklar orasida omon qolganlar yoʻq.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo