A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Venetsiya” qishki transferlar vaqtida hujum chizigʻini Eldor Shomurodov yordamida kuchaytirish rejasini amalga oshirishga bel bogʻlagan edi.
Venetsiyaliklar oʻzbek hujumchisini olish uchun rimliklarning barcha shartlariga koʻndi. Oʻz zimmasiga mavsum oxirida Shomurodovni toʻliq transfer qilish majburiyatini olishga ham rozilik bildirdi.
Eldor Shomurodovning transferini rasmiylashtirish arafasida vaziyat kutilmagan tomonga oʻzgardi. 29 yoshli hujumchi A Seriyada “Udineze” va Evropa Ligasida “Ayntraxt”ga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvlarda yuqori saviyada oʻyin koʻrsatdi.
Bosh murabbiy Klaudio Raneri bir necha pozitsiyada oʻynay oladigan mehnatkash futbolchidan voz kecha olmasligini ta'kidladi. Uning qarori bilan Shomurodov “Roma”da qoladigan boʻldi.
Oʻz navbatida, “Roma” mutasaddilari Eldor Shomurodovning oʻrniga olib kelmoqchi boʻlayotgan yangi hujumchilarning Rimga boshlaydigan yoʻllari ham yopildi.
Bu orada Eldordan quruq qolgan “Venetsiya” klubida tezroq echim topish zarurati paydo boʻldi.
Soʻnggi ma'lumotlarga qaraganda, venetsiyaliklar Italiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Mario Balotelliga ishonch bildirmoqchi. Murakkab xarakterga ega boʻlgan futbolchi yozda “Jenoa” bilan shartnoma imzolagan edi.
Ammo hozirda klub rahbariyati va mashhur oʻyinchi oʻrtasidagi munosabatlar yaxshi emas. Tomonlar oʻzaro kelishuvni bekor qilishga yaqin turibdi. Agar Balotelli erkin agent maqomini olsa, “Venetsiya” uni istalgan paytda bepul oʻz safiga qoʻshib olishi mumkin.
Yulduzlik davrida “Inter”, “Manchester Siti”, “Liverpul”, “Milan”, “Nistsa”, “Marsel” kabi qudratli jamoalarda toʻp tepgan Mario Balotelli keyinchalik “Breshiya” va “Montsa” kabi oʻrtamiyona klublarda oʻynashiga toʻgʻri keldi.
Orada bir necha yil Turkiya va Shveytsariya chempionatlariga borib keldi.
34 yoshli futbolchi joriy mavsum oldidan yana A Seriyada faoliyat yuritish imkoniga ega boʻlgandi. Lekin Genuyadagi oʻyinlarini muvaffaqiyatli chiqdi, deb boʻlmaydi. Mario “Jenoa” safida olti marotaba maydonga tushib, jami 56 daqiqa harakat qildi. Bundan qoniqmagan futbolchi klubdan ketish harakatiga tushdi.
Endi “Venetsiya” oldingi chiziqdagi samaradorlikni tiklash uchun Balotelli yordamidan foydalanishga urinib koʻradi.
Balotelli professional futbolchilik faoliyati davomida klublar miqyosida jami 501 ta bahsda raqiblar darvozasiga 210 ta gol urgan va jamoadoshlariga 43 ta golli pas uzatgan.
Mario Balotelli A Seriyaga qaytgan pallada Italiya terma jamoasidagi faoliyatini tiklash istagi borligini ta'kidlagan. Bu borada “Venetsiya” unga yordam berishi mumkin.
Mario Italiya terma jamoasi safida 2010 yili debyut qilgan va xalqaro miqyosda 36 ta uchrashuvda ishtirok etib, oʻz hisobiga 14 ta gol yozdirib qoʻygan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar