06:00 / 05.02.2025
86

Suriyaning yangi rahbari Turkiya prezidenti bilan uchrashuvga yoʻl oldi

Suriyaning yangi rahbari Turkiya prezidenti bilan uchrashuvga yoʻl oldi
Suriyaning vaqtincha prezidenti Ahmad ash-Shar'a va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan Anqarada uchrashuv oʻtkazadi. Tomonlar Suriya markazida Turkiya aviabazalari tashkil etish hamda Suriyaning yangi armiyasini oʻqitishni ham oʻz ichiga oluvchi qoʻshma mudofaa paktini muhokama qilishi kutilmoqda.

Avvalroq ash-Shar'a Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon va Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniy bilan uchrashgandi.

Mudofaa sohasidagi boʻlajak muzokaralar haqida Reuters agentligi toʻrt manba, jumladan Suriya xavfsizlik xizmati xodimiga (rasmiy bayonot berishga vakolati yoʻqligi tufayli anonimlik sharti bilan ma'lumot berishga rozi boʻlgan) tayanib xabar bergan.

Manbalarning soʻzlariga koʻra, yangi pakt Suriya markaziy qismidagi Badiya sahrosida turklarning ikkita aviabazasi tashkil etishni oʻz ichiga olishi mumkin.

Bu kelishuv Turkiyaga Suriya havo hududidan harbiy maqsadlarda foydalanish va Suriyaning yangi armiyasi qoʻshinlarini tayyorlashda etakchi rol oʻynash imkonini beradi (Suriyaning yangi rahbariyati armiya va turli isyonchi guruhlarni tarqatib yubordi va ularni yangilangan harbiy qoʻmondonlik ostida birlashtirish ustida ishlamoqda).

Foto: Getty Images
Suriya prezidentining rasmiy vakili Reuters agentligiga aytishicha, Ash-Shar'a Erdoʻgʻan bilan «Turkiya tomonidan yangi Suriya armiyasini tayyorlash, shuningdek, hamkorlikning yangi sohalari»ni (aynan qanday sohalar ekaniga aniqlik kiritilmagan) muhokama qiladi.

Turkiya prezidentining jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha direktori Faxriddin Oltin dushanba kuni Erdoʻgʻan va ash-Shar'a Suriyadagi soʻnggi voqealar va Suriya iqtisodiyotini tiklash hamda mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikka erishish boʻyicha mumkin boʻlgan qoʻshma chora-tadbirlarni muhokama qilishini aytdi.

NATO a'zosi boʻlgan Turkiya uzoq vaqtdan beri Suriyadagi qurolli va siyosiy muxolifatni qoʻllab-quvvatlab kelgan. Anqara Asadning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi Eron ketishi bilan yuzaga kelgan boʻshliqni toʻldirish va oʻz ta'sir doirasini kengaytirish orqali yangi Suriyada muhim rol oʻynashga intilmoqda. Bu, oʻz navbatida, Fors koʻrfazidagi arab davlatlari bilan raqobatga olib kelishi va Isroilni sergak torttirishi mumkin, deya qayd etadi Reuters.

Suriya shimoli-gʻarbida joylashgan, 2017 yildan buyon ash-Shar'a boshchiligidagi koalitsiya tomonidan boshqarilgan Idlib anklavida Turkiyaning harbiy mavjudligi sezilarli darajada boʻlib, uning shimolida Turkiya harbiy bazalari joylashgan.

Dekabr oyida Turkiya mudofaa vaziri Yashar Guler Anqara «agar [Suriyaning yangi] ma'muriyati buni soʻraydigan boʻlsa, kerakli yordamni koʻrsatishga tayyorligi»ni aytgan.

Saudiya Arabistoniga tashrif va Qatar amiri bilan uchrashuv

Yakshanba kuni Ahmad ash-Shar'a Ar-Riyodda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon bilan uchrashgandi
Bandar Algaloud / Saudi Royal Court / Handout/Anadolu

Yakshanba kuni Suriyaning vaqtincha prezidenti Ahmad ash-Shar'a ilk xorijiy safari davomida Ar-Riyodda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon bilan uchrashgandi.

Yozma bayonotda Shar'a shahzoda bilan gumanitar va iqtisodiy hamkorlikni, shuningdek, «energetika, texnologiya, ta'lim va sogʻliqni saqlash sohalarida kelajak uchun keng koʻlamli rejalar»ni muhokama qilganini ma'lum qilgan.

Saudiya davlat axborot agentligida e'lon qilingan bayonotda esa tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash va mintaqadagi voqealarni muhokama qilgani aytilgan.

Asad rejimi agʻdarilganidan keyin ash-Shar'a va Suriyadagi boshqa rasmiylar Gʻarbdagi va arab davlatlari rahbarlari bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. Bu sa'y-harakatlarda Ar-Riyod etakchi rol oʻynamoqda. Yanvar oyi boshida Saudiya Arabistoni Suriyaning yangi tashqi ishlar vaziri hamda mudofaa vazirini qabul qilgan, shuningdek oy oxirida Suriya, boshqa arab davlatlari hamda gʻarblik mulozimlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilgandi.

Ahmad ash-Shar'a Saudiya Arabistoniga tashrifidan bir necha kun oldin Damashqda Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyni qabul qilgandi. Bu 8 dekabr kuni Bashar Asad rejimi agʻdarilganidan keyingi davrda boshqa davlat rahbari Suriya poytaxtiga ilk bor kelishi boʻlgandi.

Shayx Tamim ash-Shar'a bilan uchrashuvda «Suriya xalqining barcha qatlamlarini ifodalovchi hukumatni zudlik bilan shakllantirish zarurligi»ni ta'kidladi, deyiladi Qatar amiri saroyi bayonotida.

Arab etakchilari bilan munosabatlarning iliqlashuvi Bashar Asad davrida yuzaga kelgan vaziyatga nisbatan sezilarli siljishdir. 2011 yilda hukmron tuzum norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirishi ortidan Arab davlatlari ligasi Suriyaning a'zoligini 10 yildan ortiq muddatga toʻxtatib qoʻygandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo