Foto: Universe Today
Qayd etilishicha, karbonat angidrid gazining chiqishi natijasida yuzaga keladigan ushbu tuzilmalar Marsda iqlim jarayonlarini yanada yaxshiroq tushunishda olimlarga yordam beradi.
Marsning qutbli hududlarida qishda karbonat angidrid gazi muzlaydi va zich muz qatlamiga aylanadi. Bahorda harorat koʻtarilishi bilan quyosh nuri ushbu shaffof muz qatlami orasidan oʻtib, uning ostidagi tuproqni qizdiradi. Natijada, karbonat angidrid sublimatsiyani boshlaydi — qattiq holatdan gazga aylanadi.
Vaqt oʻtishi bilan bosim shu qadar oshib ketadiki, gaz muz qatlamning yupqa joylaridan tashqariga otilib chiqib, qora tuproq zarralarini atrofga sochib yuboradi. Bu xuddi geyzerlarni yodga soladi va soatiga 160 kilometr tezlikkacha otilishi mumkin.
Ba'zi hollarda gaz emissiyasi muz ostida oʻrgimchak toʻriga oʻxshash murakkab, shoxlangan tuzilmalarni hosil qiladi. Olimlar bunday hosilani «oʻrgimchak landshafti» deb ataydi. Bu kabi gʻaroyib shakllar Mars tuprogʻidagi kanallarni yuvadigan karbonat angidrid gazining koʻp marotaba otilishi natijasida hosil boʻladi.
Tadqiqotchilar laboratoriya sharoitida shu kabi jarayonni takrorlashga muvaffaq boʻlib, «oʻrgimchak landshafti» mavsumiy gaz otilishlari natijasida yuzaga keladi, degan farazni isbotlagan.
«Oʻrgimchak toʻriga oʻxshash mazkur tuzilmalar — shunchaki gʻaroyib tabiat hodisasi emas, balki Marsdagi iqlim jarayonlarini anglashda muhim ahamiyatga ega», — deydi NASA Reaktiv harakat laboratoriyasi vakili Loren MakKoun.
Suv va issiq energiyada ishlaydigan Erdagi geyzerlardan farqli oʻlaroq, Marsdagi karbonat angidrid gazlarining otilishi faqat quyosh nurining ta'siri va yupqa Mars atmosferasi sabab yuzaga keladi. «Ushbu jarayon noyob boʻlib, Erda kuzatilmaydi», — deya qoʻshimcha qiladi MakKoun.
Bu kabi tabiat hodisalarining aniqlanishi, olimlarga Marsning iqlim tarixini yaxshiroq tushunish va kelajakdagi tadqiqotlarda ulardan foydalanish imkonini beradi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar