Foto: Deutsche Welle
Germaniyaning Bavariya federal yerida rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov uzoq vaqt yashagan villa sotuvga qo‘yildi. Bu mulk Germaniya tarixidagi eng qimmat uylardan biri bo‘ldi. Myunxenning Müncher Merkur nashrining xabar berishicha, villaning boshlang‘ich bahosi 25 million yevro etib belgilangan.
Villa qarzlar evaziga sotilmoqda
Ushbu mulkning sotilishiga sud qarori asosida arbitraj boshqaruvchisi Ulrix Kramer mas’ul etib tayinlangan. Sud qaroriga ko‘ra, villaning egasi sifatida qayd etilgan Tegernsee (IOM) Limited offshor kompaniyasi qarzlarini qoplash uchun mulkni sotishi kerak. Ushbu kompaniya 2011 yilda villani 7,2 million yevroga sotib olgan va keyinchalik Alisher Usmonovga haftasiga 77 000 yevroga ijaraga bergan.
Kramerning ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan, chunki uning asosiy aktivlari ko‘chmas mulkdan iborat. Shu sababli qarzlarni qoplash maqsadida mulk sotilishi kerak.
Villaning xususiyatlari
Ushbu 4700 kvadrat metrli yer uchastkasida joylashgan villada:
✅ 735 kvadrat metr yashash maydoni,
✅ To‘rtta yotoqxona va hammom xonalari,
✅ 750 kvadrat metrli sauna,
✅ 20 metrli suzish havzasi,
✅ Uch qavatli garaj mavjud.
Arbitraj boshqaruvchisi Kramer villaning sotilishidan tushgan mablag‘lar bankrotlik jarayoni uchun maxsus ochilgan hisob raqamiga o‘tkazilishini va unga faqat o‘zi kirish huquqiga ega bo‘lishini ta’kidlagan. Shuningdek, u mulkni ochiq auksion orqali emas, tor doiradagi manfaatdor xaridorlar orqali sotishni rejalashtirmoqda.
Usmonovning boshqa mulklari ham sotilmoqda
Kramer allaqachon villa oldida joylashgan qayiq angarini 1 million yevroga sotishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, Usmonov xodimlari istiqomat qilgan ikki xonadonli uyning yarmiga ham bir nechta xaridorlar qiziqish bildirgan. Bu mulk 2018 yilda 2 million yevroga xarid qilingan.
Yevropa Ittifoqi sanksiyalari va tintuvlar
Alisher Usmonov 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga hujumi ortidan Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Germaniyadagi bank hisob raqamlaridagi mablag‘lari muzlatilgan va u ulardan foydalanish imkoniyatidan mahrum etilgan.
2022 va 2023 yillarda Germaniya huquq-tartibot idoralari Usmonov bilan bog‘liq bir nechta mulklarda tintuvlar o‘tkazgan, qator qimmatbaho avtomobillar musodara qilingan. Biroq 2023 yil noyabr oyida Frankfurt sudi bu tintuvlarni noqonuniy deb topgan va musodara qilingan mol-mulkni qaytarishga qaror qilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar