21:06 / 31.01.2020
2 496

Breksitdan keyingi hayot: Britaniya buyuk bo‘lmay qoladimi?

Breksitdan keyingi hayot: Britaniya buyuk bo‘lmay qoladimi?
31 yanvar kuni Grinvich vaqti bilan soat 23:00da (Toshkent vaqti bilan 1 fevral kuni soat 04:00da) Buyuk Britaniya rasman Yevropa Ittifoqidan chiqib ketadi. Ha, nihoyat breksit amalga oshadi.
So‘nggi uch yilda qirollik aholisiga chin ma’noda boshog‘riq bo‘lgan bu jarayon amalga oshishi uchun kerakli hujjatlar imzolandi. Xo‘sh, breksitdan keyingi hayot birlashgan qirollik uchun qanday kechadi? Britaniya endi buyuk bo‘lmay qoladimi?

Turli raqamlar bilan boshingizni qotirmay, bo‘ladigan gapdan gaplashsak. Demak, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish xronikasi quyidagicha bo‘ldi: ajoyib kunlarning birida ingliz aslzodalari ular «eng buyuk» deb hisoblaydigan Britaniyaning Yevropa Ittifoqi atalmish tashkilot tarkibida bo‘lishini mantiqsizlik deb o‘ylab qolishdi.

Tereza Mey boshliq siyosatchilar «brexit» (Britain exit) degan terminni o‘ylab topishdi va Britaniya ittifoqdan chiqishi kerakligi haqida bong ura boshlandi. Keyin bu borada referendum o‘tkazildi, unda qatnashganlarning 51 foizi Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishini qo‘llab ovoz berdi. Bu esa breksit amalga oshadi degani edi.

Oqibatda breksitni qo‘llamagan bosh vazir Devid Kemeron iste’foga chiqib, uning o‘rnini Tereza Mey egalladi. Britaniyada Margaret Tetcherdan so‘ng ilk marta ayol kishi bosh vazir bo‘ldi. Mey va uning jamoasi ikki yil urinib ham Britaniyani YEIdan olib chiqib ketishni uddalay olmadi. Meyning ittifoq rahbarlari bilan tinimsiz muzokaralari ham tomonlarning bir to‘xtamga kelishiga yordam bermadi.

Britaniya Yevropa Ittifoqidan radikal o‘zgarishlarsiz chiqib keta olmasligi oydinlashgach, Mey ko‘zda yosh bilan lavozimini tark etdi. Uning o‘rnini London meri bo‘lgan vaqtida noodatiy va biroz nojiddiy harakatlari bilan yodda qolgan, so‘nggi yillarda mamlakat tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan Boris Jonson egalladi.

Jonson oldingi hamkasbi kabi muzokaralar yo‘lini tanlamadi va parlamentni tarqatib yuborishga erishdi. Shu tariqa, 2017 yilda tarkib topgan Britaniya parlamenti 2019 yil oxirida yana ovoz berish orqali yangi tarkibga ega bo‘ldi.

Yangi parlament esa Jonson kutgani kabi Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan avtomatik tarzda (qo‘pol qilib aytganda hech qanday kelishuvlarsiz) chiqib ketishi borasida hujjatni maqulladi. 23 yanvar kuni Britaniya qirolichasi Yelizaveta II hujjatni imzoladi. Hazrati oliyalari tasdiqlagan hujjat o‘z-o‘zidan rasmiy kuchga kirdi. Oxirgi bosqichda Yevroparlament breksit to‘g‘risidagi hujjatni ma’qulladi.

Yevroparlament deputatlari ham bu g‘avg‘olardan charchagandi desak, xato bo‘lmaydi. Mana, bir necha satrda «Britaniyani Yevropa Ittifoqidan chiqarib yubordik», ammo ishonavering, qirollik bu jarayonni uch yil ichida bosib o‘tib sillasi quridi.

«Endi xavfsiz ko‘chalarda yashaymiz...»

Boris Jonson qirollikning nega Yevropa Ittifoqidan chiqib ketayotganini ikki og‘iz gapda juda aniq tushuntirdi-qo‘ydi: «So‘nggi uch yilda breksit oxiri yo‘q jarayondek ko‘rinib qolgandi, ammo ko‘rib turibsiz, finishga yetib keldik. Endi nafas rostlagach butun e’tiborimizni yorqin kelajak tuzishga, maktab, kasalxonalarni yaxshilashga qaratishimiz mumkin. Endi xavfsizroq ko‘chalarda yuramiz».

Jonsonning so‘nggi jumlasi Britaniya nega YEIdan chiqishni xohlab qoldi, degan savolga javob bo‘ladi. Qirollik Yevropa Ittifoqining har xil aksiyalari, aniqroq aytganda, dunyoning to‘rt tomonidan qochoqlarni qabul qilish, ularga dastlabki ehtiyojlari uchun pul ajratish loyihalaridan charchadi. Britaniya YEIdan chiqish qirollikka iqtisodiy jihatdan zarar keltirishini bilgan holda shunday keskin qaror qabul qildi.

Britaniya avvalo xavfsizlik uchun bu yo‘lni tanladi. So‘nggi yillarda qirollik hududida teraktlar soni oshdi, oqibatda britaniyaliklarning muhojirlarga munosabati yanada sovuqlashdi. Katta ehtimol bilan, Britaniya aynan xavfsizlik sabab YEIdan chiqish haqida o‘ylab qoldi va buning uchun har qanday zararga rozi bo‘ldi.

Britaniya endi buyuk bo‘lmaydimi?

Ko‘plab mamlakatlar kirishni orzu qiladigan Yevropa Ittifoqidan chiqib ketish Britaniyaga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Iqtisodiy jihatdan dunyoda eng kuchlilardan bo‘lgan Britaniyadagi tadbirkorlarga qirollikning YEIdan chiqishi zarar keltirishi tabiiy. Yevropa Ittifoqidagi barcha davlatlar bir-birining hududiga muammosiz kirib chiqardi, breksitdan keyin esa Britaniyaga kirib-chiqish qiyinlashadi, bu tadbirkorlikka ta’sir qilishi aniq.

Qirollik ittifoqdan chiqishini yana bir omil bilan izohlash mumkin. Britaniya YEIning kichik mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlash aksiyalarida qatnashishni ham xushlamay qolgan bo‘lishi mumkin. Qo‘pol qilib aytganda, Britaniya birovlarni boqishni xohlamay qolgan. Shu bois, Britaniyaning YEIdan chiqishidan qirollik emas, ittifoq yutqazdi desak ham bo‘ladi.

Chegaralar yil oxirigacha yopilmaydi
So‘nggi uch yilda Britaniya siyosatchilari breksit masalasidan chetga chiqa olmay faqat shu bilan band bo‘lib qolishdi, oqibatda mamlakatning boshqa masalalari, qo‘pol qilib aytganda, qarovsiz qolib ketdi. Ammo yil oxiriga qadar breksit hamon kun tartibida qolaveradi. Chunki, 2020 yil oxirigacha hammasi xuddi oldingidek bo‘ladi, Britaniyaga kirib-chiqish, savdo masalalari, xullas, hammasi 2021 yilning birinchi kunidan o‘zgaradi. O‘sha vaqtgacha qirollik barcha byurokratik masalalarni hal qilib qo‘yishi kerak.

Keyin nima bo‘ladi?
Britaniya breksit amalga oshganidan keyin ham YEI mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar uchun viza joriy qilmoqchi emas. E’tibor bering, faqat sayyohlar uchun. Eng qizig‘i, Britaniya YEIning ikki a’zosi Latviya va Litva fuqarolariga qirollik hududiga kirishga ruxsat bermoqchi emas, chunki britaniyaliklarning fikricha, bu mamlakatlardan odamlar sayyoh ko‘rinishida Britaniyaga ishlashga keladi. Britaniya esa o‘zining buyukligiga raxna solyapti deb hisoblayotgan muhojirlar oqimini kamaytirish niyatida.

Latviya va Litvaning O‘zbekistondagi elchixonalari ham bejiz gavjum emasligini bilasiz. Odamlar Boltiq bo‘yidagi bu mamlakatlarga borishni tushlarida ko‘rib chiqmaydi, shunchaki bu mamlakatlar orqali Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlariga borishni maqsad qilishadi. Britaniyada 5 yildan buyon yashayotganlarga qirollikda doimiy yashash huquqi beriladi, 5 yildan kamroq yashaganlar esa 2019 yildan boshlab doimiy yashash huquqi olish uchun ariza topshirishni boshlagan. Hozirgacha 2,5 million odam bu borada ariza bergan va oz sonli odamlargina rozilik hujjati ololmagan. Ularning aksari sudlangan ekani aytiladi.

Britaniyaga kirish uchun ball
Breksitdan so‘ng Britaniyaga kirish qiyinlashadi (axir ular shuning uchun ittifoqdan chiqib ketmoqda). Ya’ni, Britaniyaga kirmoqchi bo‘lsangiz, kerakli ballni qo‘lga kiritishingiz talab etiladi. Bu sizning faoliyatingiz, o‘z mamlakatingizdagi harakatlaringiz asosida hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, Britaniya faqat risoladagi odamlargagina o‘z hududiga kirishga ruxsat beradi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqidan kelayotgan odamlarga ham turli kvalifikatsiya qilingan vizalar beriladi. Masalan, olimlar yuqori kvalifikatsiyadagilar uchun beriladigan, qirollik hududiga mavsumiy ishchi bilan keladiganlar quyi kvalifikatsiyadagilar uchun beriladigan vizalarni olishadi. Xullas, Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqan ilk a’zoga aylanadi.

Darvoqe, agar imkoningiz bo‘lsa, 1 fevral kuni soat 04:00da Britaniyaning ittifoqdan chiqishi rasman e’lon qilish marosimini tomosha qiling. Unda Boris Jonson tarixiy bo‘lishi kutilayotgan nutq o‘qiydi. Qiziq bo‘lishi shubhasiz.

Shu o‘rinda Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi haqida yana bir mulohaza bildirsak. Qirollik shunchalik qudratli kuchga aylandiki, boshqalar o‘z mamlakatiga odamlarni chaqirish bilan band bo‘lgan bir vaqtda Britaniya o‘z hududiga odamlar kirishini cheklash bilan ovora. Britaniya bugun o‘z iqtisodi borasida shunchalik xotirjamki, fuqarolarining xavfsizligi uchun hamma kirishni orzu qiladigan ittifoqni tap tortmay tark etmoqda. Balki shuning uchun ham u Buyuk Britaniyadir...

O‘tkir Jalolxonov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Breksitdan keyingi hayot: Britaniya buyuk bo‘lmay qoladimi?