date
views 3 719

«Virus xitoyliklarni yanada jipslashtirdi» – Uxanda qolayotgan o‘zbek talabasi

«Virus xitoyliklarni yanada jipslashtirdi» – Uxanda qolayotgan o‘zbek talabasi
31 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2019-nCoV koronavirusning tarqalishini xalqaro darajadagi tibbiy favqulodda holat deb e’lon qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda virusdan zararlanish oqibatida kamida 259 kishi halok bo‘lgan, 11 791 ming kishi virusni yuqtirib olgan, ularning 1795 nafari og‘ir ahvolda. Virusdan zararlanish holatlari Xitoydan tashqari 23 davlatda aniqlangan.

Shunday holatda epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida 72 nafar O‘zbekiston fuqarosi qolmoqda.
Kun.uz muxbiri Uxanda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba Roza Ortiqboyeva bilan bog‘lanib, karantinda qolayotgan shahar, u yerdagi o‘zbekistonlik talabalar ahvoli haqida suhbatlashdi.

«Bakalavr bosqichini Toshkent tekstil va yengil sanoat institutida 2018 yilda tamomladim. Hozirda Uxan tekstil universitetining magistratura bosqichi 2-kursida tahsil olmoqdaman.

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida «Bir makon – bir yo‘l» loyihasi asosida turli kelishuvlar mavjud. Ular orasida ikki davlat universitetlarining o‘zaro talaba almashish dasturi ham amal qiladi. Shu kelishuv bo‘yicha hozirda Xitoydaman.

Aslida virus dekabr oyida ma’lum bo‘lishni boshladi. Virus haqida dastlab Xitoy saytlari orqali o‘qidim. O‘sha paytda mendagi holat unchalik xavotirli emasdi, sababi bu xabar hali biror raqam va statistikalar bilan tasdiqlanmagan edi.

Shuning uchun boshida virusni Xitoyda odatdagi, tez-tez uchrab turadigan kasallik deb o‘yladim. Uni tezda davosi topiladi, deb o‘ylagandim», — deydi Roza Ortiqboyeva.

– Hozir virusdan saqlanish uchun qanday choralar ko‘ryapsiz?
– Biz shahar hali karantinga olinmagan paytdayoq ehtiyot choralarini ko‘rish haqida ogohlantirilganmiz. Sababi bu kabi universitetlarda xalqaro bo‘lim mutaxassislari talabalar bilan doimiy aloqada bo‘lib turishadi.
Karantin e’lon qilingandan keyin nazorat yanada kuchaytirildi. Masalan, talabalarga har uch kunda 10tadan xavfsizlik niqoblari beriladi.

Universitetga kirish va chiqishda doimiy nazorat o‘rnatilgan. Talabalar ta’lim muassasasi hududiga kirganda ham, chiqqanda ham maxsus ma’lumotnoma to‘ldirishadi. Bu ma’lumotnomada o‘zining sog‘lig‘i, chiqishdan maqsadi va boshqa ma’lumotlar to‘ldiriladi. Har bir talaba albatta tana haroratini o‘lchovchi maxsus detektor tekshiruvidan o‘tadi.

Bundan tashqari, kun boshlanishi bilan barcha talabalar «Iltimos, ko‘chaga kamroq chiqilsin, odam ko‘p to‘planuvchi joyga bormang!» mazmunidagi sms xabarnoma olishadi.

– Siz o‘qiydigan universitetda virus yuqtirgan talabalar uchradimi?
– Yo‘q, uchramadi. Universitetda 6ta o‘zbekistonlik talaba o‘qiymiz. Bundan tashqari, 70ga yaqin turli davlat yoshlari tahsil oladi. Ammo bu kabi holat hali uchramadi.

– Uxanda hozir qanday vaziyat hukm surmoqda? Karantin talablari qanday?
– Virus hozir Xitoyda uchramaganida ham bu yerda hozir ta’til mavsumi. Bu davlatda har yil 5 yanvardan 17 fevralgacha talabalarga ta’til berilgan. Shu muddatni o‘z davlatida o‘tkazmoqchi bo‘lgan talabalar allaqachon vataniga qaytib ketishgan. Ta’tilni Xitoyda o‘tkazishni xohlaganlar esa Xitoyda qolishgan. Biz virus bo‘lmaganda ham ta’tilni yotoqxonada o‘tkazgan bo‘lardik.

Ikkinchidan, Xitoyda yil davomida bir marta ommaviy dam olish bo‘ladi. Bundan ko‘pchilikni xabari bor. Ya’ni yangi yil arafasi, 25-30 yanvar kunlari dam olish sifatida uyda o‘tkaziladi.

Bu yerda hozir barcha savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish markazlari yopilgan. Faqatgina sanoqli katta supermarketlar ishlab turibdi.
Kecha Xitoy rasmiy saytlaridan birida o‘qidimki, dam olish kunlari virus tarqalishi munosabati bilan 2 fevralga qadar cho‘zildi.

– Karantin holatidagi shaharda odamlarning o‘zaro munosabatida o‘zgarish kuzatildimi? Masalan, odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat kuchaygani, hamdardlik kabi tuyg‘ularga misollar keltira olasizmi?
– Men hozir sizga aytadigan misolim aniq manbaga asoslangan. Bir necha kun avval Xitoy rasmiy saytlaridan birida Uxan shahri hokimi Chjou Syanvanning aholiga murojaatini o‘qidim.

Murojaatni ingliz tiliga tarjima qilib o‘qidim. E’tiborimni tortgan jihat hokimning fikrlari ostidagi uxanliklarning izohlari bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, xitoyliklarning sabri, matonati va birdamligiga qoyil qolish mumkin.

Masalan, izohlardan birida Xitoyda bo‘lgan tabiiy ofatlar, kasalliklar misol keltiriladi. 1954,1998 yillarda Uxanda katta suv toshqinlari ro‘y bergan. 2003 yilda esa shaharda SARS nomli virus epidemiyasi tarqaladi.

Va nihoyat, 2016 yilda ham Uxanda yirik suv toshqinlari kuzatiladi. Izohlarda mana shu voqealar va bunda uxanliklarning jasorati eslanadi.

Izohlarda nafaqat hokimni, balki shifokorlarni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Aytganimdek, xalqning birdamligi shu kabi voqealarda ham yaqqol sezilmoqda. Menimcha, ruhiy tomondan xalq tushkun kayfiyatda emas.

– Internetda koronavirus bilan bog‘liq holda tarqalayotgan xabarlarga qanday munosabatdasiz?
– Shu fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizga aytmoqchi edimki, xavotirimiz o‘rinli, ammo tahlikalarimiz judayam o‘rinli emas. Virusga davo topish ustida dunyoning turli davlat vakillari izlanishmoqda. Ular orasida Xitoy, Yaponiya, AQSH kabi tibbiyoti rivojlangan davlat olimlari bor.

Biz ko‘proq virusdan vafot etganlar haqida gapiryapmiz. Ammo undan to‘la xalos bo‘layotganlar ham bor. Ular vafot etayotganlar sonidan judayam kam emas. Demak, nimadir qilinayotgani rost. Albatta, bu tibbiyot va davo topish ma’lum vaqtlarni oladi.

– Ayrim davlatlar o‘z fuqarolarini Uxandan alohida karantin hududiga olib ketmoqda. O‘zbekiston ham shunday qilishi kerakmi. Bu vaziyatni og‘irlashtirmaydimi? [Suhbat 29 yanvar kuni yozib olindi.-tahr].
– To‘g‘risi, ketish imkoniyati bo‘lganda hozir ham O‘zbekistonga qaytmay turgan bo‘lardim. Nega? Albatta, mening bu javobim shaxsan o‘zim uchun va u Uxandagi barcha o‘zbek yoshlari nomidan aytilmayapti.

Birinchidan, agar men O‘zbekistonga qaytadigan bo‘lsam, kasallikning 7-14 kunda ma’lum bo‘lishi mumkinligi nuqtayi nazaridan oilamni, xalqimizni xavfga qo‘yishim mumkin. Bizda epidemiya holati avval kuzatilmagan va tibbiyot jihatidan bizni qaytishimiz xavfli bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, agar shunday bo‘lganda ham, solishtiraylik. O‘zbekistondagi tibbiyot kuchliroqmi, Xitoydagimi? Qayerdagi shifokorlar bizga ko‘proq yordam bera oladi? Hozir Xitoyda butun dunyodan eng kuchli shifokorlar ishlashmoqda.

Uchinchidan, o‘qigan ma’lumotlarimga ko‘ra, karantindagi hudud boshqa hududlarga nisbatan xavfsiz bo‘ladi. Nega? Chunki karantindagi hudud yopiq hisoblanadi. Kirish-chiqish yo‘q. Bu yerda birinchi va to‘g‘ri yordamni ko‘rsatish imkoniyati ko‘proq. Ayniqsa, boshqa millat fuqarolari va talabalarga nisbatan birinchi bo‘lib yordam ko‘rsatiladi.

Aytmoqchimanki, yaqinlar bilan bo‘ladigan to‘rt kunlik, boringki bir oylik diydorni deb butun oila a’zolarimni xatarga qo‘ygim kelmaydi.
Qachonki virus yo‘qolib, xavfsiz va to‘la sog‘lom ekanligimni bilgachgina uyga qaytaman.

Hozirda elchixona vakillari ham biz bilan doimiy aloqada bo‘lib turishibdi.
Yuqorida aytganimdek, bu shaxsan o‘zimning fikrim va boshqa o‘zbekistonliklar fikrini ifodalamaydi.

– Sizga mustahkam sog‘liq, o‘qishlaringizda omad tilayman.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Virus xitoyliklarni yanada jipslashtirdi» – Uxanda qolayotgan o‘zbek talabasi