Foto: The Hill
Fevral oyida AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari rasman boshlandi. Dunyoning hech bir mamlakatida saylovlar bu qadar qiziqarli kechmasa kerak. AQSHda saylov boshqa ko‘pchilik davlatlarda bo‘lgani kabi bir kunda o‘tib ketmaydi. Okeanortida bu jarayon uzoq davom etadi, shu bois odamlarda saylov madaniyati yuqori darajaga yetgan.
AQSHdagi prezidentlik saylovlari praymerizdan boshlanadi. Ya’ni, bu partiyalarning ichki ovoz berish jarayoni. Praymeriz «boshlang‘ich ovoz berish» degani va bu jarayon bevosita saylov natijasiga ta’sir qiladi. Praymeriz har bir shtatda alohida o‘tkazilib, unda partiya a’zolari o‘zlarining partiyalaridan ko‘rsatilgan nomzodlar orasidan birini tanlaydi.
Bu ish saylovlar vaqtida partiya vakillari uchun berilgan ovozlar sochilib ketishining oldini olish uchun qilinadi. Aytaylik, demokratlardan hal qiluvchi bosqichga ikki nomzod yetib borgan va partiya ularning ikkisini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Partiya hal qiluvchi natijalarga ko‘ra, ikki demokrat nomzodni qo‘llaganlarning ovozini bo‘lib olib, arosatda qolgandan ko‘ra bir nomzodni qo‘llashni afzal ko‘radi. Bir so‘z bilan aytganda, AQSH saylovlarida shaxslar emas, g‘oyalar o‘rtasida kurash kechadi. Bu esa siyosatning eng yuqori cho‘qqisidir.
AQSHda odatga ko‘ra ilk praymeriz Nyu-Hempshirda boshlandi. Praymerizni o‘zida boshlash uchun ko‘p shtatlar harakat qilib ko‘rgan, ammo o‘ziga xos saylovning starti aynan Nyu-Hempshirdan boshlanish an’anasi o‘zgarishsiz qolmoqda. Har qanday nomzod uchun dastlabki praymeriz natijasi juda muhim, chunki ilk natijalar qolgan shtatlardagi saylovchilarga ham bevosita ta’sir qiladi.
AQSHda prezidentlik poygasi. Bu haqda nimalarni bilish lozim?
Yo‘q, Nyu-Hempshirda vakillar (delegatlar) qolgan shtatlardan farq qiladigan darajada ko‘p emas. Darvoqe, AQSHda saylovchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentlikka nomzodlarga emas, vakillarga ovoz berishadi. Vakillar esa o‘ziga ishonganlar nomidan prezidentni saylaydi. Shu bois, Tramp Hillari Klintondan 3 million kamroq ovoz olgan bo‘lishiga qaramay, prezident bo‘lib ketgandi, chunki Trampga ko‘proq vakil ovoz bergan.
Demak, ilk praymeriz haqida gaplashayotgandik. Aytaylik, siz Nyu-York shtati fuqarosisiz va kimga ovoz berishga ikkilanyapsiz. Tabiiyki, siz demokrat ham, respublikachi ham emassiz, aks holda katta ehtimol o‘z partiyangiz ko‘rsatgan nomzodni qo‘llar edingiz. Ikkilanib turgan vaqtingizda esa Nyu-Hempshirdagi praymeriz natijasiga qaraysiz. U yerda kimdir katta farq bilan g‘alaba qozonsa, shuncha odam bir nimani biladi-ku, degan tushuncha har qanaqasiga xayolingizdan o‘tadi. Kamida Bayden nega 5-o‘rinni oldiykin, demak Ukrainadagi gap-so‘zlar bekorga emaskan-da, deb o‘ylaysiz.
AQSHda hamma demokrat yoki respublikachi deb o‘ylasangiz, adashasiz. Saylovlarda neytral ovoz beruvchilar juda ko‘p bo‘ladi. Nomzodlar o‘z partiyasidagilarning e’tiborini tortish uchun emas, aynan neytral nomzodlarning ovozi uchun kurashadi. Axir partiyadoshlari shundoq ham ularga ovoz beradi. Aynan mana shu jihatdan praymerizning boshlanishi juda muhim.
Sanders eng keksa nomzod, ammo u g‘olib bo‘ldi
Berni eng keksa nomzod, lekin eng oldinda / LIVENews
Nyu-Hempshirdagi ilk praymerizda demokratlar orasida o‘tgan safar ham prezidentlikka nomzodini qo‘ygan Berni Sanders g‘olib bo‘ldi. Uni 26 foiz demokrat qo‘llagan. Jo Baydenni ilk praymerizda partiyadoshlaridan 9 foizi qo‘llagan va bu borada sobiq vitse-prezident beshinchi bo‘ldi. Sandersga bunday g‘alabadan so‘ng Trampning asosiy raqibi sifatida qaray boshlashdi.
Nyu-Hempshirdagi praymerizda Sanders va Buttijich 9tadan delegat ovoziga ega bo‘ldi, Blumberg hali praymerizga qo‘shilmagan
«Qarib quyilmagan» Sanders
Sentabrda 79 yoshni qarshi oladigan Sanders nomzodlar orasida eng qarisi, ammo amerikalik yoshlar aynan uni qo‘llamoqda. Sotsialist hisoblangan Sanders 1988 yil Rossiyada ish tashrifi bilan borib bahonada «asal oyi»ni ham Yaroslavlda o‘tkazgan. AQSHda bu faktga alohida e’tibor berishmoqda. Agar Sanders Trampning asosiy raqibiga aylanishi aniq bo‘lsa, uning Rossiyadagi safari haqida qizil ma’lumotlar chiqib qolsa, ajablanmang. Axir Baydenning o‘g‘li bilan bog‘liq Ukrainadagi muammolar sobiq vitse-prezidentning elektoratiga ta’sir qilganini ko‘rdik.
Nega yoshlar Sandersni qo‘llamoqda?
Foto: LIVENews
Sandersning asosiy ustunligi o‘z yo‘lida sobitqadamligidadir. U doim o‘z pozitsiyasida turib kelgan. Ayni damda Sandersning yoshlar va afroamerikaliklar o‘rtasida obro‘si katta. Ayniqsa yoshlar Sandersni juda yaxshi ko‘radi, chunki Berni so‘lchi demokrat bo‘lgani uchun keskin chiqishlari bilan ajralib turadi. So‘lchilar o‘zlarini haqiqiy demokrat deb hisoblashadi va insonning siyosiy erkinligi uchun kurashadi. Ular har qanday cheklovlarni rad etadi va tabiiyki bu qoni qaynab turgan yoshlarga yoqadi.
So‘rovlar nima deydi?
Ijtimoiy so‘rovlar haqidagi fikrimizni bildirishdan avval AQSHda bunday turdagi so‘rovlar qanchalik aniq amalga oshirilishi haqida gapirsak. Masalan, Nyu-Hempshirdagi praymerizdan avval ijtimoiy so‘rovlar natijalari Sanders 25 foiz ovoz olishini ko‘rsatgandi, ovoz berish tugagach Vermont shtatidan saylangan mustaqil senator 26 foiz ovoz oldi. Ya’ni, so‘rovlar katta aniqlikda natija beradi.
2019 yil oxirida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar natijasiga ko‘ra, AQSHdagi 70 foiz «milleniallar» (ya’ni 1985 yildan keyin tug‘ilganlar) saylovlarda Sandersni qo‘llashini aytgan. 2000 yildan keyin tug‘ilgan yosh saylovchilar orasida esa bu ko‘rsatkich 64 foizni tashkil qilgan.
3 martga belgilangan «superseshanba»da ham Sanders g‘olib bo‘lsa, Tramp tanqidlar nishonini Baydendan Berni Sandersga qaratsa kerak. Bilasizmi, bu borada Trampda variantlar kamroq bo‘ladi, chunki Bayden vitse-prezident lavozimida ishlagan, hukumatda faol ish olib borgan. Sanders esa rahbariyatda ishlamagan, faqat senatorligi bilan tanilgan. Baydenni troll qilish uchun Trampda imkoniyat ko‘p edi, ammo Sanders bu borada ancha toza nomzod.
So‘rovlarda dastlab Baydenni ko‘proq qo‘llashayotgandi, so‘nggi vaqtlarda Sanders barqaror odimlamoqda
Nomzodlarning oila a’zolari ham bunday vaqtda katta sahnaga chiqadi. Masalan, Bayden yaxshi ketayotgan vaqtda o‘g‘lining Ukrainadagi faoliyati unga pand berdi: Tramp Zelinskiy bilan uchrashib unga Baydenning o‘g‘li bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishni «uyga vazifa qilib berdi». AQSHdan investitsiya va katta yordam pullari kutayotgan Ukraina hozir bunday so‘rovni qo‘rslik qilib rad etadigan ahvolda emas. Natija esa Tramp uchun yaxshi bo‘ldi — Bayden asosiy raqobatchi bo‘lmay qoldi.
Yoki Fransiya prezidentlik poygasida Makronga xotini shunchaki oddiy o‘qituvchi (buning ustiga o‘zining birinchi o‘qituvchisi) ekani ham yordam bergandi. Uning raqiblari orasida kimningdir eri, kimningdir farzandi qandaydir mojaroga aralashgan bo‘lib chiqib, Makron «namunali oila boshlig‘i» sifatida bu borada muammoga uchramagandi.
Trampga raqobat qila oladimi?
Photos by Sarah Silbiger/Getty Images and Chip Somodevilla/Getty Images.
Berni Sanders mamlakatning eng mashhur siyosatchilaridan biri. U Baydendan farqli saylov kampaniyasini raqiblarini yanchishga urinish asosiga tuzgani yo‘q. Har holda hozircha shunday. Bayden oz emas, ko‘p emas naq amaldagi prezidentga qarshi chiqishlari bilan Trampning asabiga o‘ynadi va oqibatda «ukraincha zarba» qabul qilib oldi. Sanders ham Trampni ag‘darish haqida gapirdi (nomzodlarning ko‘pchiligi bu gapni ta’kidlamoqda), ammo Trampni qoralashni asosiy ishiga aylantirib olgani yo‘q.
Amerikalik siyosatchilarning fikricha, Sanders demokratlarning yagona nomzodiga aylanishi mumkin, ammo Trampga qarshilik qilish u uchun deyarli imkonsiz, chunki Sanders klassik so‘lchi sifatida hukumatni juda ko‘p tanqid qilgan holda ijtimoiy himoyaga ko‘p e’tibor berishni xohlaydi. Okean ortida esa «AQSHning buyuk ekanini madh etmagan» nomzodlar muvaffaqiyat qozonishi qiyin (shu o‘rinda Trampning ilk marta nomzodini qo‘ygan vaqtdagi shiorini eslang: Make America great again).
Chindan AQSHdagi saylovlarda asosiy intriga 2-o‘rin uchun kechayotgandek. Yo‘q, Trampning obro‘si oshib ketgani yo‘q, aksincha ko‘pchilik amerikaliklarning undan toqati toq bo‘lgandek, shunchaki maydonda yetarli darajada kuchli raqib ko‘rinmayapti.
Masalan, demokratlarning o‘zi asosiy nomzod borasida bir fikrga kelgani yo‘q. Saylov kampaniyasi avvalida bir qarashda risoladagidek nomzod bo‘lgan Jo Bayden partiya tomonidan qo‘llandi va demokratlar partiyasi aynan «o‘ng va so‘lga og‘magan» Baydenni asosiy nomzod sifatida ko‘rsatmoqchidek edi, ammo saylovchilar praymerizning birinchi raundida qariya Sandersni ma’qulroq nomzod sifatida tanladi.
Sanders — qaysar, Bayden esa faqat maqsad sari intiladi
Buttijich, Sanders, Bayden va Uorren. Demokratlarning favoritlari
Demokratlarning asosiy nomzodi bo‘lish uchun kurashayotgan Sanders va Bayden bir-biridan butunlay farqli insonlar. Sanders uchun go‘yoki o‘z g‘oyalaridan oliyroq narsa yo‘qdek, ya’ni u prezident bo‘lish uchun aynan qandaydir chiqishlarga zo‘r bermaydi. Masalan, Tramp odamlarga nima yoqishini bilgan holda kampaniyasini ishlab chiqib, qaysidir ma’noda shuning evaziga g‘alaba qozongandi. Bayden esa amerikaliklarda Rossiyaga bo‘lgan nafrat oshgan ayni damda «oliy darajadagi rusofob» ekanini ko‘p bora isbotlamoqchi bo‘ldi.
Bu qaysidir ma’noda «Kassandra tamg‘asi»dagi (Chingiz Aytmatovning mashhur romani) Oliver Ordokning harakatlarini eslatib yuboradigan populistlikka o‘xshaydi. Sandersda mana shu narsa yo‘q, u qo‘pol qilib aytganda, o‘zining so‘lcha g‘oyalariga sobit qoladigan qaysar qariya.
Demokratlar taktik jihatdan kuchsizmi?
Sanders oldingi saylovlarda ham saylovchilar orasida katta obro‘ga ega bo‘lganiga qaramay, demokratlar partiyasi sobiq davlat kotibi, sobiq birinchi xonim Hillari Klintonni asosiy nomzod sifatida tanlagandi. WikiLeaks esa xuddi shuni kutib turgandek Klintonning maxfiy yozishmalarini e’lon qilib, Trampga «yashil chiroqni yoqib berdi». Agar partiya Sandersni qo‘llaganida, balki hammasi boshqacha bo‘lgan bo‘lardi, chunki Berni doim mustaqil siyosatchi bo‘lgan va Klintondan farqli ravishda hech kimga nimanidir va’da qiladigan vakolatga ega bo‘lmagan.
Bu yilgi saylovlarda esa demokratlar oldingi omadsizlikdan qochish uchun Baydendan voz kechib, Sandersni qo‘llashi mumkin. Chunki hali praymeriz boshlanmay turib Baydenni «yer bilan yakson qilishni boshlagan» Tramp agar u asosiy raqibga aylansa, qanaqa «kompromat» topib qo‘yganini tasavvur qilavering.
«Davlatimiz Eron va Saudiya bilan bir qatorda bo‘lishini xohlamayman»
Berni Sandersning qay darajada so‘lchi ekanini isbotlash uchun bir iqtibosini eslasak. AQSHda mavjud bo‘lgan o‘lim jazosiga qarshi bo‘lgan Sanders chiqishlaridan birida shunday degandi: «Men davlatimiz o‘lim jazosini qo‘llaydigan Xitoy, Eron va Saudiya kabi mamlakatlar bilan emas, Yevropa demokratlari bilan bir qatorda bo‘lishini xohlayman».
AQSH Saudiya Arabistoni bilan qanchalik qalin ekani ma’lum gap, chunki bu mamlakat Amerikadan «dahshatli» miqdorda ko‘p qurol-yarog‘ sotib oladi. Tramp o‘z prezidentligi davrida Saudiyaga 400 milliard dollarlik qurol-yarog‘ sotilganini ko‘p marta maqtangan. AQSHning Xitoydan tashqi qarzi ham boshni aylantiradigan darajada katta. Mana shularni bilgan holda Sanders prezidentlik kampaniyasi vaqtida bu iqtisodiy derjavalarni o‘ta xotirjamlik bilan bemaza mamlakatlar qatoriga qo‘shdi. Sanders Amerika, Amerika, deb haybarakallachilik qilmaslik barobarida mamlakat manfaatini, sha’nini har qanday milliardlardan ustun qo‘ya oladi. Bu Ronald Reyganni eslatmayaptimi?..
Nomzod qachon tanlanadi?
AQSHda saylovchilar vakillarga ovoz berishi, vakillar esa o‘zini qo‘llaganlar nomidan prezidentni saylashi yuqorida aytib o‘tildi. 2020 yilning 16 iyun kuni demokratlarda vakillar tanlash jarayoni yakunlanadi, ya’ni praymeriz o‘z nihoyasiga yetadi.
Darvoqe, 3 martga belgilangan «superseshanba»da ham juda ko‘p narsa oydinlashadi. Shu o‘rinda, bu termin haqida ikki og‘iz: AQSHda prezident saylovlari noyabrda o‘tkaziladi. Saylovgacha bo‘lgan praymeriz esa fevralda boshlanadi. Odatda fevralning so‘nggi seshanbasida 15ta, ba’zan 20ta shtatda bir vaqtning o‘zida praymeriz o‘tkaziladi.
«Superseshanba»ni yutganlar poygada katta ustunlikka ega bo‘ladi. Bu yil «superseshanba» mart oyining dastlabki seshanbasiga to‘g‘ri kelmoqda. Demak, 16 iyunda vakillar tanlash yakunlangach, 13-16 iyul kunlari Miluoki shtatida o‘tkaziladigan partiya yig‘ilishida demokratlar partiyaning asosiy nomzodini tanlab oladi. Prezidentlik saylovlari esa 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi, bu AQSH tarixidagi 59-prezidentlik saylovi bo‘ladi.
Saylovning birinchi bosqichi taqvimi
Demak, shunaqa gaplar. Barchangizga 3 martdagi «superseshanba»ni o‘tkazib yubormaslikni tavsiya qilamiz. Umuman, AQSH prezidentlik saylovlarini kuzatish odamga zavq bag‘ishlaydi. Chunki bu ajoyib davlat aynan demokratik saylovlar, sof saylov raqobati evaziga bugun dunyoning eng qudratli davlati bo‘lib qoladi. Aynan shu sabab «kecha paydo bo‘lgan» Amerika ko‘hna Yevropa va ming yillik an’analarga ega sharq davlatlarini ortda qoldirib, dunyoning iqtisodiy markaziga aylandi. 4 noyabrda ana shu ajoyib mamlakat yangi prezident bilan uyg‘onishi mumkin. Nima deb o‘ylaysiz, Trampni yengishning imkoni bormikin?..
O‘tkir Jalolxonov
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi