09:36 / 28.05.2020
2 700

Dunyodagi vaziyat: Lotin Amerikasida vaziyat og‘irlashmoqda, Britaniyada siyosiy mojaro

Dunyodagi vaziyat: Lotin Amerikasida vaziyat og‘irlashmoqda, Britaniyada siyosiy mojaro
Jons Hopkins Universiteti ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 5,7 milliondan ortdi, 354 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi. Tibbiyotchilarni so‘nggi vaqtlarda Lotin Amerikasida yuzaga kelgan vaziyat tashvishga solmoqda. Ushbu qit’ada koronavirusdan kasallanish holatlari soni keskin o‘sdi va Panamerika sog‘liqni saqlash tashkilotining tasdiqlashicha, pandemiya o‘chog‘i aynan shu mintaqaga ko‘chib o‘tgan.

Braziliyada ilk holat 26 fevral kuni qayd etilgandi / Getty Images
Braziliyada kasallanish holatlari soni 400 mingga yaqinlashgan, mamlakat kasallanish darajasi bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Mekiska, Chili va Peruda ham Covid-19’dan zararlanish holatlari yuqori tezlikda o‘smoqda.

Mintaqada ilk holat 26 fevral kuni Braziliyada qayd etilgandi va tez orada kasallik butun qit’aga yoyildi. Ayni vaqtga kelib Lotin Amerikada kasallanish holatlari soni 750 mingdan oshgan, 40 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

Hozircha kasallikdan o‘lim darajasi Yevropa va AQSHdagidan ko‘ra pastroq, ammo ekspertlar bu hududlarda aholini test qilish darajasi past bo‘lgani tufayli barcha o‘lim holatlari qayd etilmayotganini aytishmoqda.

Eng yuqori o‘lim darajasi aholi nisbatan eng zich bo‘lgan hududlarda - Meksika (8 mingdan ortiq) va Braziliyada (24 mingdan ortiq) qayd etilmoqda.

Shu bilan birgalikda, ayni vaqtda AQSH va Yevropa davlatlarida kunlik o‘limlar soni pasaymoqda, Lotin Amerikasida esa kunlik o‘limlar soni kundan kunga ortmoqda.

Doktor Karissa Etenning so‘zlariga ko‘ra, Lotin Amerikasi epidemiyaning yangi o‘chog‘iga aylanganiga hech qanday shubha yo‘q
Braziliya, Meksika va Peruda har ikki-uch haftada o‘limlar soni ikki barobarga ko‘paymoqda.
Panamerika sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Karissa Eten «bu mintaqa pandemiya markaziga aylanganiga hech qanday shubha qolmagani» haqida gapirdi.

Ekspertlar Lotin Amerikasida epidemiya o‘z cho‘qqisidan hali o‘tmaganini qayd etishmoqda.
Bu vaqtda Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining pandemiyadan katta zarar ko‘rgan davlatlari uchun 750 mlrd yevro ajratishga qaror qildi.

Pandemiya tufayli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz YEIning barcha 27 a’zo-davlatiga ta’sir qildi, ammo ayrim davlatlarda epidemiyagacha ham ishlar yaxshi emasdi va ularning tashqi qarzlari sezilarli darajada o‘sib ketdi.

Asosiy yordam paketlari pandemiya tufayli eng ko‘p jabr ko‘rgan Italiya va Ispaniyaga ajratiladi.
Italiya 170 mlrd yevro, Ispaniya 140 mlrd yevro olishi kutilmoqda. Yordam paketining qariyb yarmi zayomlar ko‘rinishida taqdim etiladi.

Fransiya 8 mlrd yevro miqdoridagi o‘z yordam paketini taqdim etdi, bu mablag‘larning asosiy qismi avtomobilsozlik sanoati uchun mo‘ljallangan - karantin vaqtida ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari faoliyati butunlay to‘xtab qoldi.

Fransuz hukumati avtomobilsozlarni qo‘llashga qaror qildi / Getty Images
Fransiya hukumati shifokorlarga gidroksixloroxindan koronavirusni davolashda foydalanishni taqiqladi, bezgakka qarshi dori vositasi bo‘lgan ushbu preparat salbiy ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega hisoblanadi.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlar guruhi gidroksixloroxin va xloroxinni Covid-19 kasalligini davolashda qo‘llashni vaqtincha to‘xtatgani haqida xabar berilgan edi. Bunga ushbu dorilar tufayli o‘lim holatining oshgani sabab bo‘lgan. Olingan ma’lumotlar asosida mazkur dori vositalarining samaradorligi qayta baholanadi.

26 may kuni Fransiya Sog‘liqni saqlash oliy kengashi shifoxonalarda og‘ir ahvolda yotgan bemorlarga gidroksixloroxin qo‘llamaslikni tavsiya qilgan.

JSST ikkinchi to‘lqin haqida ogohlantirdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yana bir bor karantin choralarini barvaqt bekor qilish ikkinchi to‘lqinga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Jenevada o‘tgan brifingda tashkilotning sohadagi favqulodda vaziyatlar dasturi bo‘yicha direktor Maykl Rayan dunyo hozirda koronavirusning birinchi to‘lqini o‘rtasida turgani haqida gapirgan.

«Ko‘plab mamlakatlarda kasallangan kishilarning real soni kamaymoqda. Klassik tushunchada kasallikning ikkinchi to‘lqini haqida gapirganda birinchi to‘lqin kamaygani, so‘ngra bir necha oydan keyin ikkinchi to‘lqin boshlanishi ta’kidlanadi.

Biroq biz kasallik kutilmaganda yana avjiga chiqishi mumkinligini unutmasligimiz zarur. Agar koronavirus infeksiyasiga chalinishlar soni kamaysa, biz ikkinchi to‘lqinga tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. Bu boshqa pandemiyalarda ham kuzatilgan, 1919 yilda «ispan grippi» bilan bog‘liq vaziyatda ham shunday bo‘lgan. Shu sababli biz ikkinchi to‘lqinni emas, balki birinchisining ikkinchi cho‘qqisini kuzatamiz
», degan u.

Uning fikricha, koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini paydo bo‘lishi gripp mavsumi bilan bog‘liq va bu voqea 2020 yil oxirida kuzatilishi mumkin.

So‘nggi haftalarda G‘arbdagi ko‘plab davlatlar, Yevropa davlatlari karantin choralarini yumshatishni boshladi. AQSHning ayrim shtatlari ham lokdaundan chiqmoqda. Ispaniya esa 1 iyuldan sayyohlarni qabul qilishga tayyor.

Britaniyada shov-shuvli iste’fo

Boris Jonson va Dominik Kammings / Getty Images
Britaniyada Boris Jonsonning bosh maslahatchisi, o‘zini ihotalash tartibini buzgan Dominik Kammings atrofidagi mojaro davom etmoqda.
Kammingsni Boris Jonsonning eng ishongan odami va «Breksit me’mori» deb atashadi.

Seshanba kuni Britaniyadagi gazetalarning birinchi sahifalari Kammingsga bag‘ishlandi, u dushanba kungi matbuot anjumanida o‘z harakatlaridan afsusda emasligi va iste’foga chiqmasligini ma’lum qildi, holbuki u o‘z ixtiyori bilan iste’foga ketishini nafaqat muxolifatdagilar, balki Konservativ partiya vakillari ham so‘rashmoqda.

Jurnalistlar bir necha marta Kammingsni o‘zining tashabbusi bilan joriy etilgan total karantin tartibini buzgani haqida yozib chiqishdi. U qat’iy karantin vaqtida Londondan 400 km masofada joylashgan Darem shahriga ota-onasini ko‘rgani borgani ma’lum bo‘ldi. Holbuki u koronavirus alomatlari paydo bo‘lgani uchun o‘zini o‘zi izolyatsiya qilishi kerak bo‘lgan.

Kammingsning o‘zi Daremga borganini 4 yoshli o‘g‘lini ota-onasiga qoldirish maqsadi bilan izohlamoqda. U va rafiqasida kasallik alomatlari paydo bo‘lgach, ular shifoxonaga yotqizilsa, bola qarovsiz qolib ketishi mumkin bo‘lgan.

Seshanba kuni Kammingsning harakatlaridan norozilik belgisi sifatida Konservatorlar partiyasining Shotlandiyadagi filiali bo‘lmish Konservatorlar va yunionistlar partiyasi a’zosi, Shotlandiya masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Duglas Ross iste’foga chiqdi.

U tvitterdagi sahifasida e’lon qilgan bayonotida bu lavozimda qola olmasligi, chunki bu karantin tufayli o‘z yaqinlarini ko‘rishga bora olmayotgan ko‘plab saylovchilarga hurmatsizlik ekanini aytib o‘tgan.

«Ularga ularning barchasi xato qilgani, faqat hukumat maslahatchisi to‘g‘ri ish qilgani haqida gapirishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi», degan Ross.

Britaniyadagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat Kammingsning boshlig‘i, Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning siyosiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bosh vazir bir necha marta o‘z maslahatchisining yonini olib chiqdi.

Boris Jonson bugun parlament maxsus qo‘mitasida chiqish qildi. Parlamentning 37 a’zosi ishtirokidagi yig‘ilishda ko‘rilgan masalalardan biri bosh vazir maslahatchisi ishi bo‘ldi.

Jonson o‘z maslahatchisi bilan bog‘liq voqea o‘zining obro‘siga putur yetkazgani haqidagi gaplarni rad etdi va Kammingsni ishdan bo‘shatishdan bosh tortdi.

Bu vaqtda Britaniya karantin tartiblarini bosqichma-bosqich yumshatishda davom etmoqda. Bosh vazir shu kunlarda 1 iyundan bozorlar va avtosalonlar ochilishi, 15 iyundan barcha do‘konlar faoliyatiga ruxsat berilishi haqida gapirgandi.

Britaniya Milliy byuro statistikasi seshanba kuni kasallik qurbonlari bo‘yicha yangi hisob-kitob natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda kasallik avj olishni boshlaganidan buyon 47 mingdan ortiq kishi vafot etgan. Bu esa rasmiy statistikadagidan 10 mingga ko‘p.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi vaziyat: Lotin Amerikasida vaziyat og‘irlashmoqda, Britaniyada siyosiy mojaro