date
views 2 639

Shvetsiyada korrupsiyaga qarshi qanday kurashishadi?

Shvetsiyada korrupsiyaga qarshi qanday kurashishadi?
Foto: Dreamstime
Shvetsiya korrupsiyani butkul yo‘qotmagan bo‘lsa-da, lekin uning mavjudligini va jamiyat hayoti hamda iqtisodiyotga ko‘rsatadigan salbiy oqibatlarini kamaytira olgan mamlakat hisoblanadi. “Pryamaya rech” nashri ushbu mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashdagi tajribasi bilan tanishtirdi.

«Soddalik indeksi»
Odatda Shvetsiya korrupsiya darajasi past mamlakat hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi «Transperensi Interneshnl» xalqaro tashkilotining yillik hisobotlari buni tasdiqlaydi. Shvetsiya Korrupsiyani qabul qilish indeksi (Corruption Perception Index) reytingida 3-4 o‘rinlarni egallab keladi. Mazkur indeks ekspertlar va ishbilarmon doiralar vakillari orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosida tuziladi. So‘rovlar davlat boshqaruvi yoki biznes muhiti tahlili bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladi.

«Poraga qarshi institut» tashkiloti bosh kotibi Xelena Sunden bu indeksni «soddalik indeksi» deb ataydi.
‒ Skandinaviya mamlakatlarida ham korrupsiya bor. Bizda shaffoflik yuqori darajada, ammo baribir korrupsiya holatlari uchrab turadi.

Buning ustiga, keyingi vaqtda masalan O‘zbekistonda «Telia» kompaniyasi bilan yuz bergani kabi korrupsion mojarolar yangi tendensiyani ko‘rsatmoqda ‒ shved biznesi mamlakat ichida halol o‘yin olib bormoqda, ammo korrupsiya darajasi yuqori mamlakatlarda axloq normalarini unutib qo‘ymoqda.

Shved prokurorlari korrupsiyani qabul qilish indeksi haqiqiy holatni emas, bizning qanchalik sodda ekanligimizni ko‘rsatadi deyishadi. Ha, shvetsiyalik amaldorlar porasiz ham ishlaydi, bizda hukumatga nisbatan ishonch bor, biroq baribir bunday holatlar yuz bermoqda. Shu bois biz qo‘l qovushtirib o‘tirmasligimiz kerak, ‒ deydi Xelena.

Chiziqni belgilab berish
Shvetsiyadagi «Poraga qarshi institut» jamoat tashkilotiga 1923 yilda asos solingan va u sof nohukumat tashkiloti emas. Biznes tashkilotlari va Stokholm savdo palatasi tomonidan moliyalashtiriladigan bu institut korrupsiyaga qarshi qonunchilikning nozik jihatlarini aniqlashga e’tibor qaratgan. U odamlarga pora va axloqiy me’yorlar o‘rtasidagi chiziqni belgilashda yordam beradi. Bunda asosiy e’tibor biznes hamjamiyatiga yo‘naltiriladi. Umuman olganda, tashkilot faoliyati «Sovg‘alar, mukofotlar va rag‘batlantirishlar to‘g‘risidagi nizom»ga asoslangan. Nizom yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, o‘z-o‘zini boshqarish vositasi hisoblanadi.

‒ Shvetsiyada poraga qarshi qonunchilik 2012 yilda yangilandi. Qonunda aytilgan – agar qaror qabul qilishingga ta’sir ko‘rsatadigan biror narsani va’da qilishsa yoki berishsa, demak sen chiziqni kesib o‘tding. Ammo yangi qonun qisqa va batafsil emas, unda qoidalar umumiy berilgan. Shu bois institut qonunga tushuntirish beruvchi nizom tayyorlagan, ‒ deydi Xelena Sunden.

«Poraga qarshi institut»da shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq savollar bo‘yicha maslahatlar olish mumkin. Tashkilot biznes va hokimiyatga nima mumkin, nima mumkin emasligi borasida seminarlar o‘tkazadi.

‒ Hokimiyat vakili tadbirkor bilan choy ichishi mumkin, ammo restoranda uning tushligi uchun pul to‘lanishi qaror qabul qilinishiga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Biz biznes hamjamiyatiga qonunda ko‘rsatilganidan ham yaxshiroq bo‘lishingiz mumkin deb tushuntirishga harakat qilamiz, ‒ deya so‘zida davom etadi Xelena.

Ular bir qarashda arzimasdek ko‘ringan ana shunday narsalar bilan shug‘ullanib, ulkan korrupsion mojarolarning oldini olishga urinishadi. Tashkilot huzurida yurisprudensiya va moliya sohasida katta tajribaga ega ekspertlardan iborat axloq komissiyasi faoliyat ko‘rsatadi. Komissiya aniq holatlarni ko‘rib chiqadi va biznesning harakati qonunga muvofiqligini aniqlaydi. So‘ngra boshqalar ham bunday vaziyatda nimalarga e’tibor berishi kerakligini bilishi uchun komissiya qarori e’lon qilinadi. Komissiya yaqinda tadbirkorlar o‘z hamkorlari uchun ziyofat uyushtirish mumkinmi yoki yo‘qligi masalasini ko‘rib chiqdi.

‒ Bunday tadbirga davlat xaridlari bilan ishlaydigan va qarorlar qabul qiladigan amaldorni taklif etish mumkin emas. Chunki ziyofatdan so‘ng u xolisligini saqlab qolishi qiyin. Hokimiyat, biznesning boshqa vakillarini chaqirish mumkin, ‒ deb tushuntiradi Xelena Sunden.

«Poraga qarshi institut» korrupsiyaga qarshi prokurorlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi, ularning soni esa butun Shvetsiya uchun atigi 7 nafar. Ushbu bo‘linma Shvetsiya prokuraturasi huzurida 2003 yilda tashkil etilgan, 2012 yilda esa korrupsiyaga qarshi politsiya ham paydo bo‘lgan. Unda 25 nafarga yaqin kishi ishlaydi.

‒ Ishlar oz, ammo jinoyatning boshqa turlariga taqqoslaganda, ayblov hukmlari foizi yuqori. Bu medianing yuqori darajadagi qiziqishi bilan izohlanadi ‒ Shvetsiya OAV korrupsionerlarni fosh qilishda yetakchi hisoblanadi, ‒ deya qayd etadi Xelena.

Agarda xususiy kompaniya pora orqali ish qilgani aniqlansa, davlat o‘sha pora miqdoriga teng mablag‘ni hamda pora yordamida topilgan qo‘shimcha daromadni musodara qiladi. Hozirda biznes uchun eng katta jarima 10 mln kron (1,1 million dollar). Ammo jarima miqdorini yanada oshirish masalasi muhokama qilinmoqda.

‒ Biznes politsiyadan ko‘ra jurnalistlardan ko‘proq qo‘rqadi. Agarda kompaniya nashrning birinchi sahifasida korrupsion ish bilan chiqadigan bo‘lsa, uning yo‘qotishlari ancha jiddiy bo‘ladi. Obro‘sini yo‘qotish davlatga to‘langan jarimadan qimmatroqqa tushadi, ‒ deydi Sunden.

OAVda korrupsiya holati oshkor qilinadigan bo‘lsa, huquqni muhofaza qilish organlari keltirilgan faktlar bo‘yicha shu zahoti tekshiruvni boshlab yuboradi. Shvedlarning o‘zlari ham ma’lumotni politsiyadan ko‘ra jurnalistlarga aytishni ma’qul ko‘radi. Shvetsiyada ana shunaqa – xalq jurnalistlarga va ularning professionalligiga ishonadi.

Xuddi kaftdagidek
Korrupsiyaga qarshi kurashdagi yana bir kuchli qurol – maksimal darajada axborot olish imkoniyati. Shvetsiyada har qanday kishi soliq idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, fuqaroning shaxsiy raqamini aytib unga oid barcha ma’lumotni olishi mumkin. Uning daromadi, mol-mulki, transport vositalari, hattoki qarzdorligi haqida ham. Xohishga qarab javobni pochta yoki internet orqali ham olish mumkin.

‒ Siz masalan, mening ismimni aytishingiz mumkin. Sizga hamma narsani aytib berishadi ‒ qayerda ishlayman, maoshim qancha, oilalimanmi, farzandlarim bormi, ular daromad topishadimi. Barcha ma’lumotlar maksimal darajada ochiq, ‒ deydi Xelena.

Mavjud amaliyot tufayli Shvetsiyada deklaratsiyalar reyestriga hojat yo‘q – har qanday fuqaro o‘zi istagan ma’lumotni osongina olishi mumkin. Bunda hokimiyat so‘rovning murakkabligidan kelib chiqib belgilangan muddatda javob qaytarishi shart. Odamni kuttirish mumkin emas. Ammo tabiiyki, istisnolar ham bo‘ladi – ayrim amaldorlar bir necha soat ichida javob qaytarsa, ayrimlarining javobini haftalab kutishga to‘g‘ri keladi.

Asosiy kurashchi davlat bo‘lishi kerak
«Transperensi Interneshnl Shvetsiya» tashkiloti qonunlarni qanday qo‘llash bo‘yicha amaldorlar uchun seminarlar tashkil etadi. Shuningdek, universitet va kollejlarda korrupsiyaga qarshi saboqlar olib boradi.
Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri – davlat xaridlari to‘g‘risidagi mavjud qonunchilik bo‘yicha tushunchalar berish.

‒ Shvetsiya 219 ta munitsipalitet bo‘lib, kattalari ham, juda kichiklari ham bor. Kichiklarida qonunni talqin qilishda ko‘p adashishadi, ammo «manfaatlar to‘qnashuvi» kabi qo‘pol xatolar ham bo‘lib turadi. Davlat xaridlaridagi eng katta muammo – «do‘stlik korrupsiyasi». Hujjat ma’lum bir yetkazib beruvchilarga rasmiylashtirilishi holatlari ko‘p uchraydi. Ko‘pincha bu holat shundoq ko‘rinib turadi, ammo isbotlash qiyin bo‘ladi. Bizda shunday holat bo‘lgandi ‒ hukumat o‘t o‘chiruvchilar uchun qutqaruv vertolyoti sotib olgan. Judayam qimmatga va hujjatlar ma’lum bir italyan kompaniyasiga rasmiylashtirilgan. Katta janjal bo‘ldi. Bu holat jurnalistlar tomonidan yoritildi, so‘ngra surishtiruv ishlari boshlandi.

Bizda korrupsiyani qabul qilish indeksi yaxshi, katta janjallar deyarli yo‘q, o‘qituvchi yoki shifokorlarga pora berilmaydi degan fikr tarqalgan. Ammo boshqa vazifalar bor – davlat xaridlarining sofligi, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida hisobga olish. Shvetsiyaning yirik kompaniyalari xorijda biznes yuritadi va ular korrupsion sxemalarga aralashib qolgan. Ular Shvetsiyadan tashqarida bu mumkin deb o‘ylashadi. Amaldor o‘z qarindoshidan biror narsa sotib olayotganida bu mumkin emasligini va bu halol raqobat tamoyilini buzishini o‘ylamaydi, ‒ deydi tashkilot vakili Lotta Ryudstryom.

‒ Serbiyada ishlagan vaqtimda mahalliy shifokorlarni pora olmaslikka ko‘ndirishga uringandim. Ular o‘zlarini shunday oqlashgan: «oyligimiz oz, tizim yuqoridan korrupsiya botqog‘iga botgan, shuning uchun pora olishimizga to‘g‘ri keladi». Korrupsiyaga qarshi asosiy kurashni davlat olib borishi shart, faqat «yumshoq kuch» barcha muammolarni hal qila olmaydi. Birgina tashkilotning sa’y-harakatlari esa yetarli emas, ‒ deb xulosa qiladi Xelena Sunden.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shvetsiyada korrupsiyaga qarshi qanday kurashishadi?