date

Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (foto)

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 oktyabr kuni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali xalqning boy tarixiy va ma’naviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.

Inshootning markaziy qismida Qur’oni Karim zali joylashgan. Bu yerda musulmon olamining noyob ma’naviy durdonasi sanalgan qadimiy Usmon Mus’hafi namoyish etiladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid muqaddas kitob nusxalari, ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari, shu bilan birga, jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham joy oladi.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari tashkil etilgan. Bu yerda buyuk allomalarimiz faoliyati haqida ma’lumotlar, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulamolar merosi ham keng yoritilgan.

Shuningdek, tarixda ilm-u ma’rifat va ma’naviyat homiysi bo‘lgan Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy va Anbar Otin faoliyati alohida ekspozitsiya sifatida namoyish etilgan.

Davlat rahbari doimo markazning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishini samarali tashkil etish, uning mazmun-mohiyatini boyitib borish zarurligini alohida ta’kidladi. Bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Tashrif chog‘ida prezident zallarda amalga oshirilayotgan pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi, bo‘limlar va ko‘rgazmalarning mazmun-mohiyati, qo‘llanilayotgan interfaol texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Davlat rahbari eksponatlarni mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga har tomonlama qiziqarli hamda tushunarli qilib taqdim etish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda markazda faoliyat yuritadigan mutaxassis va gidlarning sonini ko‘paytirish, ularni maxsus dasturlar asosida tayyorlash zarurligiga e’tibor qaratildi.

Markaz faoliyatini mazmunan yanada boyitish, ekspozitsiyalar orqali ma’naviy va ilmiy merosni to‘liq namoyon etish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (foto)