17:50 / 29.08.2020
3 193

Qo‘l soatining o‘zi 1,2 million dollar... Hashamat ichida yashayotgan davlat rahbari

Qo‘l soatining o‘zi 1,2 million dollar... Hashamat ichida yashayotgan davlat rahbari
Marokashni 21 yildan beri boshqarib kelayotgan qirol Muhammad VI.
Foto: AFP

Marokash qiroli Muhammad VI dunyoning eng boy hukmdorlaridan biri sanaladi. Bir necha milliard dollarlik bisotga ega tojdorning yillik «cho‘ntak» xarajatlari 40 million dollardan oshadi. Qimmatbaho avtoulovlar, serhasham qasrlar, xizmatga shay yuzlab xizmatkorlar... Alqissa, zoti oliylarning dabdabali hayoti zarbulmasalga aylanib ketgan.

Muhammad VI bin Hasan 1963 yilda tug‘ilgan. 1999 yil iyul oyida qirol Hasan II vafotidan keyin taxtga chiqqan. U mansub alaviylar sulolasi Marokashni 1666 yildan beri boshqarib keladi.

Qirolning mamlakat bo‘ylab oz emas, naq 12 ta saroyi bor. Hukmdor ulardan to‘rttasini doimiy istifoda etadi. Ammo qolgan 8 ta saroy ham yil — o‘n ikki oy sohibi taxtning kutilmagan tashrifiga shay turadi. Bitta qarorgohning kunlik xarajati 1,5 million dollar…

Qirolning poytaxt Rabotdagi saroyi. Foto: «Google Images»
Umuman, Marokash aholisi qirol Muhammad VI ning risoladagidek hayot kechirishi uchun yiliga 353 million dollar to‘laydi. «The Telegraph» nashriga ko‘ra, bu Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II uchun sarflanayotgan mablag‘dan 18 baravar ko‘p.

Odatda, zoti oliylari xorijga 300 chog‘li xizmatkor va mahram do‘stlari hamrohligida safar qiladi. Qirolning shaxsiy garajida esa «Maybach», «Aston Martin», «Ferrari» va boshqa o‘nlab qimmatbaho avtoulovlar mavjud. Hikoya qilishlaricha, har kuni ertalab xos xizmatchilar saroy darvozasi oldiga o‘nlab mashinalarni keltirib qo‘yishadi, qirol esa kayfiyatiga ko‘ra ulardan birini tanlaydi. Serhasham mashinalarini xush ko‘ruvchi hukmdor «Aston Martin» avtomobilini qo‘shimcha jihozlash uchun Britaniyaga alohida uchoqda yuborgan.

Marokashda 34 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, 5 millionga yaqin marokashlik kuniga bir yarim dollarlik daromadga qanoat qilib kun ko‘radi. 1999 yilda mamlakat taxtiga chiqqan Muhammad VI «kambag‘allar podshosi» deb atalgan edi. Ammo hukmdorning hashamatda, oddiy xalqning esa mashaqqatda hayot kechirayotgani umidlar u qadar oqlanmaganini ko‘rsatadi, deb yozadi xorij matbuoti.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, podshoh qarorgohlarida boqilayotgan uy hayvonlari uchun yiliga bir yarim million dollar xarjlanadi. Kiyim-kechak uchun ham mablag‘ ayab o‘tirilmaydi. Masalan, Londondagi butikdan qirolga 55 ming dollarga kashmiri palto xarid qilingan.

2020 yil yanvar oyida qirol saroyining farroshi 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Farrosh ayol har biri 20 ming dollardan kam turmagan o‘nlab soatlarni o‘g‘irlashda ayblandi. To‘g‘ri, 20 ming dollar kattagina mablag‘ sanaladi. Ammo qirolning sevimli qo‘lsoati narxi oldida bu mablag‘ kepak puli bo‘lib qolishi aniq. Gap shundaki, zoti oliylarining tilla va olmos bilan bezatilgan «Patek Philippe» qo‘lsoati 1,2 millionga baholangan.

Marokash qiroli dabdabali markablardan tashqari yaxtalarga ham qiziqadi. Taxtga chiqqanining 20 yilligi sharafiga 88 million dollarga 70 metrli ulkan yaxta xarid qilgan. Bundan tashqari, 62 metrli «El Boughaz» yaxtasi ham qirol xizmatida.

Farzand arjumandi, valiahd shahzoda Mulay Hasan (17 yosh) bilan. Foto: «Reuters»
Tahlilchilarga ko‘ra, Muhammad VI mamlakat tarixida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda islohotlarga qo‘l urgan hukmdor sifatida ham qoladi. Ayni choqda, mamlakatda kuzatilayotgan ishsizlik, qashshoqlik kabi muammolar boy berilgan imkoniyatlar ko‘pligini ko‘rsatmoqda.

Sobirjon Yoqubov tayyorladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)