00:10 / 03.11.2020
2 051

Trampning tashqi siyosati musulmonlarga qanday ta’sir qildi?

Trampning tashqi siyosati musulmonlarga qanday ta’sir qildi?
3 noyabr kuni AQSHda prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Amaldagi prezident Donald Tramp yana bir bor mamlakatni boshqarish niyatida. Aytish mumkinki, Tramp shu paytgacha olib borgan tashqi siyosat butun dunyoga, xususan, musulmonlarga ta’sir qildi.

U 2016 yilda prezidentlikka da’vo qilar ekan, qanday tashqi siyosat yurtishini uch so‘z bilan ifodalagan edi: “Birinchi navbatda – Amerika”. Prezident vazifasini ado etishga kirishishi bilan esa xalqaro hamkorlikni izdan chiqarishga tushdi. Tramp Oq uyga kelgandan keyin uchinchi kuniyoq AQSHning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi savdo bitimi – Transtinch okeani hamkorligidan chiqishi haqidagi farmonnni imzoladi.

Keyinchalik Vashington bir qator xalqaro tashkilotlar va bitimlardan, jumladan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqdi. Tramp hali prezident bo‘lib saylanmasidan oldinoq iqlim o‘zgarishini Xitoy tarqatayotgan yolg‘on deb masxaralagan, Parij kelishuvini esa Amerika farovonligi uchun to‘siq deb atagan edi. Ekspertlarning fikricha, Trampning bunday qarorlari AQSHning dunyodagi pozitsiyasining susayishiga olib keldi.

Qolaversa, Trampning prezidentligi vaqtida AQSH bir qator muhim siyosiy qarorlarni bir tomonlama va xalqaro murosaga zid ravishda qabul qildi. Shulardan biri – Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish va Amerika elchixonasini u yerga ko‘chirish.

Tramp BMT konvensiyalariga zid ravishda 2017 yilning 6 dekabrida Quddusni Isroil poytaxti deb rasman tan oldi va Davlat departamentiga AQSH elchixonasini Quddusga ko‘chirish uchun tayyorgarlik boshlashga ko‘rsatma berdi. BMT Xavfsizlik Kengashining bu qarorni qoralab chiqishi ham, falastinliklar boshlagan norozilik namoyishlarida ko‘plab qurbonlarning bo‘lishi ham hech narsani o‘zgartirmadi.

“Isroil – poytaxti qayerda bo‘lishini o‘zi belgilay oladigan suveren davlat”, – dedi Tramp qarorini izohlar ekan. Bu shaharda falastinliklarning ham haqqi borligi haqida esa miq etmadi. Tanqidlar va qoralashlarga qaramay, Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida bergan va’dasini bajardi va AQSHning Isroildagi elchixonasi 2018 yilning 14 mayida Tel-Avivdan rasman Quddusga ko‘chirildi.

Donald Tramp prezidentlik davrida Isroilni qanchalik qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Falastinga shunchalik bosim o‘tkazishga harakat qildi. U BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi faoliyatini moliyalashtirishni butkul to‘xtatdi, “Falastin ozodlik tashkiloti”ning Vashingtondagi vakolatxonasini yopdi. Bundan tashqari, Falastin manfaatlariga zid ravishda va Isroil bilan til biriktirgan holda “Asr kelishuvi” degan rejani ishlab chiqdi, Isroilning Falastin yerlarini anneksiya qilishini qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, u arab davlatlarini Isroil bilan diplomatik aloqa o‘rnatishga undayapti (yoki majburlayapti): Trampning bu boradagi chaqirig‘iga ijobiy javob qaytarganlar safida hozircha BAA, Bahrayn va Sudan bor. Endi dunyo musulmonlari nazdida musulmon davlatlar ikkiga ayrildi: Falastinni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganlar va Falastin da’vosidan voz kechganlar.

Tramp prezident kursisiga o‘tirganidan ko‘p o‘tmay – 2017 yilning 27 yanvarida yetti mamlakat fuqarolarining AQSHga kirishini cheklovchi farmonni imzolagan edi. Qora ro‘yxatga kirganlar orasida Venesuela va Shimoliy Koreyadan tashqari qolganlari musulmon mamlakatlar bo‘ldi: Eron, Iroq, Suriya, Sudan, Yaman, Liviya va Somali. Prezident ma’muriyati aynan shu davlatlarning fuqarolari AQSH milliy xavfsizligiga ko‘proq tahdid tug‘dirayotganini iddao qilib, ularning AQSH hududiga kirishi butkul taqiqlanishi kerakligini ta’kidladi.

AQSH ommaviy axborot vositalarida “Musulmonlarga taqiq” (“Muslim ban”) nomini olgan ushbu hujjat federal sudlar tomonidan bir necha bor qarshilikka uchradi, biroq pirovardida Oliy sud uni qo‘llab-quvvatladi. Hujjatga ba’zi o‘zgartirishlar kiritildi, Iroq va Sudan qora ro‘yxatdan olib tashlandi.

AQSHning yana bir musulmon mamlakat – Turkiya bilan aloqalari Donald Tramp davrida ziddiyatlar va tarangliklarga boy bo‘ldi. Vashingtonning Suriyada kurd jangarilarini qo‘llab-quvvatlashi Anqarani ranjitdi. Turkiyaning Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimini sotib olishi esa AQSHning qattiq qarshiligiga uchradi, oxir-oqibat Anqara F-35 qiruvchi samolyotlar dasturidan chiqarib yuborildi.

Turkiyadagi davlat to‘ntarishida aloqadorlikda gumon qilinib qamoqqa olingan amerikalik rohib Endro Branson ikki davlat o‘rtasidagi yangi mojaroga sabab bo‘ldi. AQSHning uning qaytarilishi talab qildi va Turkiyaga iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi. Anqara 2018 yilning oktabrida Bransonni ozodlikka chiqarishga majbur bo‘ldi va rohib vataniga qaytib ketdi.

Donald Tramp manfaatlar yo‘lida jinoyatlarga ko‘z yumishi mumkinligi ham ko‘rsatdi, jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi buning yorqin misolidir. Saudiya Arabistoni podshohi oilasining ushbu jinoyatga aloqadorligi borasida jiddiy gumonlar borligiga qaramay, Tramp Saudiya hukumatini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmadi.

Ubaydulloh Adhamov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning tashqi siyosati musulmonlarga qanday ta’sir qildi?