00:07 / 13.11.2020
2 265

Tramp prezidentlikdan keyin nima qiladi?

Tramp prezidentlikdan keyin nima qiladi?
Steve Helber / AP / Scanpix / LETA
AQSHning 45-prezidenti Donald Trampning muddati poyoniga yetmoqda. Saylovda yutqazgach, u 2021 yilning 20 yanvarida Oq uyni tark etishi, uning ma’muriyati esa — ishni Jo Baydenning jamoasiga o‘tkazishi kerak. Ammo Tramp va uning atrofidagilar hamon saylov natijalarini tan olishdan bosh tortishmoqda va u mag‘lub bo‘lgan bir necha shtatlarda ovozlarni qayta hisoblab chiqishni talab etishmoqda. U vaqtni cho‘zishga harakat qilayotganining sabablaridan biri unga bir necha ish bo‘yicha sud da’volari xavfi mavjudligi bo‘lishi mumkin, u prezidentlikdan ketib, daxlsizlik immunitetini yo‘qotgach darhol sud jarayonlari boshlanib ketishi ehtimoli ham bor. Kelgusida u nimalar bilan mashg‘ul bo‘ladi va o‘zini yoqtirmaydigan Vashingtonni tark etib Floridadagi mulkiga ketadimi? Meduza shu kabi savollarga javob izladi.

Tramp o‘zi ketadimi?
Donald Tramp prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘ldi, ammo hokimiyatni topshirish jarayonini boshlash tugul, saylov natijalarini tan olishni ham istamayapti. U har kuni saylovlardagi soxtalashtirishlar haqida tvit yozib, demokratlarni ayblamoqda, uning shtabi esa uning Jo Baydenga mag‘lubiyati qayd etilgan shtatlarda natijalar bo‘yicha yangidan yangi da’volar haqida e’lon qilmoqda.

Shu bilan birga, Trampning huquqshunoslari hozirgacha saylovdagi soxtaliklar bo‘yicha biror dalil keltirmadi. Pensilvaniyada ular pochta orqali yuborilgan byulletenlarni hisoblashning qonuniyligi bo‘yicha bahslashishga urinishdi; ammo sudyaning ularning ayblovi kimni soxtakorlikda ayblashga qaratilgani haqidagi savoliga Trampning huquqshunosi tasdiq javobini bera olmadi. Da’voda 600ga yaqin byulleten shubha ostida ekani ko‘rsatib o‘tilgan; Tramp esa Pensilvaniyada Jo Baydendan 50 ming kam ovoz olgan.

The New York Times nashri xabar qilishicha, saylov komissiyasi vakillari — demokratlar ham, respublikachilar ham o‘z shtatlarida keng ko‘lamli soxtalashtirish alomatlarini qayd etishmagan. Hozircha faqat Jorjiyada ovozlar qayta hisoblanishi e’lon qilindi, ammo bu shtat saylov komissiyasi saylovlarda keng miqyosda soxtalashtirish gumoni bo‘lgani uchun emas, ikki nomzodga berilgan ovozlar sonida farq kichik bo‘lgani tufayli — bu shtatda Bayden Trampga qaraganda 14 ming ko‘proq ovoz to‘plagan.

Shunday ekan, ko‘p sonli sud da’volarini vaqtni cho‘zishga urinish deb hisoblash mumkin: Donald Tramp ertami kechmi baribir mag‘lubiyatini tan olishiga va Jo Baydenni tabriklashiga, hokimiyatni saylangan prezident ma’muriyatiga o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Davlat kotibi Mayk Pompeo esa 10 noyabr kuni yoki hazillashib, yoki chindan hokimiyat Trampning birinchi ma’muriyatidan ikkinchi ma’muriyatiga osonlik bilan o‘tishini va’da qildi.

Muddati tugagan prezident hokimiyati funksiyalari yangisiga o‘tishi odatda umummilliy saylovlar yakunlari ma’lum bo‘lishidan keyin, Kongressning yangi chaqirig‘i yanvar oyida saylovchilar hay’atining ovoz berish natijalarini rasman e’lon qilishidan oldin boshlanadi. Hokimiyat tranziti jarayonida minglab kishilar ishtirok etadi: o‘nlab boshqarmalar va departamentlardagi xodimlar ishni o‘zidan keyin keluvchilarga o‘tkazadi, yana bir guruh Oq uyda yangi keluvchilar uchun sharoit hozirlash ishlari bilan shug‘ullanishadi. Yangi kelganlarning barchasi infratuzilma va logistika bilan — kabinetlar va xizmat avtomobillaridan tortib kanstovarlar va kompyuterlar bilan ta’minlanadi.

Bu ishlar bilan alohida federal agentlik, Umumiy tayinlovlar xizmati ma’muriyati — General Services Administration (GSA) shug‘ullanadi. Bu ijro etuvchi hokimiyat organi bo‘lib, shaklan mustaqil federal agentlik hisoblanadi, ammo Tramp kamida tashkilot rahbarligiga o‘z odamini tayinlashi mumkin edi.

Shunday ham bo‘ldi: Tramp tomonidan GSA direktori etib tayinlangan Emili Merfi — qisqa vaqtda AQSHdagi nufuzli shaxslardan biriga aylandi — u hozirga qadar rasmiy protsedurani bajarmayapti, busiz yangi saylangan prezidentning jamoasi byurokratik mashinani ishga tushira olmaydi. Merfi tegishli hujjatni imzolasagina Baydenning jamoasi federal hukumatdagi barcha resurslardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi — steplerdan tortib hukumatning ishchi elektron pochtasigacha.

Bunday xatda agentlik rahbari prezidentlik saylovining «yaqqol g‘olibi»ni tabriklaydi, shundan so‘ng g‘olib nomzodning jamoasi o‘z ehtiyojlari uchun federal budjetdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Merfi esa haligacha bu hujjatni imzolamadi. Bu har doim mayda rasmiyatchilik hisoblab kelingan, ammo 2020 yilda bu rasmiyatchilik Bayden jamoasi uchun kutilmagan byurokratik devorga aylandi.

Trampga qamoq tahdid qilyaptimi va o‘zini afv eta oladimi?
Tramp o‘ziga xos prezidentlik «bingo»siga ega: u ikkinchi saylovni yutqazdi, ikki saylovda ham u raqibidan kamroq amerikaliklar ovozini oldi va impichmentga duch keldi. Ayrim prezidentlarda bunday holatlarning qaysi biridir kuzatilgan, ammo barcha uch punkt birdaniga bo‘lishi — faqat Trampda. U Senatda respublikachilar ustunligi tufayli impichmentdan qutulib qoldi, lekin uning muammolari shu bilan tugab qolmaydi.

Donald Trampga qarshi o‘nlab jinoiy va fuqarolik ishlari ochilgan, shuningdek, turli darajadagi prokuraturalar tashabbusi bilan tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa Nyu-York shtati hukumati o‘tkazayotgan ikki tekshiruv unga xavf tug‘diradi. Birinchisi saylovoldi kampaniyasiga noqonuniy homiylik qilish bilan bog‘liq bo‘lib, bu ish doirasida 2018 yil dekabrida Trampning sobiq advokati Maykl Koen uch yilga qamalgan (u 2020 yil mayida qamoqxonada koronavirus yuqtirib olish xavfi tufayli uy qamog‘iga o‘tkazilgandi). Ayblovning bir qismi 2016 yili Tramp bilan ishqiy aloqalari haqida da’vo qilgan pornoaktrisa Stormi Deniyelsga (Trampning o‘zi buni inkor etgan) ofshor kompaniya orqali «sud xarajatlarini qoplash» uchun to‘lab bergani bilan bog‘liq.

Ayblov bu pullar Deniyels 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi vaqtida jim yurishi uchun to‘langaniga asoslanadi. AQSH adliya vazirligi amaldagi prezidentni jinoiy javobgarlikka tortmaslik bo‘yicha ichki siyosatdan kelib chiqqan holda, Koenning «birinchi raqamli sherigi»ning harakatlarini tekshirishni talab qilmadi. Ammo 2021 yil 20 yanvaridan keyin Manxetten prokurori Sayrus Vensga AQSH bosh prokurorining ishini kelgan joyidan davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Nyu-York shtati bosh prokurorining ham niyati jiddiy, bu ish ham Maykl Koenning ko‘rsatmalariga asoslangan — bu Tramp tashkilotidagi firibgarliklar haqida bo‘lib, unga ko‘ra, prezident soliqlardan qochish uchun o‘z daromadlarini sun’iy ravishda kamaytirib ko‘rsatgan, shu bilan birga, banklar va investorlarni aldagan holda daromadlarini oshirib ko‘rsatgani aytilgan.

Faraz qilish mumkin, Tramp hali hokimiyat o‘z qo‘lida ekanida prezident afvini o‘ziga nisbatan qo‘llashi mumkin — qonun buni taqiqlamaydi. Bunday imkoniyatdan o‘z prezidentligi muddati oxirida Uotergeyt ishi tufayli impichment tahdid solgan Richard Nikson foydalangan (uni o‘zining vitse-prezidenti, uning iste’fosidan keyin prezident bo‘lgan Jerald Ford afv etgan).

Tramp ko‘p marta o‘z ittifoqchilariga yordam berish uchun afv etish huquqidan foydalangan: prezident afviga sazovor bo‘lgan yoki jazosi yengillashtirilgan 44 kishi orasida konservativ publitsist va Trampning tarafdori Dinesh DʼSuza, Arizonadan bo‘lgan sherif, mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabati bilan tanilgan Jo Arpayo, shuningdek, prezidentning eski do‘sti Rojer Stoun bor.

Ammo bunday qadam ham imij jihatidan jiddiy nuqsonga ega: afv etish - norasmiy bo‘lsada aybdorlikni tan olish demakdir. O‘zingni afv etish eng sodiq respublikachilardan tashqari barcha amerikaliklar uchun jazodan qochib qutulish uchun eng so‘nggi urinishdek ko‘rinishi tabiiy. Prezident o‘zining yoki vitse-prezidentning vakolatlari orqali afv etish to‘g‘risidagi farmon, albatta Amerika huquq tarixida muhim pretsedentga aylanadi va buning ortidan bunday imkoniyatni cheklovchi yoki taqiqlovchi qonun qabul qilinishi ham mumkin.

Boshqa tomondan, agar hatto Mayk Pens Donald Trampni afv etgan shaxs sifatida tarixda qolishni istamasa ham, Jo Baydenning imkoniyatlari ham jamoatchilik tomonidan ikki tomonlama cheklangan. Sobiq prezidentni sudga tortish uchun faol harakatlar jamiyatda jiddiy bo‘linishni keltirib chiqarishi mumkin, uni afv etishni va sud ta’qibidan daxlsizlik immunitetini taqdim etishni rad etish Trampni uning tarafdorlari ko‘z o‘ngida jabrdiyda sifatida gavdalantiradi.

Donald Tramp 2020 yilgi saylovda Jo Bayden g‘olib bo‘lgani e’lon qilingan mahalda golf o‘ynayotgandi. Virjiniya shtati, 8 noyabr
Jim Bourg / Reuters / Scanpix / LETA

Tramp keyin nima ish qiladi?
Aytaylik, Tramp baribir o‘ziga qarshi barcha ayblovlar bo‘yicha amnistiyaga erishib, o‘zi uchun yuridik himoyaga ega bo‘ldi. Ammo u 20 yanvardan keyin nima bilan shug‘ullanadi? Ko‘chmas mulk savdosiga qaytish yo‘li yopiq — biror yirik bank unga qarz berishi dargumon. Odatda sobiq prezidentlar va birinchi ledilar kitob yozishadi (Bill va Hillari Klinton o‘z xotiralari uchun avans sifatida birgalikda 36,5 million dollar olishgan), leksiya o‘qishadi, siyosiy maslahatlar berish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishadi yoki xayriya ishlari bilan shug‘ullanishadi.

Tramp uchun mos muhit esa — bu media, birinchi navbatda televideniye. Ammo bu sohada ham u ko‘pchilikning ko‘nglini qoldirgan. Rupert Merdok imperiyasiga mansub bo‘lgan kamida ikki yirik nashr to‘nini teskari kiyib olgan: Oktabr oyida 2020 yilgi saylovlarda Trampni qo‘llab-quvvatlayotgan nashrlardan biri bo‘lgan New York Post gazetasi ikki hafta o‘tib muqovasida «Joning vaqti keldi!» sarlavhasi bilan chiqish qildi. Shuningdek, Fox News boshlovchisi Nil Kavuto Oq uy matbuot kotibi Keyli Makenani o‘tkazayotgan matbuot anjumanini efirdan uzib qo‘ydi - u saylovlarda Jo Bayden foydasiga keng ko‘lamli soxtakorlik ro‘y bergani haqida gapirayotgandi.

Ehtimol, u yana bir bor o‘z OAViga asos solishga harakat qilib ko‘rar — u 2016 yilda, hali saylovdagi g‘alabasini hech kim kutmagan mahalda ham shunga urinib ko‘rgandi. Trump TV Trampga moyil bo‘lgan media-tashkilotlar atrofida qurilishi mumkin: konservativ mintaqaviy telekanallar tarmog‘i Sinclair va ultra-vatanparvarlik ruhidagi One America News Network telekanali. Vanity Fair jurnalining yozishicha, prezidentning kuyovi Jared Kushner ob-havo ma’lumotlari berib boriladigan Weather Channel kanalidan «Tramp-TV»ga asos solishda foydalanish uchun uning narxiga qiziqqan, ammo uning xo‘jayinlari bilan narx borasida kelisha olmagan.

Bundan tashqari, Trampning sobiq safdoshlaridan birining The New Yorker nashriga aytishicha, u o‘zining sevimli boshlovchisi Rasha Limboning mashhur radioshousini o‘ziga olishi mumkin. 2020 yil fevralida Limbo prezidentdan oliymaqom davlat mukofotini qabul qilib olgandi. U o‘pka saratonidan o‘lim topishi haqida e’lon qilishidan bir kun o‘tib unga Ozodlik medali topshirilgan. Tramp radioshouni Floridadagi Mar-a-Lago mulkida olib borishi mumkin — lekin unda har kuni mikrofon qarshisida bir necha soat o‘tirishga qunt yo‘q, qolaversa radio formati uning uchun juda kichiklik qiladi, u televideniye uchun yaratilgan, deydi The New Yorker nashri bilan suhbatda «Yolg‘on minorasi» kitobi muallifi Barbara Res.

Alaloqibat, u yana bir marta prezidentlik saylovlarida qatnashishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Axios nashri amaldagi prezidentga yaqin manbalarga asoslanib tarqatgan xabarga ko‘ra, Donald Tramp 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasiga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Uning yana saylanish uchun imkoniyatlari yomon emas. Tramp Respublikachilar partiyasida barchani ortidan ergashtira olishi nafaqat rekord darajada ko‘p ovoz olganida, balki u saylov natijalarini tan olishdan bosh tortganida nufuzli respublikachilar unga e’tiroz bildirmayotganida ham ko‘rinadi.

Hozircha uchinchi rafiqasi Melaniya Tramp 2024 yilda ham yonida bo‘lishi aniq emas. Britaniyadagi tabloidlar u turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish uchun uning prezidentlik vakolatlari tugashini sabrsizlik bilan kutayotgani haqida xabar tarqatdi. Birinchi ledi omma oldida eri bilan munosabatlari sovuqdek taassurot qoldiradi, ammo u hozirgacha o‘z noroziligini bildirmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp prezidentlikdan keyin nima qiladi?