00:08 / 15.11.2020
2 405

Jahon matbuoti AQSHning yangi prezidenti haqida nimalar yozmoqda?

Jahon matbuoti AQSHning yangi prezidenti haqida nimalar yozmoqda?
Foto: Getty Images
Jahon matbuoti sharhi ruknining bu soni AQSHning yangi prezidenti – Jo Baydenga bag‘ishlanadi. Bayden Yaqin Sharqda qanday siyosat yuritadi? Shimoliy Koreya va Xitoy bilan munosabatlari qanday bo‘ladi. Jahonning yetakchi nashrlari bu savollarga javob qidirmoqda.

Baydenning Isroil va Falasin borasidagi tashqi siyosati qanday bo‘ladi?
Jo Bayden anchadan beri Trampning Isroil, Eron borasidagi diplomatiyasini tanqid qilib keladi. Bayden hattoki Tramp Qorabog‘ masalasida Turkiyaning mintaqadagi rolini o‘stirgani haqida ham gapirdi. Bayden Twitter’dagi sahifasida qoldirgan postidan anglash mumkinki, Bayden AQSHning xalqaro siyosatdagi o‘rnini bildirib qo‘yishi mumkin. 11 noyabr sanasida Twitter’da e’lon qilgan postida Jo Bayden «xorijiy rahbarlarga murojaat qilar ekanman, AQSH katta siyosatga qaytadi. Biz o‘yinga qaytamiz», deb izoh qoldirdi.

Saylov kampaniyasining so‘nggi qismlarida Bayden Yaqin Sharq masalasida AQSHning o‘rni qanday bo‘lishiga alohida to‘xtaldi. Bayden Eron masalasida yumshoq ohangda gapirar ekan, Tehron bilan o‘ziga xos munosabatlar o‘rnatilishi borasida fikr bildirdi. Bayden Trampni tanqid qilar ekan, uning siyosati Eronni yadro qurolini yaratish pallasiga olib kelgani haqida ham nutq so‘zladi. Bayden Eron bilan Obama davrida kelishilgan shartnomalar amalga oshishini ta’minlashi ham mumkin.

Tramp hukumati 2018 yildan beri Eron bilan kelishilgan yadro bitimi kelishuvidan ancha orqaga qadam tashladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi bitimni bekor qildi. Bayden esa kelishuv qonuniyligini ta’minlashga harakat qilmoqchi. Bayden oldida esa Eronni Obama davrida kelishilgan shartnoma borasida muzokaralar stoliga qaytara oladimi degan savol ham yuzaga keldi.

Bayden, shuningdek, BAA, Sudan, Bahrayn hamda Isroil bilan Tramp davrida imzolangan kelishuvlarga ijobiy baho berar ekan, Isroil va arab davlatlari o‘rtasida kelishuv imzolanishiga kelgusida katta hissa qo‘shishi mumkinligi haqida gapirdi. Baydenning bu fikrlarini Trampga nisbatan olqish deb baholash mumkin.

Tog‘li Qorabog‘ masalasida Bayden Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ixtilof tezkor ravishda hal qilinishi kerakligi haqida gapirar ekan, Eron va Turkiyaning mojarodagi ishtirokini tanqid qildi.

Bayden Turkiya bilan yaxshi sherikchilik munosabatlarini bekor qilishi mumkin. Sababi o‘tgan yilning oxirlarida Bayden Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning siyosatiga baho berarkan, uni «avtokrat» deb atagandi.

Xulosa qilish mumkinki, Baydenning tashqi siyosati Saudiya Arabistoni, Turkiya, Isroilga nisbatan sovuq tus olishi, Eronga nisbatan ancha yumshoqroq siyosat olib borilishi haqida tasavvur uyg‘otmoqda. Baydenning vitse-prezidenti Kamala Xarris Isroilga nisbatan iliq siyosat tarafdori bo‘lsa-da, Eron borasida Baydenning fikriga qo‘shilmoqda. Keksayib qolgan Bayden hokimiyati davrida yosh Xarris xonim Baydenni kutilmagan qarorlar qabul qilishga ko‘ndirishini taxmin qilish mumkin. Bayden esa eng keksa saylangan prezident sifatida AQSH tarixida nomi bulg‘anmasligini chin dildan xohlaydigan prezidentlardan biridir.

Rasmiy Pekinning Baydenni tabriklashi ortida nima yotibdi?
Uzoq davom etgan jimlikdan keyin nihoyat Xitoy Jo Baydenning prezident saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklamoqda, deb yozadi BBC.

Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Venbin o‘z tabrigida «biz amerikaliklarning tanlovini hurmat qilamiz va janob Bayden va Xarris xonimga o‘z tabrigimizni yo‘llaymiz» mazmunida tabrik xati yo‘lladi.

Foto: Reuters
Odatda hukumat rahbarlarining bunday tabriklari pafos va xursandchilikka boy bo‘lsa-da, Xitoy mulozimlarining tabrigi quruq va soddaligi Xitoy hukumati rahbari Si Szinpin saylov natijalarini e’tirof etishdan boshqa yo‘li qolmagani bilan izohlanadi.

Tabrikdan avval Van Venbin AQSHdagi saylovlar borasida «natijalarni saylov ko‘rsatadi, belgilab beradi» degan bayonotlar bilan izohlab kelgan va Jo Baydenning prezident sifatida g‘olibligini istamayotganini ko‘rsatgan edi. Nega? Bayden, Tramp tashqi siyosatida farqli ravishda, NATOdagi hamkorlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. U Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Xitoyning YEIda amalga oshirmoqchi bo‘lgan siyosatiga zarba berishi mumkin.

Rasmiy Pekin Baydenga tabrik xati yuborgan ekan, demak, Xitoyning Baydenning saylovda g‘olib bo‘lganini e’tirof etishdan boshqa yo‘li qolmagan ko‘rinadi. Har doimgidek, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat AQSH va Xitoy uchun, balki dunyoning boshqa davlatlari uchun ham muhim hisoblanadi.

Tramp davrida AQSH va Xitoy munosabatlari savdo urushlari natijasida ancha zarar ko‘rdi, orqaga ketdi. Tramp COVID-19 pandemiyasini «Xitoy virusi» deb nomlab, Xitoyni kamsitdi. Qo‘shimcha tarzda, Xitoyning Gonkong va Tayvanga, Shinjondagi uyg‘urlarga nisbatan agressiv siyosati ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni sovib ketishiga olib keldi.

Hozirgi savol esa quyidagicha: Bayden hokimiyat tepasiga kelgach Xitoyga nisbatan qanday siyosat yuritadi degan savol bo‘lmoqda. Ayrim siyosiy ekspertlar Bayden Xitoyga nisbatan ancha vazmin siyosat yuritajagi va bu Xitoy hamda Rossiya munosabatlariga salbiy ta’sir qilishi haqida gapirmoqda. Hozircha prezident Tramp, Baydenning prezidentlik vakolatini qo‘lga kiritishiga bir oydan ortiq vaqt bor.

Bayden g‘alabasining Moskvadagi aks sadosi
Shanba kuni dunyoning yetakchi mamlakatlari Baydenga o‘z tabriklarini yetkazishga ulgurdi. Biroq rasmiy Kreml hamon sukut saqlamoqda. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘z bayonotida «rasmiy saylov natijalarini kutish ijobiy bo‘lardi», deya fikr bildirdi. Juma kungi brifingda jurnalistlar yana Peskovga savol berganda, matbuot kotibi «Rossiya prezidenti kim saylovda g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga o‘z tabrigini yo‘llaydi», deb javob qaytardi.

Bundan to‘rt yil oldin rasmiy Kreml Tramp g‘alabasini birinchilardan bo‘lib qutlagan va hattoki Dumada deputatlar Tramp g‘alabasini shampan vinosi to‘ldirilgan qadahlar bilan nishonlagan edi. BBC nashrining Moskvadagi muxbiri talqinicha, Kreml Baydenning g‘alabasidan xursand emas. Bayden sobiq vitse-prezident sifatida rasmiy Kremlning tashqi siyosatini keskin tanqid qilgan amerikalik siyosatchilardan biri bo‘ldi. Demokratik partiya esa azaldan tashqi siyosatda faolroq harakat qilishni istab kelgan partiya hisoblanadi. Bayden ham bundan mustasno emas.

Baydenni tabriklamayotgan davlatlar
Braziliya. Jair Bolsanaru o‘zining ko‘p chiqishlari bois xalq ta’birida Janubiy Amerikaning «Donald Trampi» degan nomga sazovor bo‘ldi. Bolsanaru Baydenning Amazonka o‘rmonzorlarini saqlab qolish borasidagi fikrlarini foydasiz va ortiqcha so‘z qotish sifatida baholab keladi. Braziliya matbuotida e’lon qilingan qator maqolalarga ko‘ra, Bolsanaru Baydenni tabriklashga shoshilgani yo‘q.

Meksika. Prezident Andres Manuel Lopes Obrador Trampning Meksika va AQSH o‘rtasida devor qurilishi borasidagi keskin fikrlariga qaramasdan AQSH bilan iliq munosabatlarni saqlab qolishga uringan prezident sifatida ko‘riladi. Obrador matbuot anjumanida «Meksika shoshqaloq millat emas, biz mulohazasizlik bilan ish qilmaymiz», degan bayonoti bilan AQSH bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini ifodalashga urindi.

Foto: Getty Images
Shimoliy Koreyada na Kim Chen In, na matbuot AQSHdagi saylovni yoritishga yoki izohlashga harakat qildi. Bunday xatti-harakat AQSHning mavjud ekanini inkor qilish bilan bog‘liq harakatdir. Bayden bunga qanday munosabat bildiradi, vaqt ko‘rsatadi.

2016 yilda kechikib bo‘lsa-da, Kim Chen In Donald Trampni g‘alabasi bilan tabriklagandi. Tramp va In uch marotaba yuzma-yuz uchrashishga muvaffaq bo‘ldi. Jo Bayden bo‘lsa Shimoliy Koreya mamlakati rahbari bilan shaxsan tanishishga ehtiyoji yo‘qligini ta’kidlagan, Bunga javoban Kim Chen In Baydenni «aqli zaif» inson sifatida baholagan edi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jahon matbuoti AQSHning yangi prezidenti haqida nimalar yozmoqda?