11:20 / 06.12.2020
2 684

Vaksina bilan bog‘liq fitna nazariyalari: da’volar, gumonlar va raddiyalar

Vaksina bilan bog‘liq fitna nazariyalari: da’volar, gumonlar va raddiyalar
Foto: Getty Images
Koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha har kuni yangi bir ijobiy natijaga erishilayotgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan vaksina haqidagi mish-mishlar muhokama mavzusiga aylanmoqda.

Genetik kodlarning o‘zgartirilishidan tortib, millionlab odamlarning tanasiga mikrochiplar o‘rnatilishi bilan bog‘liq gap-so‘zlar tobora «urchib» bormoqda. BBC Reality Check guruhi ba’zi yolg‘on da’volarni tahlil qildi.

DNKning buzilishi bilan bog‘liq da’vo
«Koronavirus vaksinasi DNKmizni o‘zgartiradi» degan da’vo ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p tarqalgan da’volardan biridir. BBC uch mustaqil olimdan ushbu da’vo to‘g‘risidagi fikrlarini so‘radi va «koronavirusga qarshi emlash inson DNKsini o‘zgartirmaydi» degan javob oldi.

Ba’zi yangi ishlab chiqilgan vaksinalarda virusning genetik materialidan, ya’ni genetik ko‘rsatmalarni «tashuvchi» mRNKdan foydalaniladi. Buyuk Britaniyada tasdiqlangan Pfizer/BioNTech vaksinasi ham shulardan biridir.

«Odam tanasiga mRNKni yuborish inson hujayrasidagi DNKga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi», deydi Oksford universiteti mutaxassisi Jeffri Almond.

mRNK tananing o‘ziga xos molekulyar mexanizmlaridan foydalangan holda, hujayralarga virus tarkibidagi oqsilga o‘xshash bir moddani ishlab chiqarishni o‘rgatadi. Bu esa immunitet tizimining reaksiyasini keltirib chiqaradi.

Aslida, koronavirus vaksinasi DNKni o‘zgartiradi, degan da’voga ilk marta duch kelinayotgani yo‘q. May oyida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolarda mRNK texnologiyasi «hali sinovdan o‘tkazilmagani va tasdiqlanmagani» aytilgan va uning genetik kodlarga ta’sir qilishi haqidagi iddao ilgari surilgandi.

To‘g‘ri, avvallari hech bir mRNK vaksinasi tasdiqdan o‘tmagan, ammo so‘nggi yillarda mRNK vaksinalarini odamlarda qo‘llash bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar olib borildi. Bundan tashqari, vaksina epidemiya boshlanganidan beri dunyo bo‘ylab o‘n minglab odamlarda sinab ko‘rildi va qat’iy tasdiqlash jarayonlaridan o‘tdi.

Boshqa barcha vaksinalar singari mRNK vaksinalari ham xavfsizlik bo‘yicha qat’iy sinovlardan o‘tmasdan turib, keng qo‘llanish ruxsatiga ega bo‘lmaydi.

Vaksinalar sinovining 1- va 2-bosqichlarida xavfsizlikni tekshirish va tegishli dozani aniqlash uchun ular kam miqdordagi odamlarga beriladi.

Uchinchi bosqich sinovlarida esa vaksinaning samaradorligini aniqlash uchun minglab odamlar emlanadi. Vaksinaning haqiqiy dozasi berilgan guruh va platsebo (dori sifatida ishlatilishi yoki dori-darmonlarni niqoblash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan va aniq dorivor xususiyatga ega bo‘lmagan modda – tahr.) dozasini olgan nazorat guruhi turli xil qo‘shimcha ta’sirlar va himoya vositalarini aniqlash maqsadida diqqat bilan kuzatiladi.

Garchi emlash uchun ruxsat olingan bo‘lsa-da, vaksinani qabul qilgan odamlarni kuzatish jarayonlari hamon davom etmoqda.

Bill Geyts va mikrochip da’vosi
Keyingi mish-mish esa butun dunyoni qamrab olgan fitna nazariyasidir. Ushbu da’voga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi millionlab odamlarning tanasiga kuzatiluvchi mikrochiplarni joylashtirish uchun bir «bahona» bo‘lib, bu ishlarning ortida Microsoft asoschisi Bill Geyts turibdi.

Holbuki, «vaksina mikrochipi» degan narsa yo‘q va kelajakda Bill Geytsning shunday loyihasi bo‘lishi haqida dalil mavjud emas.
Bill va Melinda Geyts fondi BBC’ga bergan bayonotida ushbu ayblovlarni rad etdi.

Aslida, mish-mishlar Bill Geytsning mart oyida qilgan bayonoti ortidan tarqala boshladi. Geyts o‘shanda kimlar tuzalgani, kimlar test topshirgani va kimlar emlanganini ko‘rsatuvchi «raqamli sertifikatlar» joriy etilishi mumkinligi haqida gapirgandi. Ammo u mikrochiplar to‘g‘risida so‘z ham ochmagandi.

Ushbu gaplardan so‘ng ommaga keng tarqalgan bir maqola paydo bo‘ldi. «Bill Geyts koronavirusga qarshi kurashish uchun mikrochiplardan foydalanadi» nomli mazkur maqolada Geyts jamg‘armasi homiyligida o‘tkazilgan tadqiqot haqida ham so‘z boradi. Ushbu tadqiqot esa odamlarning vaksina ma’lumotlarini maxsus siyohni quyish orqali teri yuzasida saqlashga imkon beradigan bir texnologiya bilan bog‘liq.

Tadqiqotda aytib o‘tilgan dasturni mikrochip emas, ko‘zga ko‘rinmas tatuirovka deyish mumkin. Ilmiy izlanishda ishtirok etgan olim Ana Yaklenets ushbu texnologiya hali tatbiq etilmaganligini, odamlarning shaxsiy ma’lumotlari kuzatilishi yoki ularga kirishga yo‘l qo‘yilmasligini va bunday axborot ma’lumotlar bazasida saqlanmasligini ta’kidladi.

Microsoft asoschisi Geytsning nomi epidemiya davomida ko‘plab mish-mishlarda tilga olindi. Bunga Geytsning vaksina yaratish va aholi sog‘lig‘ini saqlashga yo‘naltirgan yordamlari ham sabab bo‘ldi.

O‘rtada biror dalil yo‘qligiga qaramay, YouGov tomonidan may oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan amerikaliklarning 28 foizi Bill Geyts odamlarni emlash orqali ularga mikrochip o‘rnatmoqchi bo‘lganiga ishonishini bildirgan. Respublikachilar orasida esa bunga ishonuvchilarning nisbati 44 foizni tashkil qilgan.

«Homila to‘qimasi» bilan bog‘liq mish-mishlar
Vaksinalarda odam va hayvonlar homilasidagi ba’zi to‘qimalar, ayniqsa, o‘pka to‘qimalari borligi haqidagi mish-mishlar ham mavjud. Ular orasida «Ona qornidagi 3-6 oylik homilalar abort qilinib, ularning tanasidan vaksina tadqiqotlarida foydalaniladi», degan da’volar ham bor. Bu ham yolg‘on da’vo.

Sauthempton universiteti doktori Maykl Hed bu mish-mishlarga nisbatan aniq bayonot bilan javob berdi. Uning ta’kidlashicha, vaksinalarni ishlab chiqarish jarayonida homila hujayralaridan foydalanilmaydi.

Bu kabi mish-mishlarning paydo bo‘lishi laboratoriya sharoitida ishlab chiqilgan ba’zi hujayralardan vaksinani yaratish jarayonida ham foydalanilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ushbu hujayralar embrion hujayralarni klonlash orqali hosil bo‘ladi. O‘tgan asrning 60-yillarida ishlab chiqilgan ushbu texnika «3 oyli go‘daklarni abort qilish va ulardan vaksina yaratish tadqiqotlarida foydalanish» kabi holatlarni ko‘zda tutmaydi.

Bristol universiteti mutaxassisi doktor Devid Metyuz ushbu usul bilan ko‘plab vaksinalar ishlab chiqarilgani, vaksinaning yuqori standartlarini saqlab qolish uchun vaksinadan hujayra izlari olib tashlanishini ta’kidladi.

Oksford universiteti vaksinasini yaratgan olimlar ham klonlangan hujayralar bilan ishlashganini, ammo bu hujayralar «abort qilingan chaqaloqlarning hujayralari emas»ligini ta’kidlashdi.

Hujayralar xuddi virusning zaiflashgan namunasini ishlab chiqaruvchi fabrikalar kabi ishlaydi. Bu esa vaksinaning asosiy ishlash tamoyilini tashkil etadi. Biroq zaiflashgan viruslar klonlangan hujayralar yordamida ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, hujayraviy material vaksinadan olib tashlanadi.

«Sog‘ayish darajasi» argumenti
Ijtimoiy tarmoqlarda vaksinaga qarshi fikrlardan biri «Agar koronavirusdan o‘lish darajasi shu qadar past bo‘lsa, emlash kerak emas», degan iddaodir.

Emlashga qarshi odamlar tomonidan tarqatilgan bir suratda Covid-19 kasalligida sog‘ayish darajasi 99,97 foizni tashkil qilishi, koronavirusga chalinish emlashdan ko‘ra xavfsizroq variant ekani aytilmoqda.

Ta’kidlash joizki, ushbu rasmdagi «sog‘ayish darajasi», ya’ni virus yuqqandan so‘ng tuzalib ketish darajasi to‘g‘ri ko‘rsatilmagan.

Oksford universitetining statistika bo‘yicha mutaxassisi Jeyson Okning ta’kidlashicha, koronavirusga chalinganlarning 99 foizi omon qolgan. Boshqacha qilib aytganda, odatda, har 10 ming kishidan 100 nafari vafot etadi va bu raqam suratda keltirilgan ma’lumot – har 10 ming kishidan 3 nafari o‘lishidan ko‘ra ancha ko‘proqni tashkil qiladi.

Boshqa tomondan, Jeyson Ok shuni ham qo‘shimcha qildi: «Xavf yoshga qarab farq qilishi mumkin va Covid-19 sabab keyinchalik yuzaga keluvchi o‘limlar ayni paytda hisobga olinmayapti».

Demak, gap faqat tirik qolishda emas. Ya’ni vafot etganlardan tashqari, intensiv terapiya qilinadiganlar va kasallikning uzoq muddatli ta’sirini boshdan kechirayotganlar ham bor.

Sog‘liqni saqlash tizimi yelkasidagi «yuk»ning ortib ketishi boshqa kasalliklarga duchor bo‘lgan bemorlarni davolash imkoniyatini ham cheklab qo‘ymoqda.

London gigiyena va tropik tibbiyot maktabi professori Liam Smitning ta’kidlashicha, o‘limning umumiy hisobiga e’tibor qaratish vaksinalar bilan bog‘liq muhim nuqtaning ko‘zdan qochirilishiga sabab bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vaksina bilan bog‘liq fitna nazariyalari: da’volar, gumonlar va raddiyalar