date

Gvardiola jamoasi “Vilyarreal” bilan uchrashuvda Husanovsiz maydonga tushadi

Gvardiola jamoasi “Vilyarreal” bilan uchrashuvda Husanovsiz maydonga tushadi

Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichining uchinchi tur uchrashuvlari boshlanmoqda. Qit’aning eng nufuzli musobaqasida o‘zbekistonlik futbol muxlislarining ko‘pchiligi “Manchester Siti”ni qo‘llab-quvvatlamoqda — bunda jamoa himoyachisi Abduqodir Husanovning ishtiroki katta omil bo‘lgani shubhasiz.

Xosep Gvardiola boshchiligidagi “shaharliklar” dastlabki ikki turda “Napoli” ustidan ishonchli g‘alaba qozongan va “Monako” bilan durang o‘ynagan edi. Bu natijalardan keyin jamoa to‘rt ochko bilan nimchorak finalga yaqinlashib, kuchli sakkizlik orasida bormoqda.

Endi “Manchester Siti” Ispaniya safarida “Vilyarreal”ga qarshi bahs olib boradi. Bu o‘yin Gvardiola jamoasi uchun jiddiy sinov bo‘lishi kutilyapti. “Siti” avgust oyidan beri barcha musobaqalarda mag‘lubiyatsiz seriyani saqlab kelmoqda va uni yanada uzaytirish niyatida.

Murabbiy uchun Chempionlar ligasida g‘olib chiqish bu mavsumdagi asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Premer-liganing oxirgi turida “Manchester Siti” “Everton”ni Erling Xolandning dubli orqali 2:0 hisobida yenggandi. Gvardiola o‘sha bahsdan keyin norvegiyalik hujumchi ko‘proq gol urmaganidan biroz afsuslanganini ham aytgan.

Shu bilan birga, Ispaniya safari oldidan jamoa safidagi ayrim futbolchilar jarohatdan sog‘ayib, tarkibga qaytdi. Ular orasida himoyachi Rayan Ayt-Nuri ham bor. Biroq “oltin to‘p sohibi” Rodri Ernandes va o‘zbekistonlik universal himoyachi Abduqodir Husanov bu o‘yinda jamoaga yordam bera olmaydi.

Gvardiola ularni “Vilyarreal”ga qarshi bahs ro‘yxatiga kiritmaganini tasdiqladi. Bu jamoa uchun sezilarli yo‘qotish bo‘lishi tabiiy.

“Siti” bu safar 22 nafar futbolchi bilan Ispaniyaga yo‘l oldi. Tarkib quyidagicha shakllangan:

Darvozabonlar: Janluiji Donnarumma, Jeyms Trafford, Markus Bettinelli.

Himoyachilar: Riko Lyuis, Mateush Nunesh, Jon Stounz, Ruben Diash, Natan Ake, Yoshko Gvardiol, Rayan Ayt-Nuri, Niko O’Rayli.

Yarim himoyachilar: Niko Gonsales, Mateo Kovachich, Tijani Reynders, Bernardu Silva, Fil Foden, Rayan Sherki.

Hujumchilar: Savino, Oskar Bobb, Erling Xoland, Umar Marmush, Jeremi Dok-u.

Ispaniyaning “Vilyarreal” klubi ham bu bahsga yaxshi formada kirib kelmoqda. Ular La Liganing oxirgi turida “Betis” bilan 2:2 hisobida durang qayd etdi va joriy mavsumda “Real” hamda “Barselona”dan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda.

Katta qiziqish bilan kutilgan “Vilyarreal” – “Manchester Siti” uchrashuvi 21-oktyabrdan 22-oktyabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.

Bu bahs Gvardiola jamoasi uchun navbatdagi sinov, “Vilyarreal” uchun esa o‘z maydonida obro‘ uchun kurash bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiola jamoasi “Vilyarreal” bilan uchrashuvda Husanovsiz maydonga tushadi