20-oktyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH davlat kotibi Marko Rubio telefon orqali suhbatlashdi, deb xabar berdi mid.ru. Suhbat davomida ikki tomon Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish masalasini muhokama qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida Vladimir Putin va Donald Trampning 16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida kelishilgan yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlar muhokama qilingan. Lavrov va Rubio bu jarayonni “qo‘shma diplomatik harakatlar orqali amalga oshirish muhim” ekanini ta’kidlashgan.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Marko Rubio suhbat chog‘ida Moskva va Vashington o‘rtasidagi muloqotni Ukrainadagi urushni barqaror hal etish yo‘lida muhim diplomatik imkoniyat sifatida baholagan.
“Davlat kotibi bo‘lajak muzokaralar Rossiya va AQSH uchun Ukraina masalasida uzoq muddatli yechim topish bo‘yicha hamkorlik qilish imkonini yaratishini ta’kidladi. Bu, shuningdek, prezident Trampning qarashlariga muvofiq, tinchlik jarayonini ilgari surish imkonini beradi”, — deyiladi AQSH diplomatik idorasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 16-oktyabr kuni Vladimir Putin va Donald Tramp telefon orqali suhbatlashgan edi. Tomonlar Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilgan va diplomatik yechim yo‘llarini izlashga kelishib olgan.
Suhbat yakunlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin vaqtlarda Vengriya poytaxti Budapeshtda Putin bilan shaxsan uchrashish niyati borligini bildirgan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, Budapeshtdagi uchrashuv tashabbusi Tramp tomonidan ilgari surilgan va Putin bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan.
Mahalliy tahlilchilar fikricha, Lavrov va Rubio muloqoti Moskva va Vashington o‘rtasidagi muzokara jarayonida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Bu suhbat Ukraina bo‘yicha siyosiy faollik yanada kuchayishining belgisi sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!