Dunyo xaritasi go‘yo sekin-asta o‘zgarmoqda. Olimlar ta’kidlashicha, dengiz sathi so‘nggi 4 ming yil ichida ilk bor bunday tezlikda ko‘tarilmoqda. Bu — tabiatning insonga jiddiy ogohlantiruvi.
Global isish, muzliklarning tez erishi va okean suvining kengayishi sayyora miqyosidagi suv balansiga ta’sir qilmoqda. Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayon jahon bo‘ylab millionlab odamlarni suv toshqini xavfi ostida qoldirishi mumkin.
Ilm odamlari ogohlantirmoqda
Rutgers universiteti olimlari o‘tkazgan katta tadqiqot natijalari “Nature” jurnalida e’lon qilindi. Ular ming yillik geologik qatlamlarni — marjon riflari, mangro daraxtlari va qum tuzilmalarini tahlil qilib, dengiz sathining tarixiy dinamikasini o‘rganishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1900-yildan buyon suv sathi har yili o‘rtacha 1,5 millimetrga ko‘tarilgan. Bu — insoniyat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich.
Tadqiqot rahbari Yuchen Lin ta’kidlaydi:
“Biz kuzatayotgan bu tezlik oxirgi bir necha ming yil ichidagi eng keskin o‘sishdir. Bu — global isishning real oqibati.”
Nega suv ko‘tarilyapti?
Olimlar bu jarayonning ikki asosiy sababini ko‘rsatmoqda:
Haroratning o‘sishi. Har yili atmosfera issiqlikni ko‘proq ushlab qolmoqda. Shu sabab okeanlar kengaymoqda va suv hajmi ko‘paymoqda.
Muzliklarning eriy boshlashi. Ayniqsa, Arktika va Antarktidadagi muz qatlamlari misli ko‘rilmagan tezlikda yerimoqda.
Faqat 2023-yil sentyabridan 2024-yil avgustgacha bo‘lgan davrda Grenlandiya muz qatlami 80 milliard tonna suvni yo‘qotgan.
Agar bu jarayon shunday davom etsa, olimlar fikricha, Grenlandiya muzliklari butunlay erisa, global dengiz sathi 7,4 metrgacha ko‘tarilishi mumkin. Bu esa millionlab aholi yashaydigan sohil shaharlarini suv ostida qoldiradi.
Sohilbo‘yi shaharlar va iqtisodiyot xavf ostida
Hozircha eng katta xavf Xitoy sohillarida. Olimlar bu davlatda dengiz ko‘tarilishi oqibatlari boshqalarga nisbatan ikki barobar ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.
Biroq bu faqat Xitoy muammosi emas — Nyu-York, Manila, Jakarta, Mumbay kabi shaharlar ham xavf doirasida.
Dengizga yaqin hududlar odatda qishloq xo‘jaligi, portlar va sanoat markazlari joylashgan mintaqalar hisoblanadi. Shu sabab hatto suvning bir necha santimetrga ko‘tarilishi ham iqtisodiy halokatga olib kelishi mumkin.
Chora ko‘rish uchun hozirdan harakat zarur
Olimlar ta’kidlamoqda — bu jarayonni to‘xtatish yoki sekinlashtirish uchun jiddiy siyosiy iroda va ilmiy hamkorlik kerak.
Karbon chiqindilarini qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish va sohil himoyasi tizimlarini kuchaytirish kabi choralar insoniyat uchun so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!