19:04 / 09.01.2021
3 199

Mixail Gorbachyov Sovet Ittifoqini saqlab qolishi mumkinmidi?

Mixail Gorbachyov Sovet Ittifoqini saqlab qolishi mumkinmidi?
Foto: Wikipedia
«Daryo» o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo‘lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.
1991 yil 26 dekabrda rasmiy tarzda Sovet Ittifoqi parchalandi va postsovet makonida yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi. Postsovet o‘lkalarida hozirga qadar Sovet Ittifoqining parchalanishida Mixail Gorbachyovni asosiy aybdor sanashadi. Ammo ayrimlar nazarida kommunistik partiya xiyonati mavjud bo‘lmaganda edi, Gorbachyovning e’lon qilgan islohotlari ish berishi mumkin edi, deb yozadi The Foreign Policy nashriga tayanib "Daryo" nashri.

1989 yil may oyida Xitoyning bosh maydonida minglab xitoyliklar norozilik namoyishi uyushtirdi. Ularning qo‘llarida «Biz demokratiya elchisini xush ko‘rdik» deb yozilgan shiorlar ko‘zga tashlanardi. Rasmiy Pekin esa mazkur norozilik namoyishini bostirish uchun harbiy qo‘shin yubordi. Xitoyliklar «demokratiya elchisi» deb atagan shaxs esa na bir dissident, na bir inson huquqlari faoli edi. U shaxs 15 may 1989 yilda Pekinga rasmiy tashrif bilan borgan ulkan mamlakatning rahbari Mixail Gorbachyov edi.

Gorbachyov e’lon qilgan siyosiy dastur g‘arb kapitalizmi emas, aksincha, sotsializmga asoslangan bozor iqtisodiyoti edi. Minglab xitoylik talabalar sovetlarning rahbarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun Xitoy poytaxtiga olis viloyatlardan yo‘lga chiqqandi. Sababi Gorbachyov e’lon qilgan sovetcha dastur xitoyliklarning ham orzu umidlarini o‘zida mujassam qilgan, rejali iqtisodiyot va avtoritar siyosiy rejim bilan yangi ming yillikka qadam qo‘yib bo‘lmasligi barchaga kunday ravshan edi.

Gorbachyovning Xitoyga tashrifi Xitoy va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi sovuqlashgan munosabatlarni qayta tiklanishiga belgi berar va rasmiy tashrifning ikir-chikir tafsilotlariga Xitoy tarafi ancha oldindan tayyorgarlik ko‘rib kelardi. Shunday bo‘lsa-da, Xitoy hukumatida ulkan mamlakatning rahbarini qanday kutib olish borasida bir tayinli fikr yo‘q edi.

Gorbachyovning Xitoy rahbari Den Syaopin bilan uchrashuvi ham Xitoyda rejali iqtisodiyotdan voz kechilgan va bozor iqtisodiyotiga o‘tish boshlangan davriga to‘g‘ri kelgandi. Xitoylik amaldorlar esa Gorbachyov qanday qilib iqtisodiy islohotlarini demokratiyaga hamohang tarzda olib borishi borasida o‘ylanganidan tinchini yo‘qotgandi. Ustiga ustak Tyanmen maydoniga yig‘ilganlar ham o‘z hukumatlaridan Sovet Ittifoqidan o‘rnak olgan holda siyosat yuritishini talab qilishni boshlagandi.

Tyanmendagi qatag‘onlar boshlanishidan sal avvalroq sovet rahbari o‘z nutqida «iqtisodiy islohotlarni siyosiy rejimni o‘zgartirmasdan turib amalga oshirib bo‘lmasligi» haqida so‘zlaydi. Avtoritar xitoylik siyosatchilar esa mamlakatdagi vaziyat yanada keskinlashishidan cho‘chigan holda Gorbachyov nutqini radio orqali efirga uzatilishiga to‘siq qo‘ydi.

1980 yillar oxiriga kelib Gorbachyov Sovet Ittifoqida kommunistik mafkura o‘rnatgan davlatni siyosiy monopollashtirgan rejim bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini yaxshi anglagandi. Biroq Den Syaopin va uning siyosiy hammaslaklari Xitoydagi mavjud vaziyatni siyosiy janglarsiz boy berishni istamasdi. Gorbachyov Pekindan ketishi bilan Xitoy kommunistik partiyasi mamlakatda keskin choralar ko‘rishni boshlab yubordi.

Foto: Google Photos
4 iyun sanasida Tyanmendagi norozilik namoyishi qamchi bilan bostirildi, bir nech yuz odamlar hayotdan ko‘z yumdi. 16 iyun sanasida Den Syaopin kommunistik partiya yig‘ilishida «Xitoy sotsialistik tuzumdan ortga chekinmasligini, aynan bir partiyali sotsializmgina Xitoyning xaloskori bo‘lishi va mamlakatni taraqqiy etgan mamlakatga aylantirishi» haqida nutq so‘zlaydi.

Xitoy Sovet Ittifoqida yuz berayotgan siyosiy voqealarni kuzatar va shu bilan avtoritar boshqaruvni dastaklagan holda sekin-asta bozor iqtisodiyotiga o‘tishni boshladi. Sovet Ittifoqida esa so‘z erkinligi, ko‘p partiyaviyli saylovlarni joriy qilar ekan, sekin-asta mamlakat iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi. Oxir-oqibatda esa Sovet Ittifoqi parchalanib ketdi. Iqtisod abgor ahvoldan qutula olmay kelmoqda, demokratiya esa Rossiyada hamon o‘z o‘rnini topa olmadi.

90 yillar boshidagi Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi farqlar shunda ediki, Sovet Ittifoqida so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi va erkin saylovlar bo‘lsa, Xitoyda avtoritar rejim poydevori kuchaytirildi. Bugun esa Rossiyada yana avtoritar rejimga asoslangan bozor iqtisodiyoti amalda. Ikkinchidan, Sovet Ittifoqi liberal iqtisodiy islohotlar ortidan iqtisodiy inqirozga duch keldi, Xitoyda Tyanmen isyoni bostirilgandan so‘ng iqtisodiy inqiroz qisqa davom etdi va Xitoy o‘z iqtisodiyotini jilovlashga erishdi. Gorbachyov esa Sovet Ittifoqidagi budjet tanqisligining oldini ololmadi, budjet tanqisligi xorijdan kredit olish va pul zarb qilish bilan ham yanada kengayishda davom etdi.

1991 yilda bir qator isyonchilar Gorbachyovni Qrimdagi dachasida qamab qo‘yib, hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga erishdi. Isyon bostirildi, ammo Gorbachyovning siyosiy irodasi bilan emas, aksincha, siyosiy kuchlarni harakatga keltira olgan Boris Yelsin sharofati bilan. Gorbachyov esa Qrimdagi dala hovlisidan Yelsinning amalga oshirayotgan ishlarini jimgina kuzatardi. Oradan to‘rt oy o‘tib, 26 dekabr sanasida Sovet Ittifoqidek ulkan davlat tarixiga nuqta qo‘yildi.

Gorbachyov demokratiyani tatbiq qilishni istar ekan, Sovet Ittifoqida ko‘p yillardan beri hokimiyatdan manfaatdor bo‘lgan guruhlarning intilishlarini hisobga olmadi va isyonning yuz berishiga yo‘l qo‘yib berdi. Den Syaopin esa Xitoydagi elita bilan til topishdi va o‘z siyosatini amalga oshirishda ular ko‘magidan foydalandi va taraqqiy etdi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mixail Gorbachyov Sovet Ittifoqini saqlab qolishi mumkinmidi?