09:26 / 02.03.2021
2 075

Prezidentcha kambek. «Dunyodan uzib qo‘yilgan» Tramp yana katta sahnada ko‘rinish berdi

Prezidentcha kambek. «Dunyodan uzib qo‘yilgan» Tramp yana katta sahnada ko‘rinish berdi
AQSHning sobiq 45-prezidenti Donald Tramp saylovdan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarining bloklanishi orqali tashqi dunyodan uzib qo‘yilgandi. 28 fevral kuni Tramp yana katta sahnada ko‘rinish berdi. Sobiq prezident amerikalik konservatorlar konferensiyasida ishtirok etdi.

«Meni sog‘indingizmi?»
Tramp ko‘pchilik kutganidek saylovdagi mag‘lubiyatini tan olmagani haqida yana gapirdi: «Sizlarni yana ko‘rib turganimdan xursandman. Respublikachilar, meni sog‘inmadingizmi (zalda olqishlash ohangidagi qiy-chuv ko‘tarildi)? Bayden saylovda muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi. Demokratlar Oq uyni to‘rt yil ham saqlab qola olishmadi, ular hukumatni allaqachon boy berib bo‘lishdi. Bayden AQSH prezidentlari tarixida eng yomon birinchi oyni o‘tkazdi. Balki men ular (demokratlar) bilan uchinchi marta to‘qnashib, mag‘lub etarman, nima dedingiz?

Baydenning administratsiyasi allaqachon oilalarga, ish o‘rinlariga, chegaralarga, ayollarga, energetika va ilm-fanga qarshi ekanini isbotlab bo‘ldi. Ortda qolgan bir oy ichida Amerika ko‘z o‘ngimizda birinchilikni boy berib, oxirgi o‘ringa quladi.

Bayden chegara nazoratini ham qo‘ldan chiqardi, bu esa janubiy sarhadlarimizda nazorat qo‘ldan chiqarilishiga olib keladi. Endi mamlakatda odam savdosi, bola savdosi avj olishi mumkin. Noqonuniy muhojirlar mamlakatga yopirilib keladi, vaholanki men bunga qarshi kurashgandim. Atigi olti hafta avval – men ofisdan ketayotganimda bizda dunyodagi eng xavfsiz chegara bor edi, endi esa bunday emas.

Mening yangi partiya tuzishim haqida gapirishdi, lekin bu bo‘lmagan gap. Bizni bu narsalar qiziqtirmaydi, axir bizda respublikachilar partiyasi bor. Bizga kuchli yetakchi, intiluvchan respublikachilar kerak. Demokratlar Amerikani sotsialistik mamlakatga aylantirishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Biz Amerikani qutqaramiz, ular (demokratlar) intilayotgan kommunizm va radikalizmga qarshi kurashamiz. Bizning vazifalarimizdan biri haqqoniy o‘tadigan, aldab bo‘lmaydigan saylov tizimini yaratish.

Eh, [saylov tizimimiz] qanday sharmandali holatni boshdan o‘tkazdi. Qandaydir Xitoy virusi sabab butun boshli saylov tizimi hech qanday qonunlarsiz o‘zgartirib yuborildi. Bu turgan gapki natijalarga ta’sir qildi. Do‘stlar, biz saylov tizimini epaqaga keltirishimiz kerak, saylovlar bir kunda o‘tishi kerak, 35-40 kunlab emas.

Bayden administratsiyasi Eron bilan munosabatlarda ham uyatli ishlar qilmoqda. Biz shuncha harakat evaziga qilgan bosimimizni bir zumda yo‘qqa chiqarib, sanksiyalarni bekor qilish haqida gapirishyapti. Baraka topgurlar, sanksiya turaversin [yadro quroli bo‘yicha] kelishuvni imzolayver. Ular hali muzokaralar boshlanmay ustunlikni berib qo‘yishdi. Agar saylovlar haqqoniy o‘tib, biz g‘olib bo‘lganimizda, dastlabki bir hafta ichida o‘sha kelishuvni imzolagan bo‘lardik», dedi Tramp.

Sobiq prezident yangi administratsiyaning energetika sohasidagi harakatlarini ham qoraladi. Uning fikricha, demokratlar hukumatga kelishi bilan mamlakatda benzin narxi uch baravar qimmatlagan va bu ketishda AQSH energetikasi Rossiya hamda Yaqin Sharq neftiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Shuningdek, Tramp 6 yanvardagi Kapitoliy bosqini haqida gapirdi va o‘sha voqeadan avval Kongress himoyasiga ming nafar Milliy gvardiya zobitini yuborishga buyruq bergani, biroq Kapitoliy politsiyasi bunga ehtiyoj yo‘q deb topganini aytdi.

Tramp umuman olganda 1,5 soat davomida nutq so‘zladi. Uning chiqishini respublikachilar qizg‘in olqishlashdi. Konferensiya yakunida respublikachilar orasida o‘ziga xos so‘rovnoma ham o‘tkazildi va partiya keyingi saylovlarda kimga ishonishi so‘raldi. So‘rovnomadan ma’lum bo‘ldiki, respublikachilarning 52 foizi yana Trampni qo‘llashga tayyor. Albatta, bu hech nimani anglatmaydigan so‘rovnoma va Tramp keyingi saylovlarda qatnashishi borasida hech nima degani yo‘q. Sobiq prezidentning chiqishini SNN va yana qator telekanallar ko‘rsatmagani ham e’tiborli.

Hozircha 74 yoshli sobiq prezident nima bilan shug‘ullanishi aniq emas. Ma’lumot uchun, Trampdan oldingi sobiq prezident Barak Obama turli xil xayriya va ijtimoiy aksiyalarda faol qatnashadi. Shuningdek, Obama turli xil forumlarda leksiya o‘qib, buning evaziga yaxshigina pul ishlayotgani ham ma’lum. Obama bitta leksiyadan o‘rtacha 400 ming dollar ishlaydi va pullarning ko‘p qismini xayriyaga ajratadi, chunki amerikalik sobiq prezidentlarga hayotlik davrida yaxshigina pul to‘lab boriladi.

Trampning chiqishidan keyin ko‘pchilik u ancha dadil va salomat ko‘ringaniga e’tibor qaratdi. Hozircha Trampga Obama kabi ishlab pul topish muhim emas. Chunki prezidentlikkacha milliarder bo‘lib tanilgan Trampning boyligi 3 milliard dollardan ortiq deb baholanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Prezidentcha kambek. «Dunyodan uzib qo‘yilgan» Tramp yana katta sahnada ko‘rinish berdi