
Qatarda start olgan 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati bu yil tarixda ilk bor 48 ta mamlakat terma jamoalarini birlashtirgan holda o‘tmoqda. FIFAning bu qaroridan keyin musobaqa formati tubdan yangilanib, har yili muntazam tarzda o‘tkazilishi ham belgilab qo‘yildi. Bu esa yosh futbolchilar uchun dunyo miqyosida o‘z iqtidorini namoyon etish imkoniyatini yanada kengaytirdi.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Saudiya Arabistonidagi Osiyo chempionatida zafar qozonganidan so‘ng, qit’a chempioni sifatida jahon maydoniga chiqqan. Bu yoshlar uchun uchinchi jahon chempionati bo‘lib, jamoa bu gal Islom Ismoilov boshchiligida maydonga tushmoqda. Ular “J” guruhida Paragvay, Irlandiya va Panama o‘smirlariga qarshi bahs olib boradi.
Musobaqadagi ilk sinovda o‘zbekistonlik yigitlar Paragvayga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonishdi. Uchrashuv qiziqarli va kuchli bosim ostida o‘tdi, biroq Azizbek Abdumo‘minovning ikki goli natijani belgiladi — 2:1. Birinchi gol 25-daqiqada Abubakir Shukurullayevning aniq pasidan keyin uzoq masofadan kelgan kuchli zarba bilan kiritildi. Birinchi bo‘limning oxirida esa Azizbek yana bir bor jarima maydonida o‘z imkonini ishga solib, hisobni oshirdi.
Ikkinchi bo‘limda Paragvay jamoasi vaziyatni o‘nglashga urinishdi, bir necha bor xavfli hujumlar uyushtirishdi, ammo o‘zbek yigitlari himoyada zich o‘ynab, raqibga katta imkoniyat bermadi. Faqatgina uchrashuvning 89-daqiqasida Alan Ledesma penalti orqali hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo natija o‘zgarmadi — O‘zbekiston uchun g‘alaba!
Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) ham mazkur natijaga e’tibor qaratdi va rasmiy saytida shunday yozdi:
“O‘zbekiston Qatardagi jahon chempionatidagi ishtirokini Paragvay ustidan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan boshladi. Uchrashuvning eng yorqin yulduzi dubl muallifi Azizbek Abdumo‘minov bo‘ldi. Uning jamoasi raqib bosimiga dosh berib, ilk ochkolarni qo‘lga kiritdi.”
Murabbiy Islom Ismoilov ham o‘yindan keyin futbolchilarning irodasi va intizomi uchun minnatdorchilik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa avvaldan rejalashtirilgan taktik usulda harakat qilib, raqibni tezkor hujumlar bilan kutilmagan vaziyatlarda ushlab qoldi.
Endilikda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 8-noyabr kuni Irlandiyaga qarshi muhim bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Irlandiya bugun Panamani 4:1 hisobida yenggani bois, kelgusi to‘qnashuv guruhda yetakchilik uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Azizbek Abdumo‘minov esa jahon chempionati to‘purarlari ro‘yxatiga qo‘shildi. Yigitlarimiz shunday ruh bilan musobaqani davom ettirsa, O‘zbekiston bu yil ham yoshlar darajasida jahon futbolida yangi sahifa ochishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.