
Foto: Reuters
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘ziga yana ikki marta davlat rahbarligiga saylanish imkonini beruvchi qonunni imzoladi. Hujjat Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq qabul qilindi.
«RF prezidentini saylash to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, bir shaxs Rossiyada ikki martadan ortiq prezident bo‘lishi mumkin emas.
Ammo bu qoida Putinga aloqador emas - ushbu cheklov Konstitutsiyadagi tuzatishlar kuchga kirguniga qadar davlat rahbari bo‘lib ishlaganlarga nisbatan qo‘llanmaydi. Shu tariqa, Putinning prezidentlik qilgan muddatlari «nolga» tenglashadi, bu esa unga prezidentlik saylovlarida yana nomzod sifatida qatnashish imkonini beradi.
Putin 2000, 2004, 2012 va 2018 yillarda prezidentlikka saylangandi. Endi u 2024 va 2030 yillarda ham saylovda ishtirok etishi mumkin. 2008-2012 yillarda Dmitriy Medvedev prezident bo‘lganida prezidentlik muddatini 4 yildan 6 yilga oshirishni taklif qilgan va bu o‘zgarish amalga oshgandi.
Medvedevning o‘ziga bu o‘zgarish taalluqli bo‘lmagan, chunki u 2012 yilda prezidentlikni yakunlagandi.
Putin Kremlga qaytgach, Medvedev hukumat rahbariga aylangan, 2020 yil boshida, Putin Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish g‘oyasi haqida e’lon qilganida Medvedev iste’foga chiqqandi.
«Nollashtirish» haqidagi tuzatish
2020 yil 10 mart kuni Davlat dumasi yig‘ilishi chog‘ida deputat Valentina Tereshkova kutilmaganda Putin uchun prezidentlik muddatini «nol» qilishni taklif qilgandi. O‘sha vaqtdagi qonunchilik Putin yangi muddat uchun saylovda qatnashishiga imkon bermasdi.
Putin esa zudlik bilan Dumaga yetib kelgan va Konstitutsiyaviy sud ma’qullasa va saylovchilar referendumda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni yoqlab ovoz bersa, o‘z muddati nollashtirilishiga rozi bo‘lishini aytadi.
Konstitutsiyaviy sudda bunga qarshilik bildiruvchilar topilmagan, referendumda ham kutilgan natijaga erishilgandi - koronavirus pandemiyasi tufayli ovoz berish 2020 yil aprelida emas, epidemiologik vaziyat biroz barqarorlashganida, 2020 yil 25 iyunidan 1 iyuligacha bo‘lgan muddatda o‘tkazilgan, natijalarga ko‘ra, fuqarolarning 78 foizi asosiy qonunning yangi tahririni qo‘llab-quvvatlagani ma’lum bo‘lgandi.
O‘sha kuniyoq Davlat dumasi Tereshkova taklif qilgan tuzatishlar to‘plamiga rozilik bildiradi.
2020 yil noyabrida ovoz berish natijalariga ko‘ra deputatlar Pavel Krashennikov va Olga Savastyanova, shuningdek, Federatsiya kengashi a’zosi Andrey Klishas Davlat dumasiga Putinning prezident etib qayta saylanishiga ruxsat beruvchi qonun loyihasini kiritadi va Davlat dumasi ham, Federatsiya kengashi ham uni ma’qullaydi.
O‘tmishda Putin bir necha marta Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish g‘oyasi o‘zi hokimiyatda qolishi uchungina emasligini aytgan.
Davlat dumasi 2021 yil 24 mart kuni uchinchi va oxirgi o‘qishda amaldagi davlat rahbari Vladimir Putinning prezidentlikka qayta saylanish uchun o‘z nomzodini ko‘rsatishga imkon beruvchi qonun loyihasini qabul qildi.
Bugun Putin tomonidan imzolangan qonunda prezidentlikka nomzodlar uchun yangi talablar ham aks etgan. Nomzod kamida 35 yosh bo‘lishi, Rossiyada kamida 25 yil yashagan bo‘lishi, chet el fuqaroligiga ega bo‘lmasligi yoki avval xorijda yashash uchun ruxsatnoma olmagan bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, «muqaddam to‘liq yoki bir qismi RF hududiga qo‘shib olingan davlat fuqarosi bo‘lgan» prezidentlikka nomzodlarga bunday talab qo‘llanmaydi.
Bu esa nazariy jihatdan 2014 yilda Rossiya tomonidan bosib olingan Qrim fuqarosi ham prezidentlikka saylanishi mumkinligini anglatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar