10:23 / 03.05.2021
1 117

Zalmay Halilzod: Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida O‘zbekistonning o‘rni juda muhim

Zalmay Halilzod: Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida O‘zbekistonning o‘rni juda muhim

Foto: «Dunyo»
O‘zbekistonda bo‘lib turgan AQSHning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod «Dunyo» AA muxbiriga qisqacha intervyu berdi.

— Janob Halilzod, Afg‘onistondagi siyosiy jarayonni ilgari surishda O‘zbekistonning rolini qanday baholaysiz?
— Avvalo, bugun O‘zbekistonda bo‘lib turganimdan mamnunligimni ta’kidlamoqchiman. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan juda sermahsul uchrashuv o‘tkazdik. O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha siyosiy jarayondagi o‘rni, ayniqsa, ushbu jafokash zaminning Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy, transport va energetika loyihalariga jalb etilishi jihatidan juda muhimdir. O‘zbekistonning ushbu jarayonlarga faol ko‘magi, shubhasiz, Afg‘oniston iqtisodiyotining tezroq tiklanishiga yordam beradi va tinchlik muzokaralari mazmuniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

— O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liklikni mustahkamlash, jumladan, Afg‘onistonni mintaqa transport-energetika tizimlarini rivojlantirishga jalb etish borasidagi tashabbuslarini qanday baholaysiz?
— O‘zbekiston rahbarining mazkur ijobiy tashabbuslarini olqishlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Mamlakat joriy yil iyul oyida tashkil etayotgan xalqaro konferensiyaning samarali natijalarini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz.

Afg‘oniston kelajagi ko‘plab omillarga, birinchi navbatda, savdo, iqtisodiyot, transport kommunikatsiyalari kabi turli sohalarni rivojlantirishga turtki bo‘ladigan tinchlik jarayoniga bog‘liq. Shuningdek, Afg‘oniston xalqi uchun Markaziy Osiyo davlatlariga chiqish, Janubiy Osiyo davlatlariga tranzit yo‘lagini barpo etish va boshqa mamlakatlarda afg‘on mollari savdosini yo‘lga qo‘yish yo‘lida katta manfaat keltiradi. Shuning uchun ham mazkur tashabbuslarni nihoyatda ijobiy deb bilamiz.

— Afg‘onlararo muzokaralar istiqbollari haqidagi fikr-mulohazalaringizni so‘zlab bersangiz.
— Afg‘onlararo muzokaralar mana bir necha oydan beri davom etmoqda. Jarayon uzoq vaqtni olmoqda. Ammo urush 40 yildan ortiq davom etmoqda va bu muammoning harbiy yechimi yo‘qligiga barchamiz aminmiz. Afg‘on mojarosiga faqat siyosiy yechim mavjud. O‘zbekiston va AQSH bu masalaga tezroq siyosiy yechim topilishini rag‘batlantirmoqda. Shuningdek, ular qo‘shni davlatlarni tinchlikka erishishning eng muhim jihatlaridan biri bo‘lgan afg‘onlararo muzokaralarga faolroq ko‘maklashishga undamoqda. Biz, o‘z tomonimizdan, BMTda tajriba va ekspertlar mavjudligini inobatga olgan holda mazkur xalqaro tashkilotni muzokaralarda ishtirok etish va muammoni tinch yo‘l bilan hal etishni jadallashtirishga chaqiramiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Zalmay Halilzod: Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida O‘zbekistonning o‘rni juda muhim