22:27 / 28.09.2021
3 150

AQSH gipertovushli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida ma’lum qildi

AQSH gipertovushli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida ma’lum qildi
Foto: darpa.mil
AQSH Mudofaa vazirligining istiqbolli tadqiqot loyihalari boshqarmasi (DARPA) gipertovushli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida ma’lum qildi. Parvoz paytida raketa tezligi tovush tezligidan besh baravar yuqori bo‘lgan.

Sinovlar AQSH harbiy-havo kuchlari bilan birgalikda o‘tkazilgan. Ushbu gipertovushli qurollarning namunasini Raytheon Technologies korporatsiyasi ishlab chiqgan, uning dvigateli Northrop Grumman kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Qurilmani Amerika harbiylari qisqacha HAWC (Hypersonic Air-breathing Weapon Concept, gipertovushli havo-reaktiv qurol konsepsiyasi) deb nomladi.

DARPA xabariga ko‘ra, sinovlar o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan. Raketa samolyotdan uchirilgan. Tashlanganidan keyin bir necha soniya o‘tgach, qurilmada to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo-reaktivli dvigatel ishga tushgan.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri havo-reaktiv dvigatel tuzilishi bo‘yicha o‘z sinfidagi eng oddiylaridan biri hisoblanadi. Unda yonilg‘i dvigatel kamerasiga kiruvchi havo oqimi bilan aralashadi. Raketa tezligi qanchalik yuqori bo‘lsa, havo kameraga tezroq kiradi va undagi bosim shuncha baland bo‘ladi. Bu, shuningdek, havo-reaktivli dvigateldan foydalanishda cheklovlarga olib keladi — uni past tezlikda ishlatish mumkin emas, shuning uchun uchuvchi apparatning tezligini boshidanoq oshirish kerak. Buning uchun, masalan, birinchi bosqichda tashuvchi vazifasini bajaradigan samolyotdan foydalanish mumkin.

Xabarda aytilishicha, bu sinovlar qurlmaning ishlash qobiliyatini hamda ishlab chiqarish texnologiyasining to‘g‘ri tanlanganiga ishonchni tasdiqlashi kerak.

«5 Max tezlik unchalik kuchli taassurot qoldirmasligi mumkin, lekin shuni ta’kidlash kerakki, bu yerda biz havo-reaktivli dvigatel bilan ishlaymiz, «glayder» (planyor) bilan emas. Bunday raketalar uchun, past gipertovush odatiy deb hisoblanadi. Nima bo‘lganda ham, ushbu texnologiyadan foydalangan holda hech qanday qurol bunday tezlikka erishmagan. Ayni vaqtda Rossiya, Xitoy, Hindiston va Yaponiyada shunga o‘xshash ko‘plab loyihalar amalga oshirilgan va amalga oshirilmoqda», — dedi Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot institute xalqaro xavfsizlik markazi ilmiy xodimi Dmitriy Stefanovich sinovlar haqida fikr bildirib.

Gipertovushli planyorlar bilan taqqoslaganda gipertovushli havo-reaktivli dvigatel qurollarining o‘lchami kichikroq, aniqligi yuqoriroq bo‘ladi.

Aprel oyida AQSH harbiy havo kuchlarining AGM-183A ARRW gipertovushli raketasi sinovlari muvaffaqiyatsiz tugagan edi. Raketa Boeing B-52 Stratofortress bombardimonchi samolyotidan uchirilishi kerak bo‘lgan. Biroq raketa uchish tartibini yakunlay olmasdan samolyotda qolib ketgan. Samolyot raketa bilan Kaliforniyadagi Edvards aviabazasiga qaytib kelgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH gipertovushli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida ma’lum qildi