Afg‘onlar o‘zlarini hech kim bilan bir umrga bog‘lamaydi: manfaat bir bo‘lsa birga bo‘ladi, manfaat yo‘qolgan zamon - ittifoq tarqaladi. Tarixda bunga misollar juda ko‘p.
Afg‘on urushi veterani, Afg‘oniston faxriylari ittifoqining maxsus vakili, Afg‘onistonda uzoq yillar davomida ishlagan Vyacheslav Mixaylovich Nekrasov Sputnik muxbiri savollariga javob berdi.
- Vyacheslav Mixaylovich, "Tolibon"* aslida kim?
- Birinchidan, bugungi toliblar 1990 yillardagi toliblar emas. Bugungi Tolibon* boshida bergan katta-katta va’dalarning barchasini bajarmayotgan bo‘lsa-da, xalqaro hamjamiyat oldida o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatishga harakat qilishmoqda.
Aytish joizki, "Tolibon"* orasida juda ko‘p pushtun millatiga mansub kishilar bor, rahbariyatining barchasi ham – pushtun va aksariyati Pokistondan kelgan. Ular Pokistonda tug‘ilib o‘sib, o‘sha yerda ta’lim olgan va Afg‘oniston sharoitini yaxshi bilmaydi.
Bu gaplar, ayniqsa “Haqqoniy” guruhiga taalluqlidir. Ba’zan hatto "Tolibon"*ning turli guruhlari orasida ham tushunmovchiliklar bo‘lmoqda. Masalan, “Haqqoni” va “Barodar” guruhlari o‘rtasida yoki “Haqqoniy” va Qandahorliklar orasida. Lekin hozircha rahbariyat ularni tinchlantirib turishga muvaffaq bo‘lmoqda.
- "Tolibon"* Pokiston fikriga qarshi borishi mumkinmi?
- Hozir men sizga bir hazilomuz maqol aytaman. Bu 80-yillarda paydo bo‘lgan va haligacha dolzarbligini yo‘qotmagan deb o‘ylayman. Afg‘onlarning o‘zi ham bu gapni ko‘p marta aytishgan va xafa bo‘lishmaydi deb o‘ylayman.
“Afg‘onni sotib olib bo‘lmaydi, uni faqat ma’lum bir muddatga ijaraga olish mumkin”.
Afg‘onlar biror umumiy manfaat uchun birga ishlashi mumkin, manfaat yo‘qolgan zamon - ittifoq tarqaladi. Ya’ni – afg‘onlar o‘zlarini hech kim bilan bir umrga bog‘lamaydi yoki biror majburiyatim bor deb hisoblamaydi.
Tarixda bunga dalil juda ko‘p – 80-yillarda AQSH mujohidlarga qancha ko‘p yordam bergan edi. Oqibatda Hikmatiyor AQSHning o‘ziga qarshi jang qildi. 90-yillarda “Al-Qoida”*ni oling – boshida AQSHdan katta yordam oldi, oqibatda – ularning 1-sonli dushmaniga aylandi.
Shuning uchun ham men Tolibon harakati yoki uning biror katta guruhi Pokiston razvedkasiga so‘zsiz itoat qilishiga - ishonmayman.
- "Tolibon"* kelishi bilan Afg‘oniston “pushtunlashib” ketishi mumkinmi? Bunda boshqa millatlar taqdiri nima bo‘ladi?
- "Tolibon"* boshqaruvining birinchi bosqichida darhaqiqat mamlakatda pushtunlar o‘rni kuchayayotganini ko‘rish mumkin. Masalan Sho‘ro kengashidagi 12 a’zoning barchasi pushtun millatiga mansub. Bu borada, "Tolibon"* boshida inklyuziv hukumat tuzish to‘g‘risidagi va’dalarini bajarmadi.
Lekin hozir ko‘rib turibmiz-ki, ular 2 va 3 bosqich rahbarlari, masalan, departament boshliqlari, vazir o‘rinbosarlari lavozimlariga o‘zbeklar, tojiklar va boshqa millatlarni ham tayinlamoqda.
Masalan, ayni damda Rossiyaga yordam so‘rab murojaat qilgan Afg‘oniston vazirlaridan birining o‘rinbosari ham boshqa millatga mansubdir. Bundan men shaxsan xabarim bor.
Yangi Afg‘on hukumati Afg‘onistonning eng muhim arteriyasi bo‘lgan Salang dovonini qish mavsumida ham to‘xtovsiz ishlab turishini istaydi. Ushbu maqsadda ular kerakli texnika, qurilish materillari yetkazib berishda yordam so‘rab Rossiyaga murojaat qilishgan.
Aytish joizki, Salang dovoni Afg‘oniston markaziy va janubiy qismining kun ko‘rishi uchun o‘ta muhim transport arteriyasidir. Pokiston va Markaziy Osiyo davlatlarirdan olib kelinayotgan yonilg‘i, oziq-ovqat, tibbiy mahsulotlar, umuman hayot uchun kerakli hamma narsa shu yo‘ldan olib o‘tiladi. Uning quvvati sutkasiga 500ta yuk mashinasiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, aslida dovondan kuniga mingtagacha texnika o‘tgan vaqtlar ham bo‘lgan. Sovet davrida har qanday ob-havo sharoitida dovondagi yo‘llar ishlab turishini ta’minlash maqsadida u yerda 7ta yo‘l otryadi 24 soat davomida ishlardi.
- "Tolibon"* hukumat boshiga bunchalik oson kelishiga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
- Aholining sobiq hukumatdan o‘ta noroziligi sabab bo‘ldi deb o‘ylayman. Afg‘oniston davlat sifatida haliyam tashkil topmagan. Markaziy hukumat boshqa davlatlardagidek kuchga ega emas. U yerda hali ham mahalliy hukumat va qabilalar juda katta ta’sirga ega. Ular istamasa hukumatga umuman bo‘y so‘nmasligi mumkin.
Undan tashqari Afg‘oniston budjetining 75% boshqa davlatlar hisobiga to‘ldirilar edi. Bunday sharoitdan mustaqillik yoki kuchli hukumat haqida qanday gap bo‘lishi mumkin?
AQSH o‘zining 20 yillik hukmronligi davrida, mutlaq yosh vatanparvar avlodni, yangi af-on elitasini tarbiyalab yetishtirishi mumkin edi. Lekin ular G‘arbda o‘sib katta bo‘lgan afg‘onlarni katta pul evaziga hukumat boshiga olib kelishni ma’qul ko‘rdi. Bu esa – Afg‘onistonda juda kuchli korrupsiya paydo bo‘lishiga olib keldi. Oqibatda aholi o‘rnatilgan hukumatga mutlaq ishonmay qo‘ydi.
U yerda ayrim viloyatlarda aholi hukumatga umuman ishonmas edi. Odamlar hatto rasmiy sudga murojaat qilishdan ko‘ra, shariat sudi – ya’ni qoziga borishni ma’qul ko‘rardi. Ularning qarori o‘rta asrlarga xos, shafqatsiz bo‘lsa-da, adolatliroq edi. Xalqning mana shu kayfiyati ham "Tolibon"ga qo‘l keldi.
Hozir esa afg‘on xalqi vanihoyat haqiqiy vatanparvarlar hukmat boshiga keldi, deb o‘ylaydi va "Tolibon"dan katta umid qilmoqda.
Biz ham "Tolibon" 90 yillardagi "boshqaruv"dan so‘ng to‘g‘ri xulosalar chiqarib olgan deb astoyidil umid qilamiz. Aks holda yana o‘sha oldingi qora bulut mamlakatni bosadi. Bu esa turli hududlarda birin ketin qarshilik o‘chog‘lari paydo bo‘lishi va mamlakat yana fuqaro urushi girdobiga tushishi aniq.
- O‘tgan haftada "Tolibon" nima sababdan o‘z qo‘shinlarini Tojikiston chegarasi yaqiniga, Toxar viloyatiga olib keldi?
- Ushbu voqealarning asl sababini tushunish uchun tojik-afg‘on munosabatlari tarixiga nazar solish kerak. Ma’lumki, Afg‘onistonning Panjsher viloyatida asosan tojik millatiga mansub aholi yashaydi. 1990 yillarda Tojikistonda fuqarolar urushi bo‘lib, minglab aholining hayoti xavf ostida qolganda, Afg‘oniston, asosan panjsherlik tojiklar ularga boshpana, oziq-ovqat bergan edi. Sharoitlari juda zo‘r bo‘lmasa ham qochqinlar uchun lagerlar qurib berilgan edi. Men ham u yerda bo‘lganman, hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.
Umuman, o‘sha vaqtda Panjsher rahbari, butun Afg‘onistonga ta’siri o‘tgan Ahmad Shoh Mas’udning shaxsan o‘zi Tojikistonda tinchlik o‘rnatish, tomonlarni yarashtirish uchun juda ko‘p ish qilgan. Albatta, Dushanbe bu yaxshiliklarni unutmaydi. Shu sababli ham Tojikiston panjsherlik qo‘zg‘olonchilarni qo‘llab-quvvatlagan.
Ikkinchidan, milliy yaqinlik - u yerda ham tojiklar, bu yerda ham tojiklar. Ba’zida hatto qarindoshlik darajasigacha yaqinliklar ham uchrab turadi. Mana shu ham Dushanbening bugungi kunda tutgan siyosiy pozitsiyasining yana bir sababi bo‘lishi mumkin.
Lekin aynan hozir u yerda biror jiddiy urush yoki janglar bo‘lishi mumkinligiga ishonish qiyin. Chunki - qish kelmoqda. Afg‘onistonda har doim qish mavsumida janglar to‘xtaydi, ayniqsa tog‘li hududlarda. Chunki sovuq boshlanadi, yo‘llar yopiladi va bunday sharoitilarda jang qilish ancha mushkul.
Emomali Rahmon BMT minbaridan turib keskin bayonot bilan chiqqanidan so‘ng, "Tolibon"ning jahli chiqdi, oddiy qilib aytganda, “o‘z mushaklarini namoyish qildi”. Shu bilan tamom. Rossiya bu yerda mutlaq to‘g‘ri pozitsiya egallab, tomonlarni tinchlikka chaqirdi.
- Tojikiston va "Tolibon" orasida qurolli mojaro bo‘lishi mumkinnmi?
- Xudo ko‘rsatmasin, agar vaziyat shu darajaga yetsa – juda qiyin bo‘ladi. Chunki Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi juda murakkab relef orqali o‘tgan va uni qo‘rishlash juda mushkul. Men ushbu chegarani ikkala tomonga ham bir necha bor kesib o‘tganman. 1980 yillarda Sovet Ittifoqi ushbu vazifa uchun ulkan kuchlar sarflagandi, lekin baribir iloji bo‘lmagan edi.
Ikkinchidan, agar "Tolibon" biror tajovuzkorona harakatlar qilsa, harbiy mutaxassislar aniqroq aytishi mumkin, lekin, menimcha, Tojikiston armiyasi bugungi kunda ularga samarali qarshilik ko‘rsata olishga qodir emas.
Uchinchidan, u yerda biror jang bo‘lsa, keyin uni to‘xtatish qiyin bo‘ladi. Chunki Sharqda. urush qurbonlari unutilmaydi, qasos olish tuyg‘usi kuchli. Shuning uchun ham bu yerda tinchlik va yana tinchlik kerak.
Umuman olganda "Tolibon"* chegarani kesib o‘tmoqchi ham emas. Ular buni har doim ta’kidlab kelgan. Lekin, ISHID*, “Al-Qoida*” kabi chet davlatlardan kirib kelgan jangarilar tomonidan ana shunday chiqishlar sodir etilishini kutish mumkin.
Bunday ekspansiyaning eng xavfli tomoni – hech qanday to‘siqlarni tan olmaydigan, diniy ekstremistik g‘oyalardik. Ularning kirib kelishi eng yomoni oqibatlarga olib kelishi mumkin.
- Toshkent bu borada Tojikistonga biror ta’sir o‘tkazishi mumkinmi?
- Afg‘oniston shimolida, Jauzjon, Shibergan, Mozori Sharif tomonlarda o‘zbeklar juda ko‘p. O‘zbekistonda prezident almashganidan so‘ng Afg‘oniston bilan munosabatlar ancha yaxshilandi. Chegarani kesib o‘tish qoidalari, viza olish tartibi soddalashtirildi. Albatta, afg‘onlar bundan minnatdor.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi uncha katta emas va u juda yaxshi qo‘riqlanadi. Bu yerda tikanli sim va boshqa barcha to‘siqlar bor. Shu sababli ham narkotiklar tashib o‘tish ko‘proq Tojikiston tomonidan kuzatilmoqda.
Ushbu ehtimoliy mojaroda Toshkent ham, albatta, tinchlik tarafdoridir va u o‘z fikrini KXSHT va boshqa hamkorlik tashkilotlari doirasida Tojikistonga yetkazadi.
- AQSH nega Afg‘onistonda muvaffaqiyatsizlikka uchradi? Ular yana nima qilmoqchi?
- AQSH so‘nggi 20 yil ichida Afg‘onistonga milliardlab pullarini sarflab, oxirida deyarli hech narsani amalga oshirmay qochib ketishdi. Rostini aytsam, men bundan hayron qoldim.
Yaqinda Pentagon vakili Kongressda nutq so‘zlagan edi. Uning aytishiga ko‘ra, AQSH Afg‘onistonda o‘z missiyasini oxirga yetkazmagan.
Shu sababli ham ular Rossiyaga Markaziy Osiyo davlatlariga murojaat qilib, u yerda joylashgan harbiy bazalaridan foydalanish istagini bildirishgan.
- Markaziy Osiyodagi harbiy bazalar AQSHga nima kerak?
- Ushbu hududda o‘z ta’sini saqlab qolish uchun. Bu yerdan turib ham Afg‘onistonga, ham Xitoyga va Pokistonga ham Markaziy Osiyo va Rossiyaga ta’sir o‘tkazish mumkin. Hozircha ular buni ehtiyotkorlik bilan so‘ramoqda, lekin vaqt o‘tishi bilan ular buni uchun qat’iy turib olishi mumkin. Biz shundan hushyor bo‘lishimiz kerak.
* Rossiya va boshqa davlatlarda ta’qiqlangan terrorchi tashkilotlar. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi