13:48 / 10.02.2022
1 157

Saudiya Arabistoni: ikki muqaddas masjidda robotlar! Ularning o‘z vazifasi bor...

Saudiya Arabistoni: ikki muqaddas masjidda robotlar! Ularning o‘z vazifasi bor...
11 tilda so‘zlashuvchi robot.
Saudiya Arabistoni hukumati Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi ikki muqaddas masjidda robotlar xizmatini yo‘lga qo‘ydi. «Temirtan» xizmatchilar Zamzam suvini tarqatish bilan shug‘ullanadi.

Ikki muqaddas masjiddagi robotlar inson aralashuvisiz 5 soatdan 8 soatgacha ishlaydi. Foto: SPA
Robotlar inson aralashuvisiz 5 soatdan 8 soatgacha ishlaydi. Tejamkor akkumulatorlar texnikaning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Robotning pastki va yuqori kameralari hamda lazer uzatuvchi qurilma bexato harakatlanishga ko‘mak beradi.

Ikki muqaddas masjid boshqarmasi hojilar va ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun endilikda eng so‘nggi ilm-fan texnologiyalaridan keng foydalanilishini ma’lum qilgan.

Yaqin o‘n yillargacha asosan neft-gaz gaz eksportiga asoslangan Saudiya Arabistoni podshohligi keyingi yillarda iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etishga harakat qilmoqda.

O‘tgan hafta Riyoz shahrida bo‘lib o‘tgan LEAP 2022 anjumanida Saudiya axborot texnologiyalari va kommunikatsiya vaziri Abdulloh al-Svaha podshohlik kelajak texnologiyalarini rivojlantirish uchun 6,4 milliard dollar mablag‘ ajratishini ma’lum qildi. Bu sirada raqamli tadbirkorlik, startaplar, texnologik ixtiro va yangi ishlanmalarga e’tibor qaratiladi. Qolaversa, ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhit hamda ekologiyani muhofaza etish, barcha jabhalarda tejamkor texnologiyalardan foydalanishga ustunlik beriladi.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon g‘oyasi asosida mamlakat shimoli-g‘arbida barpo etilayotgan NEOM – kelajak shahrida ham robototexnikadan keng foydalanilishi ko‘zda tutilgan. 500 milliard dollarli loyihaga ko‘ra, shahar-davlatda quyosh, shamol kabi muqobil energiya manbalaridan istifoda etiladi. Mutaxassislarga ko‘ra, NEOM shahridagi o‘n minglab robotlar murakkab-mushkul vazifalarda insoniyat og‘irini yengil qiladi. Robotlar xavfsizlik, naqliyot kabi strategik sohalardan tortib, qariya va nogironlarga g‘amxo‘rlik qilish kabi maishiy yo‘nalishlarga qadar odamlar koriga yaraydi.

500 milliard dollarli loyiha doirasida barpo etilayotgan NEOM “robotlar shahri” deb ham atalmoqda. Foto: WSJ
Sun’iy aql hamda robototexnikani izchil va keng qamrovda joriy etish Saudiya iqtisodiyotini ikki baravarga oshirib, 1,6 trln dollarga yetkazishi kutilmoqda. Yangi texnologiyalar 2030 yildayoq 293 milliard dollar qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini beradi. Dunyo bo‘yicha robototexnika bo‘yicha yetakchi tahlil markazi tadqiqotlari ana shundan dalolat beradi.

Ayni paytda Saudiyada restoran biznesida ham robotlardan unumli foydalanilmoqda. “Temirtan” ofitsiantlar dastlab koronavirus avj olgan paytda, ehtiyot chora sifatida xizmatga qo‘yilgan bo‘lsa, endilikda ular tobora ommalashib bormoqda.

Saudiya bu borada dadil tajriba va sinovlarga qo‘l urmoqda. Mamlakat ta’lim vazirligi bir muddat avval «Teqany» (Texnik) deb atalgan robotni xodim sifatida ishga qabul qilgan edi. Sun’iy intellekt sohibi bo‘lgan xodimning majburiyatlari mijozlarga xizmat ko‘rsatish, so‘rovlar o‘tkazish hamda buyruqlarni tegishli bo‘limlarga yetkazishdan iboratdir.

2017 yilda robototexnika olamida yana bir shov-shuvli hodisa ro‘y berdi. Riyozda tashkil etilgan xalqaro anjumanda Hongkong shirkati tomonidan taqdim etilgan «Sofiya» robotiga Saudiya Arabistoni fuqaroligi berildi. O‘shanda dunyoda ilk bor robotga fuqarolik berilishi kelajak texnologiyalarning shiddat bilan o‘sayotganiga ramziy ishora o‘laroq baholangan edi.

S.Salim

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saudiya Arabistoni: ikki muqaddas masjidda robotlar! Ularning o‘z vazifasi bor...