Foto: Aussiedlerbote
O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalari sohasida jiddiy islohotlar boshlanishi kutilmoqda. 2022 yilning 10 fevral kuni prezident Samarqandga tashrifi davomida shaharda tezlikni pasaytirib, tirbandliklarni kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, tez orada poytaxt Toshkentda tezlik ko‘pi bilan 60 kilometr/soatgacha belgilanishi ham aytildi.
Davlat rahbari 11 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektorda mamlakatda 2021 yilda 10 mingdan ziyod avariya sodir etilgani va 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgani, 2,5 mingga yaqin odam (263 nafar bola) halok bo‘lgani haqida gapirdi. Bundan tashqari, qoidabuzar haydovchilar uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi, yo‘l harakati qoidalari ancha eskirgani va ularning xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishi qayd etildi.
Ushbu voqealar fonida «Daryo» yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ilg‘or mamlakatlardan biri — Germaniyada qoidabuzarlarga qarshi qanday kurash olib borilishi haqida ma’lumot beradi.
Germaniyada yo‘l harakati qoidalarini muttasil buzuvchilariga nisbatan o‘ziga xos jazo chorasi keng tarqalgan bo‘lib, uning nomi «Idioten test», ya’ni «Ahmoqlar uchun test» deb nomlanadi. Agar Germaniyada ketma-ket 3 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan bo‘lsangiz, hukumat sizni «ahmoq» deb hisoblaydi va 3 oyga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qiladi. Keyin esa sizni «Idioten test»ga yuboradi.
Masalan, birinchi marta yo‘l harakati qoidalarini buzdingiz — shahar ichida tezlikni soatiga 20 kilometrga oshirdingiz (darvoqe, Germaniyada shahar ichida cheklangan tezlik 50 kilometr/soatni tashkil qiladi). Birinchi marta katta miqdordagi jarima bilan qutilasiz. Sizga qoidabuzarlik qayd etgan mashinangizning fotosurati xat orqali yuboriladi. Xatda to‘lanishi kerak bo‘lgan jarima miqdori ham ko‘rsatiladi.
Germaniyada jarimalar miqdori juda katta. Nemislar qonunni buzuvchilarga nisbatan qat’iy va shafqatsiz munosabatda bo‘ladi. Masalan, shahar ichida tezlikni oshirishganlik uchun belgilangan jarimalar 70 yevrodan (865 ming so‘mdan ortiq) boshlanadi. Tezlik qancha yuqori bo‘lsa, jarima miqdori ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Piyodalar yurish yo‘lagi, veloyo‘laklardan foydalanish qoidalarini buzish esa 100 yevroga tushadi (1 million 200 ming so‘mdan ortiq).
Shunday qilib, yo‘l harakati qoidalarining birinchi buzilishi yaxshigina summa yozilgan kvitansiyaga olib keladi. Ikkinchi qoidabuzarlik birinchisiga nisbatan kattaroq jarima bilan jazolanadi. Agar siz uchinchi marta qoida buzsangiz, u holda uzoq muddat yodingizdan chiqmaydigan sinovdan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi.
Nemis rasmiylari agar ketma-ket uchinchi marta yo‘l harakati qoidalarini buzsangiz, sizni shunchaki «ahmoq» deb hisoblaydi. Avvaliga 3 oyga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘lasiz, bu haqda pochta orqali xabar qilinadi. Keyin esa sizdan «Idioten test»dan o‘tish talab qilinadi. Tayyorgarliksiz testdan o‘ta olmaysiz, shuning uchun psixolog bilan 40 ta mashg‘ulotda qatnashish kerak bo‘ladi. Har bir dars bir soat davom etadi va 100 yevro turadi. Har bir darsdan so‘ng sizga dars bajarilgani va uning puli to‘langanini tasdiqlovchi muhr bosilgan hujjat beriladi. Avtomobil boshqaruvi paytida o‘zingizni qanday tutishni o‘rgatadigan barcha 40 ta darsda qatnashib, 4000 yevroni to‘laganingizdan so‘ng «Idioten test»ga qabul qilinasiz.
Testdan oldin o‘tilishi kerak bo‘lgan tibbiy tekshiruvlar, turli analizlar va boshqa yugur-yugurlar alohida mavzu. Bu bosqichlardan o‘tguncha qoidabuzar aniq tavbasiga tayanib bo‘ladi.
Foto: «Germania.one»
Endi esa «Idioten test» haqida. Ko‘pchilik birinchi urinishda testdan o‘ta olmaydi, chunki unda chalg‘ituvchi savollar ko‘p. Quyida «Idioten test»da tushadigan ba’zi savollardan namunalar taqdim etiladi.
1. Monaning otasining beshta qizi bor: Lala, Lele, Lulu va Lolo. Beshinchisining nomi nima?
Javob: Mona.
2. Elektrpoyezd shimoldan janubga qarab harakatlanmoqda. Shamol esa janubdan shimolga qarab esyapti. Shunda poyezddan chiqadigan tutun qaysi yo‘nalishda bo‘ladi?
Javob: Elektrpoyezddan tutun chiqmaydi.
3. Ikki ota va ikki o‘g‘il baliq ovlashga ketdi. Ular jami 3 ta baliq tutdi, lekin har biri uyga bittadan baliq olib keldi. Bu qanday sodir bo‘lishi mumkin?
Javob: Baliq oviga o‘g‘il, ota va bobo borgan.
4. Men sizga qo‘llarimni ko‘rsataman. Ularda 10 ta barmoq bor. 10 ta qo‘lda nechta barmoq bor?
Javob: 50 ta.
5. Ikkita samolyot Londondan Berlinga uchmoqda. Biri 1 soat-u 15 daqiqa parvoz qiladi, ikkinchisi esa 75 daqiqa. Berlinga qaysi samolyot tezroq yetib boradi?
Javob: Ikkalasi bir vaqtda yetib boradi.
Haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish uchun Germaniyada ancha-muncha mablag‘, vaqt va albatta, asabni sarflash kerak bo‘ladi. Bunday choralar qoidabuzar kelasi safar rulga o‘tirishdan oldin ming marta o‘ylab, keyin qaror qabul qilishini ta’minlash uchun yo‘lga qo‘yilgan. Germaniyadagi kabi qoidabuzarlarga qarshi kurash choralari faqat korrupsiya bo‘lmagan holatlarda samara berishi allaqachon isbot talab qilmas aksiomaga aylanib bo‘lgan.
Yoqubjon Bobojonov tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi