07:30 / 18.02.2022
1 085

AQSH Rossiya chegaradagi qo‘shinlarini oshirishda davom etayotganini aytmoqda

AQSH Rossiya chegaradagi qo‘shinlarini oshirishda davom etayotganini aytmoqda
Foto: Reuters
AQSH hukumatidagi yuqori martabali mansabdorlardan biri Rossiyaning qo‘shinlarini Ukraina chegarasidan olib ketayotgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi. Uning tasdiqlashicha, so‘nggi kunlarda chegara hududiga yana 7 ming harbiy olib kelingan. Rossiya mudofaa vazirligi ham qo‘shinlarni olib ketish haqida emas, mashg‘ulotlarning bir qismi yakunlangani haqida bayonot bergandi. Qolgan mashg‘ulotlar davom etmoqda, Donbassdagi otishmalar haqidagi xabarlar ortidan rubl kursi qulay boshladi.

Yana 7 ming harbiy
Anonim manba bir necha nashrlar jurnalistlari qarshisida shu ma’lumotni aytgan. Bu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tahdidiga baho ilk bor shunday formatda berilishi emas. Manbaning ma’lum qilishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun yolg‘on bahonadan foydalanishi va bu «istalgan vaqtda» sodir bo‘lishi mumkin (Vashingtondagilar avval ham shu kabi prognozlar berishgandi).

AQSH prezidenti ma’muriyatidagi amaldorning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda chegaraga yana 7 mingga yaqin harbiy xizmatchilar joylashtirilgan, ularning bir qismi chorshanba kuni kelgan. Reuters va Bloomberg agentliklari u bu so‘zlari uchun biror dalil keltirmaganiga e’tibor qaratgan.

Seshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi vakili G‘arbiy va Janubiy harbiy okruglar bo‘linmalari o‘z harbiy garnizonlariga qayta boshlashi haqida ma’lum qilgandi. Dushanba kuni harbiy mashg‘ulotlarning bir qismi yakunlanayotgani haqida vazir Sergey Shoygu anons qilgandi. Rossiyalik harbiylar bu kontekstda Ukrainani tilga olmagan, ammo 2014 yilda bosib olingan Qrimni tark etayotgan harbiy texnikalar videosi namoyish etilgandi.

«Kecha Rossiya hukumati qo‘shinlarini Ukraina chegarasidan ortga qaytarayotganini ma’lum qildi. Bu bayonot AQSHda ham, butun dunyoda ham barchaning e’tiborini tortdi. Ammo endi biz bu haqiqat emasligini bilamiz», - deydi Axios portali muxbiri bilan suhbatda anonim manba. U Moskva faqat «so‘zda» diplomatiyaga tayyorligi, amalda «urushga tayyorlanishi»ni aytdi. Dushanba kuni Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov diplomatiyani davom ettirish muhimligini qayd etgandi.

«Biz faqat aksini ko‘ryapmiz»
Bu borada ochiq bayonotlar ham berildi. «Rossiya nima demoqdayu, Rossiya nima qilmoqda. Biz hech qanaqasiga ularning harbiylari olib ketilayotganini kuzatmayapmiz. Biz hamon muhim bo‘linmalar chegara tomonga harakatlanayotganini ko‘rmoqdamiz, chegaradan ketayotganini emas», dedi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.



Uning hamkasbi - AQSH Davlat departamenti rasmiysi Ned Prays ham jurnalistlarga Vashington Rossiya tomonidan keskinlikni yumshatish uchun harakat qilinganini ko‘rmayotganini aytdi: «Biz buning aksiga guvoh bo‘lyapmiz. So‘nggi haftada va hatto so‘nggi kunlarda chegaradagi rossiyalik jangchilar soni ko‘paydi. Ular jangovar pozitsiyalar sari harakatlanishmoqda, bu esa xavotir uyg‘otadi».

Shuningdek, Prays Vladimir Putinning Donbassdagi genotsid haqidagi hech qanday asossiz so‘zlaridan ham tashvishga tushgan, uning fikricha, bunday bayonotlar Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar uchun bahona o‘laroq qo‘llanishi mumkin.

Seshanba kuni Putin bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Germaniya kansleri Olaf Shols 1999 yilda Yugoslaviyada genotsid xavfi bo‘lgani va vaziyatga NATO aralashgani haqida gapirgandi. «Bizning baholarga ko‘ra, bugungi kunda Donbassda bo‘layotgan ishlar, - bu genotsid», - deya fikr bildirgandi o‘shanda Putin.

Keyingi kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi Donbassda o‘tgan yili «beshta ommaviy qabr» aniqlangani holati yuzasidan jinoiy ish ochdi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu qabrlarga Ukraina qurolli tuzilmalari tomondan yo‘llangan artilleriya zarbalari qurboni bo‘lgan tinch aholi vakillari ko‘milgan.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki esa bu jinoyat ishi dezinformatsiya va bosqin uchun bahona bo‘lishi mumkinligini aytdi. U ruslarning hujumi istalgan daqiqada boshlanishi mumkinligini istisno qilmagan.

Oq uy xabariga ko‘ra, Bayden va Shols Ukraina atrofidagi inqirozni va Rossiya hujumga o‘tgan taqdirda, NATOning sharqiy qanotini mustahkamlash masalasini muhokama qilgan.

Rossiya Ukraina bilan chegarada o‘z harbiy salohiyatini oshirayotgani, bu esa Moskvaning qo‘shinlar olib ketilayotgani haqidagi bayonotiga zid kelishi haqida Britaniya razvedka xizmati Jim Hokenhall ham gapirgandi. «Biz Rossiya harbiylarini Ukraina chegarasidan olib ketganiga oid dalillarni ko‘rmadik. Bayonotlardagi gaplarga ters o‘laroq, Rossiya Ukraina yaqinida harbiy qudratini oshirishda davom etmoqda», - degan kamdan kam hollarda jamoatchilik uchun bayonot bilan chiquvchi general Hokenhall.

Hokenhallning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina chegaralari tomon qo‘shimcha zirhli texnikalar, vertolyotlar va dala gospitallari olib kelinmoqda. «Rossiyada bostirib kirish uchun harbiy kuch yetarli», - deya xulosa qiladi general.

AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainaga hujum qilish ehtimolini «juda yuqori» deb baholadi. «Rossiyaning Ukrainaga hujumi yaqin kunlarda boshlanishi mumkin», degan u.

Avvalroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg rossiyalik harbiylar chegaradan olib ketilayotganining belgilarini ko‘rmayotganini aytgan, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BBC muxbiriga bergan intervyusida shunday degandi: «Hozircha hech qanaqa qo‘shinlar olib ketilishini ko‘rmadik. Biz bu haqda faqat eshitdik».

Avvalroq Amerika nashrlari razvedka xizmatlaridagi manbalariga asoslanib, Rossiya Ukrainaga 16 fevral kuni bostirib kirishi mumkinligi haqida yozgandi. Bosqin ro‘y bermadi.

Ukraina bilan chegarada 100 mingdan oshiq qo‘shin to‘plaganiga qaramay, Moskva bir necha bor qo‘shni davlatga bostirib kirish rejasi yo‘qligini bildirgan. Rossiya hukumati harbiylarni o‘z hududida harakatlantirish o‘z huquqi ekanini ta’kidlagan, G‘arbning bosqin bo‘yicha xavotirlarini «jazavaga tushish» deb atagan.

Bu vaqtda rossiyalik harbiylar Janubiy harbiy okrugda, ya’ni Ukraina bilan chegara yaqinida yangi manyovrlar - maxsus topshiriqli bo‘linmalar ishtirokida taktik-maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgani, unda shartli raqib hududida harakatlanish bo‘yicha mashqlar amalga oshirilayotganini ma’lum qilishdi.

Donbassdagi otishmalar
Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar payshanba kuni Ukraina tomonidan artilleriya zarbalari berilgani haqida ma’lum qildi.

«So‘nggi bir kunda tutashuv chizig‘ida vaziyat keskinlashdi», dedi LXR militsiyasi vakili Yan Leshchenko. U sakkiz marta o‘t ochilgani, jumladan 120 mm kalibrli minomyot va granatomyotlardan foydalanilganini aytgan. Luganskning Donbass bo‘yicha kontakt guruhidagi vakili Rodion Miroshnikning so‘zlariga ko‘ra, LXR qurolli bo‘linmalari bunga javoban Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalarini o‘qqa tutgan.

DXR Gorlovka Ukraina harbiylari tomonidan minomyot bilan o‘qqa tutilgani haqida xabar bergan. «Leninskoye posyolkasidan Gorlovkaga (Gagarin nomidagi posyolkaga) 82 mm kalibrli 16ta mina, Mayorskadan Gorlovkaga (Izotov nomidagi posyolkaga) 82 mm kalibrli 16ta mina uchirildi», - deyiladi xabarda. DXRdagilar ham tutashuv chizig‘ida keskinlik oshayotganini ma’lum qilgan.

O‘z navbatida, Ukraina shtabi ayirmachilar Stanitsa Luganskayadagi bolalar bog‘chasiga zarba berganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, artilleriya zarbalari chog‘ida snaryadlardan biri binoga kelib tushgan, natijada binoda bo‘lgan ikki ayol jabrlangan - ularda konfuziya holati kuzatilgan.

Ukraina shtabi kun boshidan buyon dushman tomon sukunat rejimini 29 bor buzgan, shundan 27 holatda - Minsk kelishuvlariga zid o‘laroq qurol qo‘llangan: 122 mm kalibrli artilleriya, 120 mm kalibrli minomyot va tanklarga qarshi granatomyotlardan otilgan.

Snaryadlardan biri Marinka shahri markazida, maktab yaqiniga, «Proliska» gumanitar missiyasi ofisidan 100 metr masofaga tushgan. Bu haqda feysbuk sahifasida yozgan missiya rahbari Yevgeniy Kaplinning ma’lumotiga ko‘ra, buning oqibatida bir ayol jarohatlangan.

«Vaziyat keskinlashmoqda. Biz kun davomida Rossiya chegarada zarbdor salohiyatini saqlab qolayotgani haqidagi xabarlarni eshitdik. Ammo gap o‘z hududimiz haqida ketmoqda. Ammo hech kim, G‘arbning biror vakili tutashuv chizig‘ida Ukraina qurolli kuchlarining ulkan zarbdor salohiyati gapirmadi», dedi Peskov jurnalistlarning Kreml Donbassdagi vaziyatga qanday baho berishi haqidagi savoliga javoban.

DXR va LXRning bayonotlari hozircha tasdiqlanmagan. YEXHTning kuzatuv missiyasining kunlik hisobotida aytilishicha, hozircha tutashuv chizig‘ida keskinlik o‘sganini qayd etilmagan. Kun davomida missiya o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishi bilan bog‘liq 24 holatni qayd etgan, shundan beshtasi portlash. Bir kun oldin 17 qoidabuzarlik ro‘y bergandi.

«Interfaks»ning yozishicha, Donbassdagi vaziyat keskinlashgani haqidagi xabarlar ortidan rubl va aksiyalar tushgan. Grivna kursi ham pasaygan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Rossiya chegaradagi qo‘shinlarini oshirishda davom etayotganini aytmoqda